O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdilar.
Muftiy hazratlari dastlab Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtida ma’naviy-ma’rifiy ishlari bilan tanishdilar, “Mustaqillik kuni” darsini o‘tdilar va talabalar bilan “Ilm olish fazilati” mavzusida suhbatlashdilar.
Uchrashuvda madrasa o‘qituvchisi Jumabek Iskandarov muftiy hazratlariga talabalar bilan dildan suhbatlashgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Tashrif davomida muftiy hazrat Imom Eshon Muhammad jome masjidi yonidan barpo qilingan konferensiya zalida qoziyot tizimidagi masjidlar imom-xatiblari va imom noiblari bilan samimiy muloqot qildi. Muloqot chog‘ida yurtimizdagi islohotlar, barcha sohadagi rivojlanishlar, jumladan, diniy sohadagi imkoniyatlar va o‘zgarishlar aytib o‘tildi. Shular qatori qoraqalpoq diyorida ham katta yangilanishlar yuz berayotgani, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Eshon Muhammad jome masjidining tubdan ta’mirlangani, atrofi obodonlashtirilgani, haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘iga aylangani, imom-xatiblar ishlarida ham o‘zgarishlar bo‘layotgani ta’kidlab o‘tildi.
Amudaryo tumani bosh imom-xatibi Abdurahmon Matsapayev “Muftiy hazratlarining vaqt ajratib yurtimizga kelishi – qoraqalpoq diyoriga bo‘lgan e’tibori, imom-xatiblar bilan samimiy suhbati diniy soha xodimlarining kuchlariga kuch qo‘shdi”, deb dil izhorini bildirdi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.
Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.
Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".
Homidjon qori ISHMATBЕKOV