Ota-ona xuddi ikki ko‘z kabidir: biri o‘ng, ikkinchisi chap. Agar ularning biridan judo bo‘lsang, ko‘rishing xiralashadi. Ikkisini ham yo‘qotsang, ko‘r bo‘lib qolasan. Ularni ikki ko‘zingni saqlaganingdek avayla!
وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا
Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt. (Isro surasi, 24-oyat).
Farzand ota-onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U o‘z rahmatini xokisorlik ila ota-onasiga pastlatib, poyandoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh taolodan rahm-shafqat tilab duo qilib turishi lozim.
Ota-onani hurmatlash, e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi Islomga teng ham, yaqin ham kela olmaydi. Ota-onaning hurmati, farzand ustidagi haqqi to‘g‘risidagi oyatlar, hadislar, islomiy hikmatlar, musulmonlar hayotidagi tajribalar, dunyo tarixida bu borada misli ko‘rilmagan oliymaqom narsalar ekanligi ma’lum va mashhurdir.
Hofiz Abu Bakr al-Bazzor Burdaydadan, u kishi o‘z otalaridan qilgan rivoyatda quyidagilar keltiriladi: «Bir odam ziyoratda onasini ko‘tarib yurib tavof qildirayotgan ekan. U Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan:
«Onamning haqqini ado qildimmi?», deb so‘rabdi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Yo‘q, bir oh tortishining haqqini ham ado qilganing yo‘q», degan ekanlar.
Demak, biz doimo o‘z ota-onamizga yaxshilik qilishimiz kerak. Agar bizga biror va’z qilsalar, ularga doimo quloq tutishimiz kerak. Sababi, albatta, ota-onamiz bu hayotda bizdan ko‘p hayot kechirganlar, bizdan ko‘p tajribaga egalar. Biz farzandlar ota –onamizni doimo aytganlarini qilib, ularni e’zozlashimiz, avaylab – asrashimiz lozim. Chunki ota –onamiz biz uchun bu hayotning ma’nosidirlar.
Ota-onamiz bizlarning eng yaqin insonlarimizdir. Bizni ular tushungani kabi hech kim tushuna olmaydi. Ular bizning bu hayotdagi keng yoyilgan qanotlarimizdir. Ular doim yonimizda bo‘lsalar biz ko‘klarga parvoz qilamiz. Ota- onalar esa doimo o‘z farzandini kamolini, iqbolini va baxtini ko‘rishni orzu qilib hayot kechiradilar.
Ular o‘zlarini emas, doimo farzandlarini o‘ylaydilar. Shu sabab biz farzandlar bir narsani aniq bilib qo‘yishimiz lozim: Biz uchun bu hayotda o‘z ota-onamiz kabi fidoyi insonlar bo‘lmaydi. Hech kim ular kabi biz uchun qayg‘urmaydi. Agar har bir ota-onamizga aytayotgan gapimiz oldidan mana shu haqida bir fikr qilsak, menimcha, ota-onamiz va biz-farzandlar orasida hech qanday ziddiyatlar kuzatilmaydi, hamda ota-onamizni ranjitib ham qo‘ymaymiz.
Ota-onani ranjitish muqaddas islom dinimizda gunohi kabiralardan hisoblanadi. Ota-onanini yoki ulardan birini ranjitish faqatgina gunohi kabilardan birigina bo‘lib qolmay, bunday ishdan so‘ng ota-onani ranjitgan ularni norozi qilgan farzand hech qachon baxtli, go‘zal iqbolli bo‘lmaydi. Sababi, u o‘z ota-onasiga shu kabi muomala qilgani uchun unga Allohning rahmati tushmay qo‘yadi.
Demak biz farzandlar doimo o‘z ota-onamizga quloq tutishimiz lozim. Ular bizni koyisalar faqat: ,,Ho‘p bo‘ladi onajon yoki ho‘p bo‘ladi otajon!” deb aytishimiz lozim. Shundagina biz kelajakda yaxshi inson bo‘la olamiz. Hattoki bizning farzandlarimiz ham, albatta, biz kabi bo‘ladilar. Chunki biz o‘z ota- onamizga qanday go‘zal munosabatda, qanchalik mehribon bo‘lsak , bizning farzandlarimiz ham bizga xuddi shunday bo‘ladilar. Axir bu dunyo – qaytar dunyodir.
Xadichai Kubro ayol-qizlar
o‘rta maxsus islom bilim yurti
Axborot- resurs markazi rahbari M. Saidjalolova
O‘MI Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati