Har bir jinoyat – Alloh taologa qarshi isyondir. Har bir jinoyat Qur’oni karimga, sunnatga, shariatga xilofdir, munkar ishdir. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir munkarga qarshi kurashga chaqirganlar.
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Qaysi biringiz bir munkar ishni ko‘rsa, qo‘li bilan qaytarsin. Bunga qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin. Bunga ham qodir bo‘lmasa, dili bilan qaytarsin. Mana shu eng o‘aif iymondir».
Munkar ish – dinimizda, shariatimizda inkor qilingan, qaytarilgan har qanday yomon ishdir. Mo‘min-musulmon odam o‘z jamiyatida sodir bo‘layotgan munkar ishni ko‘rib-bilib turgan bo‘lsa, loqaydlik qilishi mumkin emas. Mo‘min odam avvalo bu munkarni bevosita o‘zi, qo‘li bilan qaytaradi. Kichik bir munkar ishni har kim ham to‘xtatishi kerak, ammo jinoyatning ko‘lami keng bo‘lsa, unga qarshi jamiyat miqyosida, davlat miqyosida kurashish kerak bo‘lsa, bu ish mutasaddilar, mas’ullarning zimmasida bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish borasida sa’y-harakatlari hadisi sharifning aynan shu qismiga oiddir.
Ammo barcha mas’uliyatni rahbarlarga yuklab qo‘yib, qo‘l qovushtirib o‘tirilmaydi. Munkarni qo‘li bilan qaytara olmagan odam uni tili bilan qaytarishi lozim. Munkarni til bilan qaytarish aynan har birimizning burchimizdir, har bir imkoni bor mo‘min-musulmon uchun vojib amal. Mo‘min odam munkarni qo‘li bilan qaytara olmasa, uni amru ma’ruf, nahyi munkar yo‘li bilan qaytaradi, munkar ishning yomonligini bayon qiladi, uni qilmaslikka chaqiradi.
Ushbu hadisdan kelib chiqadigan hikmatlarning naqadar muhimligi bugungi kunda yanada yaqqol sezilmoqda. Zero, munkar ish qilayotgan odamni bu yo‘ldan qaytarmaslik har qanday jamiyatni, bora-bora butun insoniyatni halokatga olib borishi muqarrar.
Jinoyatning sabablaridan biri – qilayotgan ishining jinoyat ekanini, munkar ekanini, gunoh ekanini bilmaslikdir. Avvalo ana shu sababni yo‘qotish kerak, jaholatga qarshi kurashish kerak. Bir ishning gunoh ekanini bilgan mo‘min odam albatta undan qaytadi. Jinoyatning qaysi bir turini olib qaramang, shariatimizga xilof bo‘lib chiqadi. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, zinokorlik, poraxo‘rlik, sudxo‘rlik – bularning barchasi insonni iymonidan ayiradigan, shariat harom qilgan gunohlardir. Shunday ekan, odamlarga buning gunohligini tushuntirishimiz lozim. Buni kim tushuntiradi? Avvalo ota-ona tushuntiradi. Tarbiya uydan, oiladan boshlanadi. Keyin bola bog‘chaga borsa, tarbiyachi tushuntirishi, maktabga borganda o‘qituvchisi tushuntirishi kerak. To bola ulg‘ayib, mustaqil hayotga qadam qo‘ygunicha unga ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, mahalla-ko‘y, o‘qituvchilari, murabbiylari ustozlik qilishi lozim. Islomda azaldan shunday bo‘lgan. Har bir inson atrofidagilarni munkar ishdan qaytargan, hech kim o‘zini bu mas’uliyatdan xoli deb bilmagan. Shuning uchun musulmon xalqlar butun dunyoga iymonda, ixlosda, ilm-ma’rifatda, odob-axloqda namuna bo‘lgan.
Davlatimizning bugungi talabi barchaga o‘rnak bo‘lgan ana shu an’anamizni tiklash, yoshlar ongiga odob-axloqimizni, milliy qadriyatlarimizni, urf-odatlarimizni singdirishdir.
Jondor tuman “Raboto‘g‘lon” jome’
masjidi imom xatibi Allamurod Rahmonov
O‘MI Matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam aytdilar: “Mo‘min va mo‘minaga o‘zi, farzandi va mol-dunyosi borasida doim musibat yetib turadi (bular gunohlarni o‘chirib turaverganidan) hatto Alloh taologa zimmasida biror gunohsiz holatda yo‘liqadi” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Hadis sharhi: Alloh taolo bandalarini musibat va balolar bilan sinashni ularning gunohlariga kafforat va xatolari o‘chirilishi uchun joriy qildi. Buning sababi Alloh taolo bandasini yaxshi ko‘rar ekan, gunohlarini mag‘firat qilish uchun uni sinaydi. Natijada banda Alloh taologa zimmasida biror gunohsiz yo‘liqadi.
Bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Mo‘min va mo‘minaga doim musibat yetib turadi” ya’ni: mo‘min banda balolardan ajramasdan doim musibatda bo‘lib, unga sinovlar tushishi bardavom bo‘ladi, “o‘zida” ya’ni: ruhiy va jismoniy sog‘lig‘ida, “farzandida”, ya’ni: farzandlarining kasal bo‘lishi, vafoti, oq bo‘lishi va boshqalarda, “molu dunyosida”, ya’ni: kambag‘allik, tijoratini kasodga uchrashi va rizq-ro‘zg‘oridagi qiyinchiliklarda bo‘ladi, “hatto Alloh taologa zimmasida biror gunohsiz holatda yo‘liqadi” dedilar, ya’ni Alloh taolo bandadan bu sinovlar sababli barcha gunoh va xatolarini kechiradi va banda Alloh taologa qilgan barcha gunoh va xatolaridan pok holatda yo‘liqadi. Bunday bandalarga qiyomat kunida go‘zal mukofot bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Bu dunyodagi ofiyatda yashaganlar dunyoda musibatlar bilan sinalganlarga Qiyomat kuni musibatlari evaziga ko‘p ajr-savob berilganini ko‘rib o‘zlari ham dunyoda qaychilar bilan terilari qiyilishini va evaziga musibatdorlar qatorida bo‘lishni orzu qilinshadi”.
Tohirjon SOBIROV,
Hadis ilmi maktabi talabasi.