Siyrat borasida gap ketarkan, u haqda yozilgan kitoblarni eslamay ilojimiz yo‘q.
Bu ilmni bizgacha yetib kelishida asosan ikki muhim omil: omonatdor ulamolar va ularning yozgan mo‘tabar asarlari xizmat qilgan.
Siyrat borasida ko‘p kitoblar yozilgan. Lekin, ularning hammasi ham bizgacha yetib kelmagan. Turli sabablarga ko‘ra, ba’zilari yo‘qolgan, yana ba’zilari qaysidir kutubxonalarda qo‘lyozma sifatida tadqiqot o‘tkazilishini kutib yotibdi.
Bizgacha yetib kelgan siyrat manbalari orasida «Shifo» kitobining alohida o‘rni bor.
Darhaqiqat, siyrat kitoblari orasida «Shifo»chalik ko‘p o‘qilgani bo‘lmasa kerak. Yozilganiga qarib 917 yil bo‘lgan bu noyob asar siyrat borasida muhim qo‘llanma bo‘lib kelayotir.
Mana necha asrlar o‘tgan bo‘lsada siyrat mutaxassislari unga turli katta – kichik sharhlar, hoshiyalar bitib kelmoqda. Hattoki, uni ixchamlashtirib muxtasar va nazm – she’riy ko‘rinishga keltirganlar ham bor.
Ulamolarning e’tirofiga qaraganda eng ko‘p sharh yozilgan kitob vatandoshimiz imom Buxoriy rahmatullohi alayhning «Sahih»lari ekan. Biz o‘rganayotgan «Shifo» kitobi ham ana shundan eng ko‘p sharh qilingan kitoblar sarasiga kirar ekan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha «Shifo»ga hozirga qadar 144 ta sharh yozilgan.
Ulamolarning maqtovlari:
Sa’d Tilimsaniy rahmatullohi alayh «An-najm as-saqib» kitobida keltiradi: «Solihlardan ba’zisi Qozi Abulfazlni vafotidan so‘ng tushida ko‘rganini aytadi.
U katta qasr ichida oyoqlari tillodan bo‘lgan taxt ustida o‘tirardi. Shunda menga bir masala haqida savol qilgan edi, aytdimki, ey janobim, u haqda «Shifo» nomli kitobingizda mana bunday, mana bunday degansiz.
Menga:
– Senda o‘sha kitob bormi? dedi.
– Ha, dedim men.
– Unday bo‘lsa uni qo‘lingdan qo‘yma. U sababli Alloh meni manfaatlan-tirdi va menga ko‘rib turgan narsangni berdi, dedi Qozi Iyoz.
Doktor Muhammad ibn Muhammad Abu Shubha o‘zining «As-siyratu fi zovil Qur’on vas Sunna» kitobida yozadi: «U shunday kitobki, agar uni tillo bilan yozilsa yoki torozida gavhar bilan o‘chansa albatta, oz hisoblanardi...
Hoy o‘quvchi! Uni mahkam tut. Uni qo‘lingdan qo‘yma».
Fransuz sharqshunosi Lui Massinon:
«Ovropa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fazilat va go‘zal sifatlarini tanishi uchun «Shifo» kitobini yevropa tillarining biriga o‘girish kifoya», degan edi.
Ovropalik bir insofli sharqshunos suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni shunday madh etib, siyratini o‘rganish va o‘rgatishga undab tursa–yu, biz ummatlar o‘rganish va tanishga haqli bo‘la turib u zotni yaxshi tanimasak...
«Kashfuz zunun» kitobi muallifi aytadi:
«Bu – manfaati katta, foydasi ko‘p, Islomda unga o‘xshashi yozilmagan kitobdir».
Alloma Muhammad ibn Muhammad Maxluf rahmatullohi alayh aytadi:
«(Muallif) uni yozishda yangilik qilgan. Odamlar kitobni tashib ketishgan. Uning nusxalari sharq–u g‘arbga yoyilgan».
Ba’zi Mavritaniyalik ulamolar Robi’ul avval oyida majlis qurib «Shifo» kitobini o‘qishni odat qilganlar.
Ibn Nosiruddin Dimashqiy u haqda haqli so‘z aytgan:
«Agar Qozi Iyozning «Ash shifa bita’rifi huquqil Mustofa» kitobidan boshqa tasniflari bo‘lmaganida ham uning qadri baland, shuhrati oliy bo‘lshiga kifoya qilar edi. Chunki u bu borada yangilik qilgan. «Shifo» muhim manba ekaniga ijmo qilingan, bellashganlar uning o‘zi kifoya qilishi bilan taslim etilgan, unga muhaddis va faqih suyanadigan, bobida yagona ekanligida tortishgan kishi malomat qilinadigan, Islom shaharlaridan birortasida yo‘q bo‘lishi mumkin bo‘lmagan kitobdir».
Kattoniy rahmatullohi alayh qalamiga mansub «Fihrisul fahoris»da keladi:
«Turra (shahri)da «An najm as soqib fima li avliyaillahi minal mafoxir val manoqib» kitobining qadimiy qo‘lyozmasini hoshiyasi bilan topdim. Unda:
«Ba’zi mashoyixlar aytadi: Insonlarga quyosh mashriqdan chiqib, mag‘ribga botadi. Biz Mashriqliklarga uzoq Mag‘ribdan boshqa bir quyosh chiqdi. U Qozi Iyozning «Shifo» kitobidir», deb yozilgan.
Qanchadan – qancha siyratga doir kitoblar bor. Lekin, «Shifo»dek emas.
«Shifo»ning dong‘i yetti iqlimga taralgan. Ummat uni chiroyli qabul qilgan va qilib kelmoqda. Undan xos – u om birdek foydalanadi. U deyarli barcha uylarda, kutubxonalarda, masjidlarda bo‘lgan. Hattoki, u haqda zorbul masallar ham aytilgan: «Shifo» bo‘lmaganida Mag‘rib tanilmagan bo‘lardi yoki «Shifo» bo‘lmaganida Qozi Iyoz tanilmagan bo‘lardi.
Ba’zi ahli ilmlar o‘z talabalariga «Shifo»ni o‘qitishga alohida urg‘u berib, ehtimom qaratadilar.
Oldinlari Mag‘riblik zobitlar askarlik xizmatini bajarganlaridan keyin Buxoriy va «Shifo»ni bo‘lib olib (o‘qishar) ekanlar.
Demak, xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, «Shifo» kitobi siyrat ilmi borasida yozilgan nodir manba, durdona asardir. Uni o‘rganish bugungi kunda ummat oldidagi muhim va dolzab vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, islom niqobi ostida o‘z qarashlarini yoyib, turli buzunchilik qilishga yoki «islamafobiya» nomi bilan muqaddas Islom dinimizni yomonotliq qilishga urinishlar avj olgan bir davrda.
Odamlarga dinimizning asl mohiyatini o‘rgatish, siyrat ilmi borasida to‘g‘ri tushuncha berish, adashganlarga raddiyalarni asl manbalardan keltirishda «Shifo» kitobi muhim qo‘llanma hisoblanadi.
Siz ham «Shifo»ni o‘qib o‘zingizdagi jaholat kasalini davolang. Zero, jaholatni ketkazish ma’rifat hosil qilish bilan bo‘ladi.
Kimning qalbi va tanida bo‘lsa dard,
Gar «Shifo»ni o‘qisa qolmagay gard.
Andijon shahar “Hazrati Bilol” jome masjidi
imom-xatibi
Ravshanbek O‘rinboyev
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:
«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.
«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.
Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.
Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.
عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».
Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Boshqa rivoyatlarda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.
U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.
عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi roziyallohu anhu:
«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.
«Suv», dedilar u zot.
Bas, u quduq qazidi va:
«Bu Ummu Sa’dga», dedi».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:
«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.
O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.
Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.
Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.
A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.
Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.
Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.
Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.
Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.
Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.
Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.
Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:
Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.
Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.
Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.
Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.
Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.
Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.
Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.
Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.
Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.
Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.
Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.
Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.
Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.
Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.
Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi