“Vaqf” xayriya jamoat fondi 2018-2019 o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan 6 sentyabr kuni Toshkent Islom institutining “Tahfizul-Qur’on” kafedrasining barcha ustoz va talabalariga yurtimizda nashr etilgan Qur’oni karimdan taqdim etdi.
“Masjid va madrasalar uchun kitob aksiyasi” doirasida amalga oshirilayotgan ushbu xayrli tadbirda talabalarga Qur’oni karim bilan birgalikda har bir guruhga bir donadan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub “Tafsiri hilol” kitobi ham berildi.
Vaqf xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari betobligi tufayli kitoblarni kafedra mudiri tarqatdi.
Qayd etish joiz, Toshkent Islom institutining “Tahfizul Qur’on” kafedrasi Qur’oni karimni yodlashga ixtisoslashgan yurtimizdagi yagona oliy dargoh bo‘lib, Jahongir qori Ne’matov kafedra mudiri hisoblanadi.
Ushbu ta’lim maskani Qur’oni karimni 2 oyda yodlab chiqqan va bir kunning o‘zida to‘liq yoddan o‘qib bergan yigitlarni yetishtirib chiqargan dargohdir.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi “Tahfizul Qur’on ” kafedrasi jamoasini yangi o‘quv yili bilan muborakbod etadi! Ushbu dargohdan dini, millati, vatanini yaxshi ko‘ruvchi qori yigitlar chiqishini Alloh taolodan so‘rab qoladi!
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi