Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni do‘zaxdan uzoqlashishi va jannatga kirishi xursand qilsa, vafot etadigan paytda Allohga va oxirat kuniga iymon keltirib vafot etsin. Hamda o‘ziga qilinishni mahbub ko‘rgan muomalani o‘ziga ham, boshqalarga ham ravo ko‘rsin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Do‘zaxdan uzoqlashishni va jannatga kirishni istamaydigan musulmon yo‘q bo‘lsa kerak olamda. Do‘zax haqida eshitgan inson borki, undan panoh tilaydi, o‘z nafsini undan qutqarish uchun harakat qiladi. Jannat haqida bilgan kishi esa, unga tezroq yetishish ilinjida, undagi rohat va mukofotlarga erishish niyatida jiddu-jahd qiladi.
Bu hadisi sharif esa aynan shunday kishilarga dasturulamal va orzuga erishish uchun yo‘llanmadir. Ushbu yo‘llanmani yozib bergan zot esa eng ishonchli, eng rostgo‘y inson Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir. Yo‘llanmada esa sodda va tushunarli qilib ikki sabab ko‘rsatilgan:
1) Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan holda, qatiy ishonch va ushbu ishonch isboti yo‘lida qilingan solih amallar qurshovida vafot etish;
2) O‘zgalar tarafidan o‘ziga qanday muomala qilinishini yaxshi ko‘rsa, o‘zi ham o‘zgalarga shunday muomala qilish. Demak, o‘zingga nisbatan:
- Aldashlarini yoqtirmaysanmi? Sen ham aldama!
- Xiyonatni yomon ko‘rasanmi? Xiyonat qilma!
- Zulm qilinishidan qo‘rqasanmi? Zulm qilma!
- G‘iybatni yomon ko‘rasanmi? G‘iybat qilma!
- Yordam berilishini istaysanmi? Yordam ber!
- Kechirilishni yaxshi ko‘rasanmi? Sen ham kechir!
- Ayb va nuqsonlaringni berkitilishini istaysanmi? O‘zgalar aybini yop.
- Senga infoq qilinishini xush ko‘rasanmi? Sahiy bo‘l!
- Hurmat qilinishni yaxshi ko‘rasanmi? Hurmat qil!
- Xizmat qilinishni istaysanmi? Xizmat qil!
Xullas, o‘z nafsing uchun nimani yaxshi ko‘rsang, o‘zgalarga ham ravo ko‘r. Va o‘z nafsing uchun yoqtirmagan narsalaringni boshqalar uchun ham ravo ko‘rma. Shundagina iymoning komil bo‘ladi. Shundagina jahannamdan uzoqlashib, jannatga erishasan. Yagona yo‘l shudir. Boshqa yo‘l izlab halok bo‘lma.
Yorbek ISLOMOV,
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo sizga ato etgan ne’matlarini ich-ichingizdan e’tirof eting. Alloh taoloning ne’matlarini tilga chiqarish orqali unga shukr qiling. Bu Zuho surasining 11-oyatida o‘z tasdig‘ini topgan: «Parvardigoringizning (sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!».
Allohga bo‘lgan muhabbatingizni yangilab turing! Bu ne’matlarni ato etgan Zot xush ko‘rmagan yo‘llarga sarflamang. Tilingizga Allohning zikrini, a’zolaringizga esa toatlarini joriy qiling. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim shu “Allohumma maa asbaha biy min ne’matin fa minka vahdak, laa shariyka lak, fa lakal hamdu va lakash shukr” degan duoni tong otgan paytda aytsa, shu kunning shukrini ado etibdi. Kechda ham shuni aytib duo qilsa, o‘sha kechning shukrini ado etibdi”, deya ko‘p bora takrorlaganlar. Ushbu ne’matlarni Allohga ma’siyat bo‘ladigan yo‘lda ishlatmang.
Ibn Munkadir bir qizning boshini aylantirib turgan yigitning oldidan o‘ta turib: “Ey o‘g‘lim, Alloh senga bergan ne’matlariga javob bunday bo‘lmaydi?” – dedilar.
Alloh taolo sizga sog‘ligu yoshlik ne’matini berib, sizni shu ne’mat bilan siylasa-yu, siz U Zotga ma’siyat, gunoh bilan javob qaytarasizmi?! Bir o‘ylab ko‘rgin-chi, siz haqiqiy shukr qiluvchi bandamisiz?! Siz Allohga muhabbat qo‘yguvchimisiz?! Siz Allohning ne’matlarini e’tirof etguvchimisiz?! Shukrning ta’siri sizning qalbingiz va a’zolaringizda aks etadimi? Yana muomalangiz hamda xulq-atvoringizda namoyon bo‘ladimi?!
Imom Mubarrad aytadilar:
Ne’matga shukr etsam, bu ham bir ne’mat,
Shukrga shukrona vojibdir asli.
Hech kimsa topmagay o‘zicha, albat,
Yetgan shukrona ham Allohning fazli.
Bu to‘rtlikning ma’nosi quyidagicha: Alloh taoloni maqtash faqat O‘zining tavfiqi orqaligina bo‘ladi. Sizni O‘ziga shukr qilishdek ishga muvaffaq aylagani uchun ham Alloh taologa maqtov yo‘llashingiz zarur. Birinchi hamd uchun hamd aytish vojib bo‘lganidek, ikkinchisi uchun ham hamd aytish lozim bo‘ladi. Bu esa nihoyasiz davom etaveradi.
Abul Atohiya juda chiroyli bir gap aytgan ekanlar:
Shukring ziyoda bo‘lmasa har ne’mati birla,
O‘zingni aslo shokirlardan deb bilma!
Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida aytadi: «...Qasamki, agar sizlar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...».
Ulug‘lardan biri: “Qalblar tabiatan kim unga yaxshilik qilsa, o‘shani yaxshi ko‘radigan qilib yaratilgan. Allohnigina muhsin ekanini bilgan kishi naqadar ajablanarli, nima sababdan u o‘shal Zot tarafiga butun vujudi bilan intilmaydi?!”.
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh duolarida bunday der edilar: “Robbim! Men Sening ne’matlaringni kufrga almashtirib qo‘yishim, ne’matlaringni tanigach, unga nonko‘rlik qilishim yoki ularni unutib, maqtamay qo‘yishimdan panoh so‘rayman”.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.