Alloh Dovud va Sulaymonga (alayhimussalom) yerda hokimlik, mol-mulkda kenglik va ilmda baraka berdi. Yana ularga odamlarga qorong‘i bo‘lgan ko‘p narsalarni bildirdi. Shuningdek, ularga qurol-aslahalar berdi, jinlar, hayvon va hasharotlarni butunlay bo‘ysundirdi. “Qasamki, Biz Dovud va Sulaymonga (yetuk) bilim ato etdik va ular: “Bizlarni ko‘p mo‘min bandalardan afzal qilib qo‘ygan zot – Allohga hamdu sano bo‘lsin”, dedilar. Sulaymon (payg‘ambarlik va ilmda) Dovudga voris bo‘ldi va aytdi: “Ey odamlar, bizga qushlarning (va barcha jonvorlarning) tili bildirildi hamda (payg‘ambar va podshohlarga beriladigan) barcha narsalardan berildi. Albatta, bu ochiq fazlu marhamatning o‘zidir” (Naml, 15–16).
Alloh Dovudga (alayhissalom) tog‘ va qushlarni u bilan birga tasbeh aytadigan qilib bo‘ysundirdi. Yana unga sovut yasashni o‘rgatdi va temirni xamirdek yumshoq qilib berdi: “Aniqki, Biz Dovudga (ulug‘) bir fazl-martaba ato etdik: “Ey tog‘lar va qushlar, (Dovud) bilan birga tasbeh aytinglar!”. Va uning uchun temirni (xamirdek) yumshoq qilib qo‘ydik. (Va unga dedik): “Sovutlar yasagin va (ularni) to‘qishda aniq-puxta ish qilgin! (Ey Dovud xonadoni), yaxshi amal qilinglar! Zero, men qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchiman” (Saba’, 10–11). Dovud (alayhissalom) bu kabi ne’matlarga shukr qilar, Allohga tavba-tazarru bilan zikr, duo va tasbeh aytar, odamlar orasida haq bilan hukm chiqarar edi.
“Sulaymonga esa bo‘ronli shamolni (bo‘ysundirib) uning amri bilan biz muborak qilgan zaminga (Shomga) esadigan (qilib qo‘ydik). Biz barcha narsani bilguvchimiz. Yana shayton-jinlardan (Sulaymon uchun) g‘avvoslik qiladigan va bundan boshqa ishlarni ham ado etadigan kimsalarni (yaratdik). Va biz ularni (Sulaymonning amridan chiqib ketmasliklari uchun) qo‘riqlab turguvchi bo‘ldik” (Anbiyo, 81).
* * *
Bir qavmning toklari meva tukkan edi. Qavmning qo‘yi kirib uni yanchib tashladi. Dovud (alayhissalom) qo‘yni tok egasiga berishga hukm qildi. Sulaymon (alayhissalom): “Tok novdasini qo‘y egasiga beramiz. Tok uning uyida o‘z holatini tiklab olsin. Qo‘ydan esa tok egasi foydalanib tursin. Tok novdasi oldingi holiga qaytishi bilan o‘z egasiga, qo‘y ham o‘z egasiga qaytarilib beriladi”, dedi.
* * *
Hudhud Sulaymonning (alayhissalom) xabarchisi, suvli yerlar va askarlar manzili haqida xabar beruvchi “ko‘zi” edi. Kunlarning birida Sulaymon (alayhissalom) qushlarni ko‘zdan kechirayotib Hudhudni topa olmadi va g‘azablanib, uni koyidi. Hudhud bir qancha vaqtdan so‘ng qaytib keldi va Sulaymonga (alayhissalom): “Sen va lashkaring ogoh bo‘lmagan narsadan ogoh bo‘ldim va huzuringga Saba’ va ularning malikalari haqidagi xabarni keltirdim. Ularning katta saltanati bor ekan. O‘zlari aqlli, mol-mulkli va shu bilan birga jaholatda ekan. Ular quyoshga sajda qiladi va bu ishlarining mohiyatini tushunmaydi”, dedi.
Allohning payg‘ambarini mamlakatining yonginasida u bilmagan va da’vati yetib bormagan, hanuzgacha quyoshga sig‘inadigan saltanat bor ekani g‘azablantirdi. Unda din va payg‘ambarlik hamiyati junbushga keldi. Shaharga qudratli askarlari bilan bostirib borishdan oldin mamlakatning mushrika malikasini Islomga da’vat qilib, itoat va bo‘ysunishga chorlab, maktub yozdi. Maktubda xushmuomalalik bilan jiddiylik, payg‘ambar tavozesi bilan podshohning qat’iyati jamlangan edi.
Malika oqila edi, hukm chiqarishga oshiqmadi. Lekin hali hidoyat topmagan edi. Saltanat a’yonlarini bu maktub bilan tanishtirdi. Davlat arkonlari e’tibor qozonish va tilyog‘lamalik qilish maqsadida katta qo‘shin tortishni maslahat qilishdi. Ammo malika ularning so‘zlarini qabul qilmadi: “Men Sulaymonga hadyalar jo‘nataman va uni sinab ko‘raman. Agar hadyalarni qabul qilsa, u podshoh bo‘ladi. Shunda u bilan jang qilinglar. Agar tuhfalarni qabul qilmasa, u payg‘ambardir. Unga ergashinglar”, dedi.
Malika Sulaymonga (alayhissalom) hadyalar jo‘natdi. Sulaymon (alayhissalom) yuz o‘girib, ulardan voz kechdi. So‘ng: “Shirkingizda va mulkingizda qoldirishim uchun mol berib, men bilan savdolashmoqchimisiz? Alloh menga bergan mulk, boylik va lashkar siz ega bo‘lgan narsalardan yaxshiroq”, dedi.
Malika va qavmi bo‘ysundi. Sulaymon (alayhissalom) Allohga hamd aytdi. U malikaga Allohning mo‘jizalaridan birini ko‘rsatishni istadi. Jinlarga malikaning taxtiravonini otliq qo‘shin yetib kelguniga qadar keltirishlarini talab qildi. Oz fursat ichida Sulaymonning (alayhissalom) istagan narsasi ro‘yobga chiqdi. Bu mo‘jiza edi. Sulaymon (alayhissalom) malikaning farosatini sinash uchun taxtini tanimaydigan qilib, o‘zgartirib qo‘yishga buyurdi. «Bas, u kelgach: “Taxting shundaymidi?” deyildi. U: “Xuddi o‘shaning o‘zi”, dedi » (Naml, 42).
Sulaymon (alayhissalom) malika uchun oynadan ulkan qasr qurishni va qasr ostidan suv oqizib qo‘yishni buyurdi. Oyna haqida bilmagan kishi uni suv deb o‘ylardi. U oynani oqadigan va to‘lqillanadigan nozik suv deb tushundi, oyoqlarini ochib, uni kesib o‘tmoqchi bo‘ldi. Sulaymon (alayhissalom): “Bu chinnidan silliqlangan suv”, deb uni ogohlantirdi. Shunda malikaning qalb ko‘zidagi parda ochildi: zohirga qarab baholab, quyoshga ibodat qilib, adashganini bildi. Va: “Parvardigorim, darhaqiqat men (quyoshga sig‘inish bilan) jonimga jabr qilibman, (endi) Sulaymon bilan birga barcha olamlar xojasi – Allohga bo‘ysundim”, deyishga oshiqdi” (Naml, 44)
Alloh Sulaymonga (alayhissalom) hikmat berdi. Shuningdek, Alloh unga payg‘ambarlik berdi. Yahudlar tuhmatidan u zotni pokladi: “Sulaymon kofir emas edi. Balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar” (Baqara, 102). Va yana: “Biz Dovudga Sulaymonni hadya etdik. (Sulaymon) naqadar yaxshi bandadir. Darhaqiqat, u (Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lga) butunlay qaytguvchidir” (Sod, 30);
“Shak-shubhasiz (Sulaymon) uchun Bizning huzurimizda yaqinlik va go‘zal oqibat (ya’ni, jannat) bordir” (Sod, 40) deb marhamat qildi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَفَقَةُ الرَّجُلِ عَلَى عِيَالِهِ صَدَقَةٌ».
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining ahli ayoliga qilgan nafaqasi sadaqadir», dedilar.
Sharh: Darhaqiqat, ahli ayolga nafaqa qilish sadaqadir. Chunki bunda kishi vojib ibodatni ado etadi. Zotan, shariat hukmi bo‘yicha ahli ayolning nafaqasi vojibdir. Bu Alloh taoloning amridir. Shariatda ko‘rsatilgan amalni Allohning amrini bajarish niyati bilan qilish Alloh taoloning yo‘lida qilingan ish bo‘ladi. Shuning uchun o‘z ahli ayolimga bersam, sadaqaning savobidan mahrum bo‘laman, degan tushuncha noto‘g‘ridir. Aksincha, yaxshi niyat bilan, shariatning buyrug‘ini, Alloh taoloning hukmini ado etyapman, ahli ayolimning nafaqasi menga vojibdir, shuni haloldan ado etaman, deb harakat qilgan kishi ahlining nafaqasi tufayli ulug‘ ajrlarga erishadi.
عَنِ الْحَسَنِ يَرْفَعُ الْحَدِيثَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ مِنْ غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلَا إِقْتَارٍ كَانَتْ نَفَقَتُهُ بِمَنْزِلَةِ النَّفَقَةِ فِي سَبِيلِ اللهِ».
Hasandan rivoyat qilinadi: «Kishi ahli ayoliga isrof ham qilmay, juda siqib ham qo‘ymay nafaqa qilsa, Allohning yo‘lidagi nafaqa o‘rnida bo‘ladi».
Sharh: Ahli ayolga, ya’ni qaramog‘idagilarga qilingan nafaqada isrof qilish ham, xasislik qilish ham durust emas. Balki o‘rtacha, bir me’yorda nafaqa qilib borish Allohning yo‘lidagi nafaqa bo‘ladi.
Ahli ayolning nafaqasida isrofga yo‘l qo‘yish barcha holatlardagi isrof kabi noshar’iy ish hisoblanadi. Shu bilan birga, bu ish ahli ayolning haddidan oshishiga, odobsizliklarga qo‘l urishiga sabab bo‘lib qolishi ham mumkin.
Ahli ayolning nafaqasini siqib qo‘yish baxillikning yorqin namunasidir. Bu nafaqadagi kishilarning haqqini poymol qilishdir.
Barcha ish va holatlardagi kabi, bu ishda ham o‘rtacha bo‘lish ma’qul. Zotan, dinimiz vasatiylik – o‘rtacha yo‘l tutish dinidir.
Alloh taolo Furqon surasida aytadi: «Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, bu ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar» (67-oyat).
Arab tilida «infoq» – «nafaqa» iboralari mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda «birovga sadaqa qilish», «ehson qilish» ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.
Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lishi kerak. Mol-dunyoni hech qachon isrof ham qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.
Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulklarini havoyi nafslariga binoan tasarruf qilishlariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-harishga ishlatish man qilingan.
Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» degan nomni berib, musulmonlar isrofdan qaytarilgan. Mol-mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – esi past deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning mol-mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.
Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama ularning haqlarini olib beradi.
Isrofgarchilik va xasislikni tanqid etib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan.
عَنْ أَبِي الْمُخَارِقِ قَالَ: خَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزَوةِ تَبُوكَ فَطَلَعَتْ نَاقَتُهُ، فَقَامَ عَلَيْهَا سَرِيعًا، فَمَرَّ بِهِ رَجُلٌ، فَقَالَ لَهُ بَعْضُ أَصْحَابِهِ: مَا رَأَيْنَا كَالْيَوْمِ رَجُلًا أَجْلَدَ وَلَا أَقْوَى لَوْ كَانَ فِي سَبِيلِ اللهِ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى صِبْيَةٍ صِغَارٍ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى وَالِدَيْهِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى نَفْسِهِ لِيُغْنِيَهَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى رِيَاءً وَسُمْعَةً فَهُوَ لِلشَّيْطَانِ».
Abul Muxoriqdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqdilar. Tuyalari kelib qoldi. Unga tezda mindilar. Shunda oldilaridan bir kishi o‘tib qoldi. Hamma o‘sha kishiga qaradi. Shunda sahobalardan biri u zotga: «Bugungiga o‘xshash baquvvat, chapdast odamni hech ko‘rmagan edik. Qani endi u Allohning yo‘lida bo‘lsa», dedi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar u o‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u o‘zining behojatligi uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir», dedilar».
Sharh: Demak, mo‘min-musulmonlar riyokorlikdan, xo‘jako‘rsinchilikdan, falonchi gapiradi, pistonchi kuladi, falonchini qoyil qilib qo‘yay, kabi bandaning rioyasini qilishdan mutlaqo uzoq bo‘lishlari, hazir bo‘lishlari kerak. Balki har bir ishni sof niyat bilan, shariatda ko‘rsatilganidek, Alloh taolodan savob umidida ado etish lozim ekan. Shunda ham hojati ravo bo‘ladi, ham murod-maqsadiga yetib, boshqalarni xursand qiladi, eng muhimi, Allohning yo‘lida amal qilgan inson darajasiga ko‘tariladi.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. O‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
2. Ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
3. O‘zining behojatligi uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
4. Riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan odam shaytonning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
قَالَ شُعْبَةُ: فَقُلْتُ لِعَدِيٍّ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ فَقَالَ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نَفَقَةً يَحْتَسِبُهَا كَانَتْ لَهُ صَدَقَةً».
Shu’badan rivoyat qilinadi:
«Adiyga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdanmi?» dedim.
«Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. U zot: «Qachon kishi ahliga savob umidida nafaqa qilgan bo‘lsa, uning uchun sadaqadir», dedilar», dedi».
Sharh: Ahliga, qaramog‘idagilarga savob umidida, bu Allohning hukmi, shariatning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, bu menga vojib, degan niyatda va albatta, halol-pok yo‘l bilan topilgan moldan qilingan nafaqa sadaqa o‘rniga o‘tib, ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘lishi shubhasiz haqiqatdir.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz