Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Mart, 2025   |   15 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:35
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:33
Xufton
19:45
Bismillah
15 Mart, 2025, 15 Ramazon, 1446

HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

21.08.2018   4480   4 min.
HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

Mana shunday saodatli kunda jannatmakon diyorimizning barcha  musulmonlari  va  xalqini  muborak  Qurbon  hayiti  bilan  samimiy muborakbod  etamiz. Alloh  taolodan  mehr-oqibat,  shukronalik  va  bag‘rikenglik ifodasi bo‘lgan bu ulug‘ bayramni barchamiz uchun xursandchilik, shodu xurramlik va hamjihatlikda o‘tkazishlikni so‘raymiz.

Qurbon  bayrami  zulhijja  oyining  o‘ninchi  kunidan  boshlanadi.  Arafa kunidan  boshlab  dunyodagi  barcha  musulmonlar  qatori  yurtimizdan  borgan hojilarimiz  ham  zimmalaridagi  farzlardan  biri  –  haj  ibodatini  bajarishga kirishishdi. Bu yili tumanimizdan ketayotgan xojilar soni muhtaram yurtboshimizning tashabbuslari bilan 28 tadan 35 taga oshdi. Ular  Mino, Arafot, Muzdalifa, Makkadagi Masjidul Harom kabi ibodat joylarida haj amallarini bajarib, gunohlardan poklanish bilan birga mustaqil yurtimiz hamda uning rahbarlariga, xalqimiz va barcha musulmonlarimizga Alloh taolodan  tinchlik-xotirjamlik,  fayzu  barakot  va  ezguliklar,  keng  rizq  va farovonlik  tilab  duolar  qilishyapti.  Payg‘ambarimiz  Muhammaddan  (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qilingan hadisda: «Bu kunlarda qilingan yaxshi ishlar boshqa  kunlardagidan  Alloh  taologa  suyuklidir»,  deyilgan  (Imom  Buxoriy rivoyati, «Sahihi Buxoriy»).

Qurbon hayiti namozi ado etilganidan so‘ng qodir bo‘lgan musulmonlar Alloh taologa  atagan  qurbonliklarini  so‘yishga  kirishishadi.  Zero,  qurbonlik  qilish Alloh  taoloni  ulug‘lash,  bergan  ne’matlarining  shukronasini  ado  qilish  va nafsoniy  illatlardan  poklanishdir.  Qurbonlik  qilish  zakot  nisobiga  qodir kishilarga vojib amallardandir. Qurbonlik  so‘yishning avvali hayit namozini ado etilganidan so‘ng so‘yiladi. Uning oxirgi vaqti esa hayitning uchinchi kun asr vaqtigacha. Qurbonlik qiluvchining qurbonlik so‘yish vaqtida hozir bo‘lishi mustahabdir.

Qurbonlikka  qo‘y,  echki,  tuya,  sigir  kabi  hayvonlarning  erkagi  ham  urg‘ochisi ham so‘yilishi mumkin. Bulardan tuya 5 yosh, sigir 2 yosh, qo‘y va echki esa 1 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Ammo qurbonlik niyatida boshqa jonivorlarning so‘yilishi masalan, tovuq, g‘oz va shu kabi parrandalarni so‘yish joiz emas.

Mol va tuyani yetti kishi  nomidan so‘yilishiga  shariatimizda ko‘rsatmalar bor. Jobir  (roziyallohu anhu)dan  rivoyat  qiladilar:  “Nabiy  (sollallohu alayhi vasallam)  bilan  Hudaybiyada  bir  tuyani yetti  kishi  nomidan,  bir  sigirni  yetti  kishi  nomidan  so‘ydik”  (Abu  Dovud, Muslim va Termiziy rivoyatlari).

Agar  mol  yoki  tuya  7  kishi  nomidan  so‘yiladigan  bo‘lsa,  uning  go‘shtini taqsimlashda chamalab emas, balki kilolab o‘lchagan holda teng taqsimlanishi lozim. Qurbonlik  so‘yishi  vojib  bo‘lgan  kishi  qurbonlikni  vaqtida  so‘ymasa,  keyin uning qiymatini sadaqa qilish vojibdir. So‘yilgan qurbonlikning uch dan birini sadaqa qilish, uchdan birini yedirish, uchdan birini keyin yeyish uchun olib qo‘yish mustahabdir.

Qurbonlikka  har  tomonlama  sog‘  va  semiz  bo‘lgan  jonliqlarni  so‘yish shariatimiz  ko‘rsatmalaridandir.  Buning  ham  o‘ziga  xos  hikmatlari  bor,  albatta. Birinchi  hikmat – bu  musulmonlarning  Allohga  nisbatan  yuksak  odoblari, Qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga  e’tibor  berish  Alloh  taologa  nisbatan  yuksak  odobni  ko‘rsatadi. Qurbonlik  qilinadigan  hayvonning  aybu  nuqsonsizini  topish  esa,  taqvoning barkamolligi  uchun  urinishdir.  Ikkinchi  hikmat  –  bu  musulmonlarning o‘rtalaridagi  mehr-oqibatlarini  mustahkamlaydi.  Ularga  kasal  hayvonlarning go‘shtini  emas,  balki  sog‘  va  semiz  hayvonlarning  go‘shtini  sovg‘a  qilish  yaxshi ishlardandir. Bu ish ularning ko‘nglini ko‘taradi.

Qurbon  hayiti  –  ulug‘  bayram. Shuning  uchun  bu  kunni  yaqinlarimizni  yo‘qlab, ularning  holidan  xabar  olish,  yoshi  ulug‘larni  ziyorat  qilish,  muhtojlarga  mehr-muruvvat  ko‘rsatish,  oilalarga  xursandchilik  ulashish  va umuman,  bayramning ko‘rkiga  ko‘rk  qo‘shadigan  amali  solihlar  bilan  o‘tkazish  maqsadga  muvofiqdir.

Payg‘ambarimiz  (sollallohu alayhi vasallam)  bu  kunda  yanada  mehribonroq,  shafqatliroq  bo‘lar,  yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Bu kunda gina-quduratlarni unutib, kechirimli bo‘lish lozim. Ammo guruh-guruh bo‘lib uch kunlab fotihaxonlik qilish, bayramni motamga aylantirish o‘rniga uni xursandchilik va shodiyona bilan o‘tkazaylik!

Alloh  taolo  ushbu  Qurbon  hayiti  bayramimizni barchalarimizga  muborak  qilib,  uning  savobidan  hammamizni  bahramand  aylasin, gunohlarimizni  mag‘firat  etsin!  Bu  bayram  barakotidan  barcha  mo‘min-musulmonlarni ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin!  Xirmonlarimizga baraka bersin,  iqbolimizni  baland,  toleimizni  ulug‘  qilsin.  Yurtimizga  tinchlik, xalqimizga  farovonlik,  Yurtboshimizning  el-yurt  manfaati  yo‘lidagi  xayrli ishlarida yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin, omin!

        

Qibray tumani bosh imom-xatibi
M.Mirjalilov

 

O‘MI matbuot xizmati 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ro‘za tutishning olti qoidasi

11.03.2025   1941   7 min.
Ro‘za tutishning olti qoidasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Mashoyixlar ro‘zador amal qilishi kerak bo‘lgan ro‘za tutishning oltita qoidasini yozib ketishgan.

Birinchisi,  ko‘zni tiyish, ya’ni biror bir keraksiz narsaga nazar tushmasin.  Begona, nomahram ayollar u yoqda tursin hatto o‘zinig ayoliga shahvat nazari bilan qaramasin. Shuningdek ko‘zini bekorchi, lag‘v narsalardan ham saqlasin. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “ ..nazar shaytonning o‘qlaridan bir o‘q...”, deganlar. Allohdan qo‘rqib ko‘zini tiygan kishiga Alloh shunday iymon nurini beradiki, uning lazzatini qalbida topadi. Ruhiy tarbiya ustozlari “keraksiz” narsani e’tiborni Allohdan boshqaga, qaratilishiga sabab bo‘luvchi barcha narsadir, deb uqtirishadi.

Ikkinchisi, tilni tiyish. Bunga yolg‘on gapirish, g‘iybat, tuhmat, so‘kish, faxsh so‘zlar va lag‘v so‘zlar kiradi. Imom Buxoriy keltirgan hadisda ro‘za kishiga qalqon ekanligi aytilgan. Shuning uchun ro‘za tutayotgan kishining og‘zidan  beadab, uyatsiz, lag‘v, keraksiz so‘zlar chiqmasin. Masalan, kimnidir mazah qilish, janjal va x.k.z. Agar kimdir siz bilan janjallashmoqchi bo‘lsa, va hatto o‘zi birinchi boshlagan bo‘lsa ham aralashmang, siz unga ro‘zador ekanligingizni ayting. Agar u gapga tushunadigan bo‘lsa, siz ro‘zador ekanligingizni ayting,  agar tushunmaydigan betayinlar xilidan bo‘lsa, qalbingizga bu quruq gaplarga javob berish ahmoqlik va foydasiz narsa deb tushuntiring. Ayniqsa g‘iybat va yolg‘ondan saqlanish kerak. Ba’zi ulamolarning fikricha bu narsalar ro‘zani buzadi.  

Alloh Qur’onda g‘iybatni o‘lgan birodarini go‘shtini yeyishlik deb atadi.  Shunga o‘xshash xabarlar hadislarda ham juda ko‘p kelgan. G‘iybat aslida inson go‘shtini yeyishlik ekanligi hadisi shariflardan ham ma’lum bo‘ladi.  Alloh taolo o‘zi bizni bu narsadan saqlasin, chunki biz bu narsaga beparvolik qilib qo‘yamiz. Oddiy odamlarni-ku qo‘yavering, hatto ahli ilmlar ham g‘iybat bilan band. Dunyoga berilgan odamlarni haqida-ku umuman gapirmasak ham bo‘ladi. Eng achinarlisi odamlar g‘iybat bilan mashg‘ul ekanliklarini bilishmaydi. Agar qalbda bu g‘iybat deya xafv paydo bo‘lsa, bu o‘zi bor narsa deb oqlashga tushishadi.   Nabiy sallollohu alayhi vasallamdan so‘rashdi: “G‘iybat nima?”, U zot javob berdilar: “Kimnidir orqasidan gapirishing. Va bu unga yoqmaydigan narsa”. “Agar bu narsa unda topilsachi?”, deyishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat ayni shu. Agar unda bo‘lmagan narsani gapirsang u tuhmatdir”, dedilar.

Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki qabr oldidan o‘tdilar va: “Bu qabr egalari azoblanmoqda,  bittasi bavlidan saqlanmas edi, ikkinchisi chaqimchilik bilan shug‘ullanar”, edi  dedilar.

Uchinchisi, ro‘zador quloqlarini ham tiyishi kerak. Til bilan aytish mumkin bo‘lmagan hamma gap so‘zlarni eshitish va e’tibor berish ham mumkin emas. Nabiy sollallohu alayhi vasallam g‘iybat qilgan va uni eshitgan ikkalasi gunohkor deganlar.

To‘rtinchisi, tananing boshqa a’zolarini gunohdan saqlash. Masalan, man qilingan narsani ushlash, man qilingan yerlarga borish xuddi shunday boshqa tana a’zolari xam. Shuningdek iftor paytida, shubhali taomlardan saqlanish kerak. Ro‘za tutib iftor paytida harom luqma iste’mol qilgan kishi go‘yo bir kasallikni davolab, dorisini ichiga zaxar solib berganga o‘xshaydi. Dori kasalni tuzatadi, lekin zaxar halok qiladi.

Beshinchisi, iftor paytida qorinni to‘ldirmaslik, taomingiz halol bo‘lsa ham, chunki ro‘zadan ko‘zlangan maqsad yo‘qoladi. Ro‘zadan ko‘zlangan maqsadlardan biri, kuch, nafs, shahvat sifatlarini sindirish va ruhni oziqlantirish va farishtalar sifatiga ega bo‘lishlik. O‘n bir oy biz taom yedik. Bir oy sal kamroq  yesak nima bo‘ladi ? Lekin biz iftorda yo‘qotgan xamma narsani o‘rnini to‘ldirishni xohlaymiz, saxarda esa boshqa vaqt Ramazondan tashqari yemagan narsalarni yeyishga urinamiz. Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ro‘zadan ko‘zlangan maqsadga -ya’ni iblisni sindirib, nafsni jilovlashga - agar iftorda odam shu darajada ko‘p taom yesa, qanaqasiga erishishi mumkin? Ko‘zlangan maqsad halok bo‘ladiku”.

Haqiqatda biz faqat taomlanish vaqtini o‘zgartirdik va bundan boshqa narsa emas. Aksincha Ramazonda boshqa oylarda ko‘rmaydigan taomlar xilma xilligini oshirdik xalos.

Odamlarda yaxshi taomni Ramazonga olib qo‘yish odati bor. Nafs kunduzgi ochlikdan so‘ng taomga hujum qilib bo‘kib qolgunicha yeydi. Biz nafsni sindirish o‘rniga tiqaveramiz, va bu ro‘zadan ko‘zlangan maqsaddan, og‘ib ketishga sabab bo‘ladi. Maqsadmiz ro‘zaning asl mohiyatini tushunib, xamma narsasidan foyda olish. Bularni xammasini qo‘lga kiritish uchun ozgina ochlikni xis qilish kerak. Ro‘zaning ma’lum bo‘lgan eng katta foydasi, nafsni sindirish, bu ham ma’lum vaqt och bo‘lishilikka bog‘liq.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shayton odam bolasini qon tomirlarida yuradi. Ochlik bilan uni yo‘llarini toraytiring”, dedilar.

Ro‘zaning ikkinchi maqsadi, bechoralarga o‘xshashlik va ularning holatini his qilishlikdir. Bunga  iftorgacha ochlik nimaligini bilmasdan yurish uchun, saxarda jig‘ildonni barcha narsani tiqish yo‘li bilan erishilmaydi. Sizni ochlik bezovta qilganda faqirlarga sal o‘xshashingiz mumkin.

Bishir Xofiy rahmatullohi alayhni oldiga bir kishi keldi. Bishir qaltirar edi, kiyimi esa oldida yotardi. Kelgan odam hozir yechinib o‘tiradigan vaqtmi deb so‘radi. U: “Kambag‘allar juda ko‘p. Men ularning hammasiga xayrihoh bo‘la olmayman. Lekin ularga o‘xshab hamdard bo‘la olaman”, dedi.

Allomalarimiz aytishadi, ro‘zadan ko‘zlangan maqsad, katta ajrni qo‘lga kiritish, kambag‘al odamlarni tushunish uchun ochlikni his qilish darkor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo to‘ldirilgan narsalar ichida eng suymaydigani oshqozon ekanligini aytganlar. Boshqa hadisda  Nabiy sallollohu alayhi vasallam insonni qaddini tutib yurishi uchun bir necha bo‘lak taom kifoya deganlar. Agar odam shu darajada ko‘p taom yemoqchi bo‘lsa, oshqozonni uchdan birini taom, uchdan birini suv, va uchdan birini havo bilan to‘ldirsin.  

Oltinchisi, ro‘zador e’tibor qaratishi muhim narsa, bu tutgan ro‘zasi qabul bo‘ldimi yoki yo‘qmi deb xadiksirashi. Xuddi shunday har bir ibodatimizda xam, biz sezmagan xato kamchilik bor bo‘lib, u sababli ibodatlarimiz maqbul bo‘lmasligi mumkin.  

Shuning uchun ro‘zador niyatini yaxshilashi va qo‘rquvda bo‘lishiligi, Allohning roziligi sababi qilishini so‘rab duo qilishi matlub.