Jannatmakon O‘zbekistonimizning dehqonu bog‘bonlari yil davomida qilgan mashaqqatli mehnatlarining natijasini ko‘radigan, hosilni sarhisob qiladigan kunlarga ham yetib keldik. Yurtimiz tuprog‘i serunum, go‘zal bog‘lari serhosil ekanligidan qanchalar g‘ururlansak arziydi. Bu ham Alloh taolo bizlarga ko‘plab yaxshiliklarni ato etishni xohlaganining alomatidir. Buning naqadar haqiqat ekanligini quyidagi oyati karimadan ham bilib olishimiz mumkin.
Ya’ni: "Yaxshi shahar (yeri)ning giyohi Robbining izni bilan (unib) chiqaveradi. Yomon (shaharning yeri esa) faqat unumsiz bo‘lur" (A’rof, 58).
Darhaqiqat, bozorlardagi to‘qin-sochinlik dalalardagi hosilning mo‘lligidandir. Barcha hosillar — oyatda ta’kidlanganidek — Parvardigorning izni bilanu chiqmokda. Demak, yurtimiz maqtovga loyiq diyordir.
Dehqonchilik va ziroat ulug‘ va fazilatli amaldir. Chunki ko‘plab oyati karimalarda bog‘lar va dalalarning hosili Alloh taoloning izni va irodasi bilan yetilishi bayon etilgan. Bu esa, dehqon va bog‘bonlarning mehnati Allohning nazari ostida ekanligiga va Alloh taolo ularga madadkor ekanligiga dalolat qiladi. Bunga misol tariqasida quyidagi oyatni keltirish mumkin:
Ya’ni: "Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan) boqsin! Biz (osmondan) suvni mo‘l yog‘dirdik. So‘ngra yerni giyohlar bilan yordik. So‘ngra Biz unda donlarni undirdik, uzum va ko‘katlarni zaytun va xur-molarni, qalin daraxtzor bog‘larni, mevayu giyohlarni ham. Bular sizlar uchun va chorva hayvonlaringiz uchun manfaatdir" (Abasa, 24 — 32).
Ushbu oyatlarda barcha hosillar Alloh taolo tomonidan insonlarga rizq qilib berilgani bayon etildi. Inson esa o‘z rizqiga befarq munosabatda bo‘lishi mumkin emas. Hozir kuz fasli davom etmoqda. Yil davomida qilingan mashaqqatli mehnatning natijasi bo‘lgan hosilni isrof qilmasdan yig‘ib olish va unga yordam berish barchamizning burchimizdir. Chunki shu hosillar bilan yurtimiz obod, dasturxonimiz to‘kin bo‘ladi. Bu yilgi hosil keyingi yillardagi farovon hayotimiz garovidir.
Shu o‘rinda kishloq joylarda uchraydigan bir muammo haqida ham so‘z yuritsak. Hali hosili to‘liq yig‘ib olinmagan paxtazor va dalalarda yoki yangi ekilgan bug‘doyzorlarda chorva hayvonlarini boqish, afsuski, odat tusiga kirib qolgan. Bu qanchalik og‘ir gunoh ekanligini Qur’oni karim oyatlaridan bilib olishimiz mumkin. Jumladan:
Ya’ni: "(Oldingizdan) ketganida yerda fitna-fasod, ekin va naslni halok qilish ishlari bilan yuradi. Alloh esa fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi" (Baqara, 205).
Ushbu oyatda ekinlarni payhon qiluvchilar fitnachilar bilan bir qatorda zikr etildi. Oqibatlari ham o‘xshashdir. Ya’ni, Alloh bunday buzg‘unchi kishilarni yomon ko‘radi.
Bunday kishilarga nisbatan turli xil moddiy jarima va jazolarning ko‘llanishi ham adolatdandir. Bunga Dovud (a.s.) va Sulaymon (a.s.)ning qissasi misol bo‘la oladi:
Ya’ni: "Dovud va Sulaymonning ekinzor xususida xukm qilgan kezlarini (eslang). O‘shanda unga qavmining quylari (tunda) kirgan (va uni payhon qilgan) edi. Biz ularning (chiqargan) hukmiga shohid edik. Bas, Biz uni Sulaymonga anglatdik..." (Anbiyo, 78-79).
Rivoyat qilishlaricha, Dovud va Sulaymon alayhimussalom oldilariga ikki kishi bir mojaro xususida hukm so‘rab keladi. Ulardan birining qo‘ylari ikkinchisining ekinzoriga kirib ketib, biron narsani sog qoldirmay payhon qilib chiqib ketgan edi. Dovud (a.s.) qo‘ylar ekinzor egasiga berilsin, deb hukm chiqaradilar. Buni eshitgan o‘g‘illari Sulaymon (a.s.) esa: "Yerni qo‘ylarning egasiga, qo‘ylarni esa ekinzor sohibiga berilsa-yu, qo‘ylarning egasi yerni o‘nglab, ekin ekib avvalgi holiga qaytargach, qo‘ylarini qaytarib olsa. Shu muddat ichida ekinzor sohibi u qo‘ylarning yungi, sutidan foydalanib, shu davrda tugilgan qo‘zilarni ham o‘ziga olib qolsa", — deydilar. Shunda Dovud (a.s.) Sulaymon (a.s.)ga qarab: "Ug‘ilcham, sening hukming to‘g‘riroqdir" — deb o‘zi chiqargan hukmlarini bekor qiladi.
Demak, keltirilgan zararni qoplash uchun ularni turli xil javobgarliklarga tortish juda o‘rinlidir.
Azizlar! Bu yil omborlarimiz bug‘doy bilan to‘ldi, paxtazorlarimizda mo‘l-hosil yetishtirildi. Fursatni g‘animat bilib, uni terib olishga hissa qo‘shish har bir O‘zbekistonlshsning burchidir.
Alloh taolo dehqonlarimizning hosillariga baraka bersin! Yurtimiz tinch va obod bo‘lsin!
Odiljon Narzullayev
Zangiota tumani «Imomi A’zam» jome masjidi imom xatibi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.