Makka shahridagi “Abrojul Hidoya” mehmonxonasida O‘zbekiston “Haj-2018” ishchi guruhi rahbari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan boshchiligida, Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” va Indoneziyadagi “Burhonul Hidoya” shirkati rahbarlari o‘rtasida muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda indoneziyalik ziyoratchilarni O‘zbekistonning qadimiy shaharlari hisoblangan Samarqand va Buxoro orqali Umra ziyoratiga borishini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuvda ta’kidlanishicha, har yili 150-200 ming indoneziyalik ziyoratchi qadimiy shaharlarimiz – Samarqand va Buxoroning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilib, so‘ngra Umra safariga shu yerning o‘zidan jo‘nab ketishadi.
Ushbu jarayonni samarali tashkil etish maqsadida, hamkor shirkat rahbari shayx Solih Salim Bahviniy yaqinda O‘zbekistonga keladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida amalga oshiriladigan ushbu tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston havo yo‘llari mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Malumot uchun, joriy yilning oktyabr oyidan boshlab indoneziyaliklarning yurtimiz orqali Umra safariga jo‘nab ketishi belgilangan.
O‘MI Matbuot xizmati
“IQNA” saytining “Maspero” nashriga tayanib xabar berishicha, Misr milliy matbuot tashkiloti rahbari, yozuvchi Ahmad al-Muslimaniy Misrdagi taniqli qorilarining fotosuratlari, qo‘lyozmalari, shartnomalari, yozib olingan qiroatlari va ularga tegishli bo‘lgan ashyolarni o‘z ichiga olgan “Qur’on qorilari muzeyi” tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muzey Qur’oni karim radio tarmog‘iga aloqador bo‘lib, unga “Maspero” radio va televideniye binosida maxsus joy ajratilgan.
Al-Muslimaniyning so‘zlariga ko‘ra, muzeyga eng ko‘zga ko‘ringan nufuzli Qur’on karim qorilarining oilalari bilan yangi muzey uchun qorilarga tegishli ashyolarni yig‘ish uchun munosabatlar o‘rnatilgan. Muzey taqdim etilgan ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yilganidan keyin tartibga keltiriladi va ommaga tashkillashtirilgan tashriflar uchun faoliyatini boshlaydi.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi