Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Arafa kuni kechasi, ya'ni, hayit kuniga o'tar kechasini bedor o'tkazish.
Hayit kuniga o'tar kechani Qur'on tilovati, zikr, tasbih va nafl namozlar bilan o'tkazish ulkan savoblarga sabab bo'ladi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob umidida qoim qilsa, qalblar o'ladigan kunda uning qalbi o'lmas”, deganlar (Ibn Moja, Tabaroniy rivoyati).
2. G'usl qilish. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr, Azho va Arafa kunlari g'usl qilar edilar” (Ibn Moja rivoyati).
3. Eng yaxshi, yangi yoki toza kiyimlarni kiyish.
4. Hushbo'ylanish.
5. Qurbon hayiti namoziga chiqishdan oldin hech narsa emaslik. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayitida taomlanmasdan chiqmasdilar, qurbonlik kunida esa namoz o'qigunlaricha taomlanmasdilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Eslatma! Ba'zilar qurbon hayitida hech narsa emay namozga chiqishni noto'g'ri tushunib, kunning avvalgi yarmiga qadar ro'zani niyat qilish kerak, deyishadi. Shu bilan birga, o'sha kuni saharlikka turishadi va og'izlarini niyat bilan berkitib namozga chiqishadi. Hayit namozi o'qib bo'lingach esa, xuddi iftorlikdagi kabi og'izlarini ochishadi. Bunday qilish noto'g'ri. Hayit kunlarida ro'zani niyat qilish harom amal sanaladi. Qolaversa, yarim kunga ro'za niyat qilinmaydi.
6. Masjidga imkon bo'lsa piyoda va ertaroq borish. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda yurib chiqardilar” (Ibn Moja rivoyati).
7. Yo'lda tahlil (Laa ilaha illalloh), takbir (Allohu akbar) va tahmid (Alhamdulillah) aytish. “Allohu akbar, Allohu akbar, Laa ilaaha illallohu Allohu akbar, Allohu akbar va lillaahil hamd”.
8. Hayit namozidan oldin boshqa biror nafl namoz o'qimaslik. Masjidga borgandan so'ng tahiyyatul masjid yoki boshqa biror nafl namoz o'qimasdan zikr qilib o'tirish lozim.
9. Namozga bir ko'chadan borib, boshqasidan qaytish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday qilar edilar.
10. Hayit bilan muborakbod etish. Sahobalar: “Taqobbal Alloh minna va minkum (Alloh bizdan ham, sizdan ham qabul etsin)”, deb bir-birlarini bayram bilan tabriklashardi.
11. Ahli ayol va yosh bolalarni xursand qilish. Oilada bayram kayfiyatini paydo qilish, sovg'a-hadyalar ulashish kerak.
12 .Qavm-qarindosh, yosh ulug'larni ziyorat qilish.
13. Tanish-bilish, yoru do'st, qo'ni-qo'shnilarni bayram bilan tabriklash.
Qurbon hayitingiz muborak bo'lsin!
Davron NURMUHAMMAD
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muslim.uz
@muslimuzportal | @Muftiy_Nuriddin_domla | @mp3muslim | @diniysavollar
#xabar #haj2025
Bugun, 12 iyun kuni erta tongda yurtimiz hojilarining ilk guruhlari yurtimizga yo‘l olishdi.
Aytib o‘tish joiz, bu yilgi haj mavsumi har qachongidan ham fayzli, shukuhli o‘tdi. Haj arkonlarini bajarish uchun yurtimiz mo‘min-musulmonlariga Madinai munavvara, Makkai mukarramada yaratilgan shart-sharoitlarga ko‘plab musulmonlarning havasi kelganiga barcha guvoh bo‘ldi.
Ayniqsa, mehmonxonalar, Mino, Arafot vodiylaridagi qulaylik va imkoniyatlar, tibbiy va transport xizmatlari barchani mamnun etdi.
Endilikda ibodatlarni huzurlanib ado etgan, yuz-ko‘zlari porlagan, peshonalaridan nur balqigan hojilarimizning dastlabki guruhi diyorimizga qaytishmoqda.
Alloh taolo hojilarimizning hajlarini qabul aylasin. Farzandu anjumandlari bag‘riga eson-omon yetib olishsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati