Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446

Odam alayhissalomning qanday mo‘jizalari bo‘lgan?

24.09.2018   9143   7 min.
Odam alayhissalomning qanday mo‘jizalari bo‘lgan?

Alloh taolo O‘z fazlu marhamati ila jamiki maxluqotni yaratgach, O‘zining yanada go‘zal ijodini namoyon etishga qaror qildi. U Odam alayhissalomni va uning avlodlarini yaratdi, ularni Yer yuziga tarqatib yubordi, so‘ng esa ularga haq yo‘lni ko‘rsatib, hidoyatga boshlovchi rasullarini yubordi. Alloh taolo muborak Kalomida:

وَلِكُلِّ أُمَّةٍ رَّسُولٌ فَإِذَا جَاء رَسُولُهُمْ قُضِيَ بَيْنَهُم بِالْقِسْطِ وَهُمْ لاَ يُظْلَمُونَ

Har ummatning o‘z Payg‘ambari bordir. Qachonki ularga Payg‘ambarlari kelsa, oralarida adolat ila hukm chiqarilur. Ularga zulm qilinmas” (Yunus, 47);

إِنَّا أَرْسَلْنَاكَ بِالْحَقِّ بَشِيراً وَنَذِيراً وَإِن مِّنْ أُمَّةٍ إِلَّا خلَا فِيهَا نَذِيرٌ

Albatta, Biz seni haq ila xushxabarchi va ogohlantirguvchi etib yubordik. Qaysi bir ummatki bo‘lsa, unda ogohlantirguvchi bo‘lgan” (Fotir, 24).

Har bir rasul va nabiy o‘z ummatiga Alloh taoloning haqiqatini yetkazgan. So‘zlarining rostligini tasdiqlash uchun ularga maxsus ilm va mo‘jizalar ato qilingan. Mo‘jizaning allaqanday sehrgarlik yoki fokusga aslo aloqasi yo‘q. U faqat Buyuk Yaratuvchining bemisl qudratini namoyon etish uchun Rabbimizning O‘zining irodasi ila sodir bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan qilgan hadisi sharifda “Payg‘ambarlarning barchasiga odamlar ularning gaplari rostligiga ishonishi uchun maxsus bilimlar ato qilingan. Mening mo‘jizam – Qur’oni karimdir. Umid qilamanki, Qiyomat kunida o‘tgan jamiki payg‘ambarlar ummatidan mening ummatimning soni ko‘p bo‘ladi” (Imom Buxoriy), deyilgan.

Insoniyatning otasi va birinchi payg‘ambar Odam alayhissalomga Alloh taolo ko‘plab mo‘jizalar ato qilgan.

Odam alayhissalomning Alloh taoloning xalifasi bo‘lib yaralishi

Parvardigorimiz Odamni yaratib, uni yer yuziga O‘zining xalifasi etib tayinlashini farishtalariga xabar qilgani quyidagi oyati karimada bayon qilingan:

وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلاَئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُواْ أَتَجْعَلُ فِيهَا مَن يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاء وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لاَ تَعْلَمُونَ

وَعَلَّمَ آدَمَ الأَسْمَاء كُلَّهَا ثُمَّ عَرَضَهُمْ عَلَى الْمَلاَئِكَةِ فَقَالَ أَنبِئُونِي بِأَسْمَاء هَـؤُلاء إِن كُنتُمْ صَادِقِينَ

قَالُواْ سُبْحَانَكَ لاَ عِلْمَ لَنَا إِلاَّ مَا عَلَّمْتَنَا إِنَّكَ أَنتَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ

قَالَ يَا آدَمُ أَنبِئْهُم بِأَسْمَآئِهِمْ فَلَمَّا أَنبَأَهُمْ بِأَسْمَآئِهِمْ قَالَ أَلَمْ أَقُل لَّكُمْ إِنِّي أَعْلَمُ غَيْبَ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَأَعْلَمُ مَا تُبْدُونَ وَمَا كُنتُمْ تَكْتُمُونَ

Esla, vaqtiki Rabbing farishtalarga: "Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman", dedi. Ular: "Unda fasod qiladigan, qon to‘kadigan kimsani qilmoqchimisan? Va holbuki, biz Senga tasbih, hamd aytib va Seni ulug‘lab turibmiz", dedilar. U: "Men siz bilmaganni bilaman", dedi. Va U zot odamga ismlarning barchasini o‘rgatdi, so‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qildi. Keyin: "Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, anavilarning ismlarini Menga aytib bering", dedi. Ular:"Ey pok Parvardigor! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sening O‘zing biluvchisan va hikmatli zotsan", dedilar. U zot:"Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini aytib ber", dedi. Ularga o‘sha narsalarning ismlarini aytib bergan chog‘ida, "Men sizlarga osmonlaru yerning g‘aybini bilaman va sizlar berkitmaganu berkitgan narsalarni ham bilaman demabmidim", dedi (Baqara, 30-33).

Yovvoyi hayvonlar bilan so‘zlashishi

Odam alayhissalomga yovvoyi hayvonlar bilan muomala qilish, ya’ni ularni qo‘lga o‘rgatib xonakilashtirish ilmini ham o‘rgatdi va unga ming yilga yaqin umr ato qildi. Shu vaqt mobaynida uning juda ko‘p avlodlari tug‘ildi va dunyo bo‘ylab tarqalib ketdi. Odam alayhissalom ularning makonlariga borar va haq yo‘lidan saboqlar berar edi. Bir safar navbatdagi qabilaning maskaniga borib ulardan hol-ahvol so‘raganida, qabiladagilar o‘rmonda yashaydigan yirtqich hayvonlardan shikoyat qiladi.   

– Shu vaqtga qadar hayvonlar bu qadar shafqatsiz emas edi. Yirtqichlar bizga to‘satdan tashlanib qoladi, biz buning sababini bila olmayapmiz, – deydi ular. Shunda Odam alayhissalom tepalikka chiqib baland ovozda:

– Ey o‘rmondagi yovvoyi hayvonlar, tezda mening oldimga kelinglar, – deydi.  

Bu chaqiriqni eshitib, hayvonlar uning atrofida jam bo‘ladi.

– Bu odamlar mening bolalarim va avlodlarim! Siz nega ularga tashlanyapsiz, nega yashashiga qo‘ymayapsiz? Ular sizdan shikoyat qilmoqda, – deydi hayvonlarga.

– Bu qabila orasida g‘iybat va mish-mish avj olib ketdi. Alloh taoloning irodasi ila biz ularga jazo sifatida tushirildik, ular ana shu illatlaridan tavba qilmagunlaricha bu hol davom etaveradi, – deb javob qildi hayvonlar.

Bu javobni eshitgan qabila ahli hayratdan yoqa ushlab qoldi. Odam alayhissalom qabilaga yuzlanib:

– Ey bolalarim, qilgan gunohlaringizga tavba qiling va g‘iybatchilikka va mish-mishlarga barham bering, – deydi. 

Odamlar tavba qilib, hidoyat yo‘ilga tushib oldi va shundan keyin yirtqich hayvonlarning ular bilan ishi bo‘lmay qoldi.

Uzoq masofani qisqa vaqtda bosib o‘tishi

Odam alayhissalomning yana bir mo‘jizasi – uning uzoq masofani qisqa vaqtda bosib o‘tishidir. Odam alayhissalom bilan Havvo onamiz yerga tushirilganda Alloh taolo ularni bir-biridan juda uzoq masofaga tushirgan: Havvo onamiz Arabiston yarimorolidagi hozirgi Jidda shahri hududiga tushgan bo‘lsa, Odam alayhissalom Shri-Lanka orollariga tushgan. Ular bir-biridan ayriliqda 40 yil (ayrim rivoyatlarda 200 yil) yashagan deyiladi. Nihoyat Alloh taolo ularning tavbasini qabul qilib, birlashishga izn berganida tong chog‘i yo‘lga chiqqan Odam alayhissalom peshin vaqti kirmasdan Havvo onamizning qoshiga yetib kelgan edi. Bunga o‘xshash hodisalar ularning hayotida ko‘p bo‘lgan va u bir necha bor Hindistonga borib kelgan.

Toshdan sizib chiqqan suv manbai

Oradan yillar o‘tdi, Odam alayhissalomning avlodlari soni tobora ko‘payib boraverdi. Ularning orasida ba’zilari haq yo‘lidan toyib ketdi va Alloh taoloning hukmlarini bajarishdan bo‘yin tovlay boshladi. Masalan, Odam alayhissalomning o‘g‘li Qobil va uning farzandlari qirq yil dindan uzoqda yashadilar. Qirq yildan so‘ng Alloh taolo Odam alayhissalomga:

– Qobilning avlodlarini haqqa da’vat et! – deb amr qildi.

Odam alayhissalom ularning qabilasiga borib haq yo‘liga da’vat eta boshladi. Ammo qanchalik harakat qilmasin, qavm uning gaplariga quloq solmadi. a nihoyat kunlarning birida ular bobokaloniga:

– Bizga  bir mo‘jiza ko‘rsating, shundan keyin biz sizga ishonamiz, – dedilar.

– Aynan qanday mo‘jiza ko‘rishni istaysiz? – deb so‘radi Odam alayhissalom.

Ular bir katta toshni ko‘rsatib:

– Ana shu toshdan suv chiqsin, – dedilar.  

Shunda Odam alayhissalom qo‘lini toshga qo‘ydi va toshdan tiniq va shirin suv otilib chiqdi. Bu mo‘jizani ko‘rib ular imonga keldi va Odam alayhissalom sajda qilib avlodlari yashaydigan qishloqqa sersuv buloq ato qilgani uchun Alloh atologa hamdu sano aytdi.

Damin JUMAQUL tarjima qildi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

23.05.2025   1659   3 min.
Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi. 
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.

Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.

Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.

— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.

Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.

Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
 Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman. 
   Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi. 

Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".