Bugun 25 sentyabr kuni Islom dunyosining mashhur olimi shayx Muhammad Avvoma hazratlari Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmon majmuadagi Mo‘yi muborak madrasasida saqlanayotgan “Hazrati Usmon Mufhafi”, alloma Qaffol Shoshiy maqbarasi, Toshkent islom instituti va O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi.
Dastlab Shayx hazratlari Mo‘yi muborak madrasasida saqlanayotgan “Hazrati Usmon Mufhafi”ni ziyorat qilib, O‘zbekistonda Islom diniga oid ma’naviy meroslar juda ko‘pligi, eng tabarrugi shubhasiz, “Hazrati Usmon Mus'hafi” ekanini e’tirof etdi.
Shundan so‘ng mehmon majmuadagi Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasini ziyorat qildi. Ziyorat davomida allomaning hayoti va faoliyatidan lavhalarni so‘zlab berdi. Jumladan, u kishining “Qaffol” degan nomni olishlari, qirq yoshdan keyin ilm olishni boshlaganlari haqidagi nodir ma’lumotlarni gapirib berdi.
Muhammad Avvoma hazratlari peshin namozini Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida mudarris va talabalar bilan birga ado qildilar. Namoz yakunida Oliy Ma’had faoliyati va talabalar haqqiga duoi xayrlar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ushbu martabali mehmon bilan muloqot o‘tkazdilar. Uchrashuvda muftiy hazratlari O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan xayrli islohotlar haqida batafsil so‘zlab berdilar.
Shayx hazratlari O‘zbekiston zaminiga kelishni 61 yildan buyon intiqib kutganlari, Alloh taoloning fazli va marhamati ila ushbu xayrli safarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lganlarini bayon qildilar.
Muhammad Avvoma hazratlari oxirgi yillarda O‘zbekistondagi din sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga xayrli duolar qilib, eng ezgu tilaklarini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Botirxon domla Ro‘ziyevning padari buzrukvorlari Joniqul otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Botirxon domla Ro‘ziyevga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz