Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni haqida

31.08.2018   3082   1 min.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni haqida

30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma yetti yilligi bayrami arafasida xalqimizga xos mehr-shafqat, insonparvarlik, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik kabi ezgu fazilatlarni yanada yuksak namoyon etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga muvofiq, Farmon bilan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 261 nafar fuqaro afv etildi. 

Farmonga muvofiq, 215 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinib, oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytariladi, shuningdek, 46 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi. 

Afv etilganlarning nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 135 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi. 

Farmonga ko‘ra, afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi. 

 

 

O‘zA
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

09.07.2025   2173   4 min.
O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:

1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".

2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".

3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.

4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida  tafakkur qilib o‘tirardi".

5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".

6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".

7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".

8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".

9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.

10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.

Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.


Homidjon qori ISHMATBЕKOV