Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar” deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
Yuz yillar muqaddam Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari: “Taraqqiy etgan millatlarning onalari o‘qitur ekan, biz avval onalarimizni o‘qitib ularga til o‘rgatmog‘imiz kerak. Chunki bizning ilm va tilsizligimiz ulardandir”, deya bong urgan edi.
Bu bong hanuzgacha o‘z jarangida qolmoqda. Millatimizning yetuk namoyondalari hayotiga nazar tashlasak, ularni aynan onalari ilmli qilib tarbiyalaganlarini ko‘ramiz: Muqimiy onasi Oyshabibidan, Munavvarqori onasi Xosiyatxondan, Fitrat onasi Bibijondan, Isoqxon Ibrat onasi Hurbibidan tarbiya va ilk ilm sirlarini o‘rgangan.
Abdulla Avloniy: “Tarbiyani kimlar qiluv? Qayda qilinur” degan savolga, “Birinchi – uy tarbiyasi. Bu ish ona vazifasidir” deya javob bergan.
Afsuski, bugunni kunda aksar ayollarimizning mashg‘ulotlari kiyim-kechak, gap-gashtak, qozon-tovoq, mehmon kutish, teleserial ko‘rish, oldi-qochdi mavzularga boy gazetalar o‘qish, ijtimoiy tarmoqlarga termilib o‘tirishdan nari o‘tmaydi. Bu holat uchun asosan erlar javobgarlikni bo‘yinlariga olishlari darkor.
Modomiki, ayollar farzand tarbiyasiga so‘nggi vazifa sifatida qarab yoki uni boshqalarga topshirib mas’uliyatsizlik ko‘rsatar ekan, millatimiz shafqatsiz dardga giriftor bo‘lishi turgan gap. Bola onadan tarbiya olmas ekan, uni hech bir muallim tuzata olmaydi.
X.Xolboyev,
Bekobod tumani Ulug‘bek jome masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan samimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi.
Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, oilaviy masalalar, haj, ish, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati