Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Kitob – millatning madaniy va ma’naviy merosi

20.09.2018   8308   8 min.
Kitob – millatning madaniy va ma’naviy merosi

Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda,

G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amgin zamonda,

U bilan qol tanho, hech bermas ozor,

Joningga yuz rohat beradi takror.

Abdurahmon JOMIY        

 

Islom – ilmu ma’rifatga targ‘ib qiluvchi din. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda ilm olishga undash ma’nosi borligining o‘zi ham Islom ilmu ma’rifat dini ekanining yorqin dalilidir: "O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq, 1).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bunday deganlar: "Sulaymon ibn Dovud alayhissalomga ilm, mol-dunyo va podshohlikdan birortasini tanlashlik. ixtiyori berilganda, u ilmni tanladi. Natijada, Alloh taolo unga ilm bilan birga mol-dunyo va podshohlikni ham qo‘shib berdi". Zero, ilm – aql chirog‘i deydilar. Ilmli kishining yo‘li doimo charog‘on bo‘lib, u hamma yerda qadrlanadi. Bu dunyoning qoim turishi ham olimlarning ilmiga bog‘liq ekani Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarida bayon etilgan. Hazrati Ali roziyallohu anhu shunday deganlar: "Ilm mol-dunyodan yaxshidir, chunki ilm seni nojoiz ishlarni qilishdan saqlaydi. Molni esa o‘g‘irlab ketmasliklari uchun o‘zing qo‘riqlaysan. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa tarqatish bilan yanada ziyoda bo‘laveradi".

Kitob – insonnint eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar deb hisoblagan. Shuning uchun kitobta muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimiznint qon-qoniga singib ketgan. Kishining madaniyati uning kitobida aks etadi. Shu ma’noda, butungi kunda kitob o‘qish va unga munosabat bir qadar susaygandek. Chunki yoshlar ko‘proq kino, video, televideniye, kompyuterga berilib ketdi. Kompyuter hozirgi kunda ko‘pgina xonadonlarga ham kirib kelgan. Istalgan yangiligu axborotlarni bu vositalardan xohlagancha olish mumkin. Achinarlisi, bugun kitob o‘qish  uchun vaqt sarflashga hojat yo‘qdek. Aslida hech bir axborot vositasi, kino yoki videofilm badiiy asar o‘rnini bosolmaydi. Masalan, "O‘ttan kunlar" romani asosida ishlangan film qanchalik mahorat bilan suratga olingan bo‘lmasin, kitobning ta’sirini, jozibasini berolmaydi. Kitobxonlik oiladagi muhitga ham bog‘liq. Ma’rifatli oilalarda kitobga e’tibor farzandlar tarbiyasida qo‘l keladi. Inson o‘zining fikrlash qobiliyati, ma’naviyat dunyosi bilan tirik. Odamni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi omillardan biri ham uning ma’naviyati hisoblanadi.

Xo‘sh, biz insonlar ma’naviy oziqni qayerdan olamiz? Albatta, "bilimlar manbai" bo‘lmish kitobdan. Kitob – bebaho boylik ekani barchamizga ma’lum. Birorta san’at turini televideniye va radio, zamonaviy kompyuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. "O‘zimdagi barcha yaxshi xislatlarim uchun kitobdan minnatdorman", degan edi o‘z davridagi allomalardan biri.

Darhaqiqat, kitob bizning do‘stimiz hisoblanadi. Lekin afsuski, bugungi kunda oramizda bu bebaho-ma’naviy boylikdan bahramand bo‘lish o‘rniga "Internet kafe"larda vaqtini behuda o‘tkazayotgan yoshlar uchrab turadi. Avvallari na kompyuter, na internet bo‘lgan. Ota-bobolarimiz "Boburnoma", "O‘tkan kunlar", "Mehrobdan chayon" singari bebaho asarlarni o‘qib ulg‘aygan. Xo‘sh bugunchi? Ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar internetni kitobdan afzal bilishadi. Shu o‘rinda bu zamonaviy axborat vositasining salbiy oqibatlari ham yo‘q emas. U tufayli bugun kitobga bo‘lgan mehr tobora kamayib boryapti. Unutmaylikki, kitob bizning eng yaxshi do‘stimizdir. Biz qancha ko‘p kitob o‘qiganimiz sari, tushunchamiz shuncha kengayadi. Afsuski, ko‘p yoshlar internetni kitobdan ustun qo‘ymoqda. Bu esa ularni dangasalikka giriftor qilmoqda. Kitob bu – oftob, u – bilimlar sarchashmasi. Kitobni inson tafakkurining qanotlariga o‘xshatishgan. Zero, tafakkuri, fikr doirasi keng ma’rifatli kishilar jamiyatnint chinakam boyligidir. Aksincha, hayotda ro‘y berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi esa ma’rifatsizlik, kitob o‘qimaslikning achchiq mevasi. Temirni zang kemirganidek, odamni ham ma’naviyatsizlik mo‘rt qiladi. Ma’naviyat esa insonga kitob o‘qish orqali yuqadi. Har qanday yangilik ham bir kun eskiradi, biroq insoniyatning ming-ming yillar davomida qo‘lga kiritgan aqliy hamda fikriy durdonalarini o‘zida jamlagan kitob aslo eskirmaydi.

Binobarin, kitob hamisha ilm-ma’rifat, odob-axloq manbai bo‘lib kelgan. Bugungi kunda yosh avlodni milliy qddriyatlar ruhda tarbiyalashda ham kitobdan ko‘ra qudratliroq vosita yo‘q. Inson aqliy salohiyatining yuksalishida kitobning o‘rni beqiyos. Zero, kitob tufayli dunyoqarashimiz boyib, tafakkurimiz yanada o‘sib boraveradi. Ne-ne ulug‘ zotlar kitobga oshno bo‘lib, yetuklikka erishgan, komil inson darajasiga yetishganlar.

Kitob – inson ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manbaa hisoblanadi. Kitob o‘qigan inson mulohazali, bilimli bo‘lib, yuksak tafakkuri ila boshqalardan o‘zining dunyoqarashi va fikrlashi bilan ajralib turadi. Kitob bilan oshno bola yaxshi inson bo‘lib ulg‘ayadi. Shuning uchun ham oilada, bog‘cha va maktablarda bolalarning kitobga mehrini, adabiyotga qiziqishini oshirish ota-onalarning, o‘qituvchilarning vazifasi.

Ko‘p kitob o‘qigan kishining saviyasi yuqori, muomala madaniyati yuksak, hayotda o‘z o‘rni bo‘ladi. Biroq bugungi kunda qanchadan-qancha kitoblar, kitob javonlari va do‘konlarida shunchaki ko‘rgazma sifatida turibdi. Tabiiy savol tug‘iladi: Nega shunday? Nima uchun kitob o‘qimay qo‘yyapmiz?

Ming afsuski, kitob o‘qish o‘rniga qimmatli vaktini qandaydir bekorchi holatlarga, turli ko‘ngilochar o‘yinlarga sarflayotgan insonlar ham oramizda oz emas. Undaylar fikrlashda, o‘zini tutishda ham ma’naviyati yuksak emasliklarini namoyon etib ko‘yishadi. Texnika asri davrida yashayapmiz, kundan-kunga texnik vositalar taraqqiylashib, ularga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormokda. Xususan, qo‘l telefonlari, turli internet tizimini bunga misol qilishimiz mumkin. To‘g‘ri, Yurtimizda yoshlarga keig imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Chunki millatimiz sha’nini, milliy g‘ururimizni yuksaltiruvchi bu – yoshlar. Shu bois, turli millat va elatlarning yoshlari kabi o‘zbek yoshlari ham dunyo bilan muloqotda bo‘lishi kerak. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin ayrim yoshlar berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga, internetdagi ko‘ngilochar o‘yinlar, tanishuvlar, yoshlar ongini zaharlovchi saytlarga kirib, u yerdagi ma’lumotlar bilan tanishmoqdalar. Buning oqibatida ularning dunyoqarashi bir tomonlama bo‘lib qolmoqda.

O‘tmishda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug‘ida kitob mutolaa qilganlar. So‘z mulkining sultoni Navoiy hazratlari 4 yoshida Fariduddin Attorning "Mantiq ut-tayr" asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Imom al-Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi ham bo‘lmagan. Lekin ular o‘z maqsadlari sari intilib, yuksak ma’naviyat sohibiga aylanishgan. Demak, biz uchun berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish har birimizning o‘zimizga bog‘liq. To‘qlikka sho‘xlik esa o‘zbek millatining yoshlariga xos sifat emas. Aslini olganda, ayrim yoshlarimiz bunday loqaydlikdan yiroq. Ular o‘zlarining hur fikrligi va yuksak ma’naviyati bilan ajralib turadi. Biroq guruch ko‘rmaksiz bo‘lmagani kabi insonlar orasida ham ma’naviy qashshoq kishilar yo‘q emas. Bundaylarning loqaydliklari natijasida "yengil hayot" ixlosmandlari safi ortib bormoqda. Oqibatda kitob o‘kish unutilmoqda. Ma’naviyati sayoz, kitob o‘qimaydigan insonlar oilasida tarbiya topayotgan farzandlar kelajakda barkamol shaxs bo‘lib ulg‘aymaydi.

Shu bois, har bir inson bilimlar kaliti bo‘lmish  kitob bilan do‘st bo‘lmog‘i lozim.

Atoqli adibimiz Oybek ta’rificha, kitob – tafakkurning tolmas qanoti. Shu ma’noda aytish mumkinki, kitob – insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasidir. Biz shunga erishishimiz kerakki, farzandlarimiz uchun kitob eng bebaho sovg‘a bo‘lsin. Shundagina farzandlarimiz biz orzu qilgandek, ma’naviy yetuk, teran fikrlay oladigan, katta va kichikka mehribon, Vataniga sodiq, insofli, diyonatli va olijanob insonlar bo‘lib kamol topadilar.

 

Odiljon NARZULLAYEV,

Zangiota tumani “Imomi A’zam” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

23.05.2025   2778   3 min.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.


1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).

Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.


2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).

Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.


3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).

Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.


4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.

Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.

U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.

U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.


5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).

Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.


Xulosa:

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.

Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.