Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Aprel, 2025   |   10 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:33
Quyosh
05:55
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:59
Xufton
20:15
Bismillah
08 Aprel, 2025, 10 Shavvol, 1446

Onaga itoatda ibrat zotlar

27.08.2018   5941   2 min.
Onaga itoatda ibrat zotlar

Abu Muso Asha’riy (roziyallohu anhu) dedilar: “Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) onasini yelkasiga mindirib Ka’bani tavof qilayotgan yamanlik kishini ko‘rdilar. U Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan: “Ey Ibn Umar nima deb o‘ylaysiz onamning xaqqini ado eta oldim-mi”? deb so‘radi. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo): “Yo‘q seni dunyoga keltirish vaqtidagi to‘lg‘oq azoblarida chekkan qiyinchiliklaridan bittasini ham ado eta olmading”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 Tobeinlar sayyidi Abul Xasan Ali ibn Xusayn Zaynul Obidin (roziyallohu anhu) onasiga ko‘p yaxshilik qilardi. Odamlar: “Siz insonlar ichida onasiga eng ko‘p yaxshilik qiluvchi zotsiz, biroq, onangiz bilan bir idishdan taom yeganingizni ko‘rmaymiz, buning sababi nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot: “Qo‘limni onamning ko‘zlari tushgan taomga birinchi bo‘lib uzatishdan qo‘rqaman”, deb javob berdi.

Zur’a ibn Ibrohimdan rivoyat qilinadi. Umar (roziyallohu anhu)ning oldilariga bir kishi kelib: “Juda keksa yoshga yetgan onam bor. Yelkamda opichib xizmatlarini ado etaman. Doimo onamni yuvib, tarab, tahorat qildiraman. Shu xizmatlarim bilan onamni xaqqini ado etdimmi?” deb so‘radi. Shunda Umar (roziyallohu anhu) unga: “Yo‘q”, deb javob berdilar.                  U: “Axir men onam uchun o‘zimni bag‘ishladimku”, dedi. “Onang sening xizmatingni, o‘sib ulg‘ayishing, hayotda yashab ketishing umidida qildi. Sen esa undan ajralish umidida qilyapsan”,  dedilar hazrat Umar (roziyallohu anhu).

Muhammad ibn Bishr Aslamiy aytadilar: “Kufada biror kishi Mansur ibn Mo‘tamir va Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)dan ko‘ra onasiga yaxshilik qila olmadi. Hatto Mansur ibn Mo‘tamir onasiga ozor bermasin deb mayda hashoratlarni ham  onasiga yaqin keltirmas edi”.

Hajar ibn Adbar onasining rohatini istab, yumshoqligiga ishonch hosil qilish uchun to‘shagini qo‘llari bilan paypaslab, so‘ngra unga onasini yotqizar edi.

Sufyon ibn Uyayna aytadilar: “Bir kishi safardan qaytdi. Uyda onasi tik turgan holda namoz o‘qir edi. Onasi tik turib, o‘zi o‘tirishni istamadi. Onasi o‘g‘lini fikrini fahmladi va o‘g‘li ko‘proq savobga ega bo‘lishi uchun namozini uzun qildi.

 

Avazxo‘ja BAHROMOV,

Toshkent viloyati “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ular 6 narsadan mahrum bo‘lmaydilar

08.04.2025   1133   3 min.
Ular 6 narsadan mahrum bo‘lmaydilar

Siz yaxshi fe’l-atvorga ega bo‘lgan holda oilangiz, qarindosh-urug‘larga  silai rahmli, ota-onangizga va atrofingizdagilarga yaxshilik qilayotgan bo‘lsangiz...

Tongni Allohga tasbehu hamd ila qarshi olib, Uni ulug‘laganingiz holda qosh qoraytirsangiz...

Alloh yaratgan narsalarida go‘zallikni ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lsangiz...

Yaralmishlarning bari Allohga tasbeh aytishini anglab yetsangiz va siz befoyda narsalar uchun emas, aksincha, buyuk ishlar uchun yaratilgan ekaningizga inonsangiz...

Odam bolalarining xatokor ekanini anglab, sizga yomonlik qilganni afv etish va ularga nisbatan kengfe’l bo‘lish harakatida bo‘lsangiz...

Agarda siz manmanlik, mansabparastlik va adovatdan najotga erishgan bo‘lsangiz va aytib o‘tilmagan o‘nlab ijobiy xis­latlar sizda topilsa, demak, siz Allohning hikmatini tushunib yetishga, U Zotga yaqinlashishga, Uni yaxshi ko‘rib, Unga shukr qilishga qodir kishiga aylanibsiz.

Alloh sizni boshqalardan afzal va mukarram qilgan, maqsadlaringizga erishtirgan. Shu tariqa siz inson Allohning yerdagi xalifasi ekanligini tushunib yetasiz va Allohning muxlis bandalari qatoridan o‘rin olishga tayyor bo‘lib borasiz.

Hakimlardan biri aytadi: “Kim oltita narsa bilan rizqlansa, boshqa bir oltitadan mahrum bo‘lmaydi:

1. Kimga shukr qilish nasib qilsa, ziyodalikdan mahrum bo‘lmaydi.
Zero, Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida: «...Qasamki, agar  (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir», deydi.


2. Kimga sabr qilish nasib etsa, savobdan mahrum bo‘lmaydi.
«...Albatta, sabr qilguvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur»[1].


3. Kim tavba bilan rizqlansa, qabuldan mahrum bo‘lmaydi.
Bunday deyilishiga sabab shuki, Alloh taolo: «U bandalaridan tavbani qabul qiladigan...»[2], degan. 


4. Kim istig‘for bilan rizqlansa, mag‘firatdan benasib bo‘lmaydi.
Chunki Alloh taolo aytadi: «...Men dedimki: “Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta mag‘firatli bo‘lgan Zotdir”»[3].


5. Duo ila rizqlangan kishi ijobatdan mahrum qilinmaydi.
Zero, Alloh taolo G‘ofir surasining 60-oyatida aytadi: «...Menga duo qiling, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!..».


6. Kim ehson qilsa, o‘rni to‘ldirilmay qolmaydi. Zero, Alloh taolo Saba’ surasining 39-oyatida: «...Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur...», deya marhamat qiladi.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Zumar surasi, 10-oyat.
[2]  Shuuro surasi, 25-oyat.
[3]  Nuh surasi, 10-oyat.