frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“O‘z-o‘zidan yasalgan qayiq”

05.09.2018   7809   2 min.
“O‘z-o‘zidan yasalgan qayiq”

Mashhur imomi A’zam Abu Hanifaning yoshlik yillari edi. U vaqtda Allohga ishonmagan, yaratiqlar o‘zi paydo bo‘lib qolganini iddao qiladigan bir odam bor edi. Bu odam borgan yerida suv haqida tortishar, bahslashardi. U bir kuni Kufa shahriga keldi. Bu yerdagi Musulmonlar bilan ko‘rishgach, ularga dedi:

— Sizlar hamma narsa Alloh tomonidan yaratilganini aytasiz. Men esa yaratiqlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganini aytaman. Shu haqida kim men bilan bahslashadi?

Musulmonlar unga shunday javob berishdi:

— Bizda bir yosh olim bor. Agar bahsda uni yenga olsang, seni ulug‘ ulamolarimiz bilan ko‘rishtiramiz. Ular seni qabul qilishadi.

Haligi odamga bu gap ma’qul bo‘ldi. Uchrashuv joyi va vaqtini belgilab tarqalishdilar.

Ertasiga belgilangan vaqtda xalq to‘plandi. Ammo Abu Hanifa kelmagan edi. Bahslashishni kutayotgan odam:

— Qani o‘sha siz maqtagan yosh olim, nega bu yerga kelmadi? Yoki men bilan bahslashishdan qochdimi, qo‘rqib ketgandir-da, deb kula boshlagan edi hamki, Abu Hanifa chiqib keldi.

Haligi odam undan: — Nega kech qolding? Bahslashishdan cho‘chidingmi, voz kechgandirsan-a? — dedi.

Imomi A’zam unga shunday javob berdi:

— Yo‘q, voz kechmadim. Hozir senga: Uyimiz daryoning narigi tomonida edi. O‘tish uchun kelsam, ko‘prik buzilib ketibdi. Endi daryodan qanday o‘tsam ekan, deb turgandim, qarasam, daraxtlar o‘z-o‘zidan kesilib, yo‘nilib, birlashib, qayiq bo‘lib qoldi. Qayiq o‘zi kelib, yonimda to‘xtadi. Unga minib, daryoni suzib o‘tdim va keldim” desam nima deysan?

Bu gaplarni eshitgan haligi odam kulgancha:

— Ey nodon bola! Qaysi zamonda daraxtlar o‘z-o‘zidan kesilib, yo‘nilib, qayiq bo‘libdi? Meni shu gaplarga ishonadi, deb o‘ylaysan chog‘i? — dedi. Abu Hanifa esa unga javoban:

— Asl nodon sen ekansan! Modomoki, bir qayiq (sol)ning o‘z-o‘zidan yasalganiga ishonmas ekansan, bu chek-chegarasiz borliqning o‘zi paydo bo‘lib qolganiga qanday ishonasan? Bir qayiqki o‘zidan o‘zi paydo bo‘lib qolmasa, butun borliq qanday qilib o‘zi paydo bo‘ladi?

Abu Hanifaning bu so‘zlaridan lol bo‘lib qolgan haligi odam o‘ylay boshladi. O‘ziga o‘zi: “Bu yosh yigitcha to‘g‘ri aytayapti. Rostdan ham bu olam o‘zi paydo bo‘lib qolmaydi. Demak, hamma narsaning bir yaratuvchisi bor!” dedi. So‘ng hammaning oldida kalimayi shahodatni aytib, musulmon bo‘ldi.

Turk tilidan Abdulatif Abdullayev tarjimasi
Manba

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Namozda qo‘l ko‘tarish

24.06.2025   13534   1 min.
Namozda qo‘l ko‘tarish

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:

Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi

imom-xatibi Sherzod Rahimov

Manba: t.me/softalimotlar

MAQOLA