Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohiraga xizmat safarini amalga oshirayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hay’ati kecha, 26 avgust kuni Qohira islom san’ati muzeyida bo‘ldi. Muzeyning bosh direktori doktor Mamduh Usmon bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzey rahbariyati va uchrashuvda ishtirok etgan ilmiy tadqiqotchilarga O‘zbekistonda tarixiy-madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida respublika rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarning mohiyati va maqsadlari taqdimoti amalga oshirildi.
Islom san’ati muzeyi bosh direktori Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi umumislomiy tamaddun zanjiridagi muhim halqa ekanini, Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish Islom san’ati muzeyi uchun sharaf va ayni muddao bo‘lishini bayon qildi. Tomonlar hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolash va unga ko‘ra ma’lumot, tajriba almashish, xodimlarning o‘zaro malakalarini oshirish hamda Qohira islom san’ati muzeyi va O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida ekspozitsiyalar almashib turishga kelishib oldilar.
Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Iskandariya kutubxonasi bosh direktori doktor Mustafo El Feki bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida doktor El Feki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan xabardor ekanini, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan ajdodlar merosini saqlash va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarni kuzatib turganini mamnuniyat bilan qayd qildi.
«Aloqalarimiz tarixi mamluklar va hatto ulardan oldingi zamonlarga taqaladi, dedi kutubxona direktori. Albatta biz hamkorlik qilishimiz, otalar an’analarini davom ettirishimiz kerak. Biz O‘zbekiston tomonining kutubxonamizdagi mashhur kishilar timsollari qatorida ko‘rish uchun Ahmad al-Farg‘oniy haykalchasini tortiq qilish niyatidan xabardor bo‘ldik. Ushbu ulug‘ olim mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, tariximiz va madaniyatlarimiz o‘rtasida misoli bir ko‘prikdir. Albatta bunday hadyani mamnuniyat bilan, sharaf deb bilib qabul qilamiz».
Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Iskandariya kutubxonasi islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolashga kelishib olindi. Uchrashuv samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.
O‘MI Matbuot xizmati
#Xatmona_2025 #Bitiruvchilar
Shu yil 11 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2021-2025 o‘quv yilida ta’lim olgan talabalarining “Xatmona – 2025” bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Davlat madhiyasi yangragach, bitiruvchi kurs talabasi Saidburxon qori Fazliddinovning Qur’on tilovati va xayrli duolari bilan tadbir boshlandi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov so‘zga chiqib bitiruvchilarni tabrikladi. So‘ng Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining bitiruvchilarga yo‘llagan tabriklarini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bitiruvchilarni tabriklab so‘zga chiqdi.
Shuningdek, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurovning bitiruvchilarga tabrik so‘zlari ham yetkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent islom institutini 2024-2025 o‘quv yilida 78 nafar talaba tamomlamoqda. Shundan 8 nafari ayol-qizlar sanaladi.
Oliymahad.uz