Kamtar boshliq eng afzal odam sanalishidan tashqari, eng ko'p faoliyatli kishi hamdir, zero, u doim xatolarini e'tirof etishga, ergashuvchilariga yorug'lik ulashishga tayyor bo'ladi. Boshqalardan ta'lim olaveradi. Bu esa kamtarona boshliqlik sifatlaridandir.
Kamtar odam nafsni boshqarishga eng qudratli odam hisoblanadi. Nafsni boshqarish ayni vaqtda muvaffaqiyatli hayot kalitlaridandir.
Kamtar inson o'ziga juda kam e'tibor beradi, natijada ig'vogarlik qilinadigan o'rinlarda ham o'zini boshqara biladi. Boshqalarni qanday bo'lsa shundayligicha qabul qiladi, ular bilan bog'lanishi, mustahkam aloqalarni o'rnatishi oson bo'ladi.
Kamtar odam “Butun olam mendan qarzdor”, “Mening mavqeyim boshqalarnikidan baland” kabi xayollardan xoli bo'ladi. U hamma narsani yaxshi qabul qilshim, kechiruvchan bo'lishim, shaxsiy fikrlarimni boshqalarnikidan Afzal ko'rib, o'zimni oqlamasligim kerak, deb biladi.
Kamtar tolibi ilm, talabalar ichida eng ilmlisi bo'ladi, xuddi chuqur erda suv ko'p bo'lgani kabi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh bandani kechirimliligi tufayli faqat va faqat qadrini ko'taradi. Qaysiki banda Alloh oldida o'zini kamtar tutsa, Alloh uni yuqorilatadi” (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kamtarlar sayyidi edilar, buyuk qadr-qimmatlari, oliy maqomlaridan tashqari u zotda kibr, dimog'dorlikdan asar ham bo'lmagan. Mo'minlarga qanotlarini pastlatar, ularga kattalik qilmasdilar, ular orasida o'tiganda xuddi ulardan bo'lgan bir oddiy odam singari o'tirardilar. Tashqaridan kelgan odam u zotni ajrata bilmasdi, chunki to'g'ri kelgan joyga o'tirib ketaverardilar. Savol so'rab kelgan begona odamlar “Muhammad kim?” deya so'ragani ham bejizga emas!
Abu Zarr va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari orasida o'tirar edilar, begona odam kelsa, payg'ambar qaysi birlari ekkanini ajrata olmay so'rardi. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga alohida joy qilishni qasd qildik, toki begona odam kelsa, bilishi uchun. Tuproqdan minbar qurdik, keyin unga o'tiradigan bo'ldilar, biz esa atroflarida o'tirar edik” (Abu Dovud rivoyati).
Kamtarlik bilimsiz odamninig bilimsizligini satr qiladi. Kibr esa aksincha, bilimli odamning fazlini yo'qqa chiqaradi. Oqil odam daraxtning shoxiga o'xshaydi, kattalashgani sari enkayib, kamtarlashib boradi.
Bir rivoyatda aytilishicha, Ali roziyallohu anhu go'sht sotib olib, yopinchiqlariga solibdilar. Odamlar: “Ey mo'minlar amiri, keling, sizdan olaylik”, deyishibdi. Shunda u zot: “Yo'q, boshliq odam ko'tarishga haqliroq”, degan ekanlar.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, Qur’on matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham ma’lumotlar taqdim etilishi kutilyapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasi bo‘yicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qo‘lyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Zalda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi to‘plangan bo‘lib, bu yurtimizda Qur’onga bo‘lgan hurmat va e’tiborni namoyon etadi. Qo‘lyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:
- “Katta Langar Qur’oni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qo‘lyozmalardan biri;
- Hazrati Usmon Qur’oni — Qur’onning ilk nashrlaridan biri bo‘lib, islom olamida muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, boshqa davrlarga oid ko‘plab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qo‘lyozmalar namoyish qilinadi. Bu qo‘lyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ularni o‘rganish orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Muhokamada Qur’on zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qo‘llash, ya’ni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:
interaktiv ekranlar – har bir qo‘lyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini ko‘rib chiqish imkoniyati;
audiogidlar (ovozli yo‘lboshchilar) – har bir eksponat haqida o‘zbek, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar tinglash imkoniyati;
virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qur’on zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;
Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qo‘lyozmalarni zarar yetkazmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.
Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qur’on nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va san’at darajasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishadi.
Mazkur zal faqat ko‘rgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham bo‘ladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.
Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar bo‘limi boshlig‘i, olim:
– Qur’oni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qur’on matni qanday saqlanib qolganini ko‘rsatadi va o‘rganishimizga zamin yaratadi. Qur’on zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.
Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, ma’naviyat va bag‘rikenglik markazi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qur’on zali esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
cisc.uz