Alloh taolo zamonni yaratib, uni kun, hafta, oy, yillarga taqsim qildi. O‘z navbatida kun soatlarga, hafta kunlarga, oy haftalarga, yil esa fasllarga bo‘lindi.
Alloh taolo fasllarni yaratar ekan, ularning har biriga o‘ziga xos bo‘lgan ob-havo, mevalar, poliz ekinlari, manzaralar va bulardan boshqa biri ikkinchisida topilmaydigan xususiyatlarni berdi.
Bugun fasllar ichida eng chiroylisi — oltin kuz haqida so‘z yuritamiz.
Fasllar orasida kuzning o‘ziga yarasha o‘rni va ahamiyati bor. Aytib o‘tganimizdek, bu faslda insonning rizqi bo‘lgan ko‘pgina anvoi ne’matlar pishadi. Havosi ham iliq, mo‘tadil bo‘ladi. Manzarasi esa go‘zal, dillarni yayratadi.
Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish kuz uzoqlashtiradi», deganlarini eshitdim» (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh «Sahihul Buxoriy»ga yozgan mashhur sharhi «Fathul Boriy» kitobida yuqoridagi hadisni bunday izohlaydi: «Kuz — yilning ma’lum bir qismidir. Lekin, bu yerda u bilan «yil» nazarda tutilmoqda. Bu joyda boshqa fasllar: yoz, qish, bahor qolib, aynan kuzning zikr qilinishi unda mevalar pishib, eng yaxshi fasl bo‘lgani uchundir», deydi.
Kuz fasli hamma qatori o‘zbek xalqi uchun juda qadrli. Chunki tinchlik, diyonat, istiqlol, hurlik va qator ulug‘ ne’matlar ana shu oltin kuz fasli boshlanishi bilan xotiralarga muxrlangan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, kuz fasli o‘zida juda ko‘p yaxshiliklarni jamlagan. Quyida ulardan uchtasiga e’tibor qaratamiz.
Kuz – ibrat fasli
Oqil hikmat, johil ayb qidiradi, deganlaridek, fasllarda ham mo‘min bandalar uchun qanchadan-qancha yaxshiliklar, barakalar, ibratlar, sir-sinoatlar bor.
Alloh taolo bu fasllarni birin-ketin keltirishi borliqni tartib-intizom ustiga qurgani va biz bundan o‘zimizga kerakli xulosalarni chiqarishimizga dalolatdir. Har faslda issiq, sovuq, qor, yomg‘ir, shamol kabi iqlim o‘zgarishlarining bo‘lishi aql egalari uchun ibrat bo‘lishi bilan birga, Buyuk Rabbimizning cheksiz qudratini ko‘rsatadi.
Bu borada Qur’oni karimda shunday deyiladi:
إِنَّ فِي خَلْقِ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَاخْتِلَافِ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ لَآَيَاتٍ لِأُولِي الْأَلْبَابِ
«Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida va kecha-kunduzning almashinishida aql egalari uchun belgilar bor» (Oli Imron surasi, 190-oyat).
Bu haqida So‘fi Olloyor rahmatullohi alayh ham go‘zal bayt keltirgan:
Padid etdi jahon ichra favosil,
Qilur har fasl turluk nash’a hosil.
Alloh taolo bu dunyoni to‘rt fasldan iborat qilib yaratdi. U zot bahor kunlarida o‘lik yerdan turli o‘t-o‘lanlarni chiqarib qo‘ydiki, bu hol odam bolalarining qabrlaridan turib, tirilmog‘iga ishoradir. Yoz faslida nabotot olami tamom o‘sib, to‘la yetiladi. Hammayoq yam-yashil kiyimga burkanadi. Bu odamlarni foniy dunyoda biroz to‘kinlikda yashashlariga ishora. Kuz kelib, boyagi tamom yetilgan o‘t-o‘lanlar butkul gullari-yu mevalaridan ayrilib, quriy boshlaydi. Bu ham odam bolalarining yoshligi o‘tib, qarilikka qadam tashlashlariga ishoradir. Qish faslida boyagi tuzuk dunyo buzilib, suvlar muzlab, qor yog‘ib, butun hayvonlar ustiga mashaqqatlar yog‘iladi. Bu ham maxluqotning qiyomatda qayta tirilib, boshlariga turli mashaqqat va qayg‘ular tushishiga ishoradir.
Kuz – shukr fasli
Musulmon kishi doim shukrda bo‘lishi lozim. Ne’matlar ziyoda bo‘lganda shukri ham ziyoda bo‘lishi kerak.
وَالْبَلَدُ الطَّيِّبُ يَخْرُجُ نَبَاتُهُ بِإِذْنِ رَبِّهِ ۖ وَالَّذِي خَبُثَ لَا يَخْرُجُ إِلَّا نَكِدًا ۚ كَذَٰلِكَ نُصَرِّفُ الْآيَاتِ لِقَوْمٍ يَشْكُرُونَ
«Pok yurtning nabototi Rabbining izni ila chiqadir. Nopok bo‘lgani esa, faqat qiyinchilik ila chiqadir. Shukr keltirgan qavmlar uchun oyatlarimizni shunday xilma-xil bayon qilurmiz» (A’rof surasi, 58-oyat).
Oyati karimada ta’kidlanganidek, nabototlarning unib chiqishi, ularning hosil berishi bizni shukrga, fikrga chorlaydi.
Kuz – ibodat fasli
Chunki bu faslda yig‘ilgan hosillar, yig‘im-terimlardan zakoti ushri beriladi. Bu bilan odamlar orasida mehr oqibat ziyodalashadi. Alloh taolo aytadi:
كُلُوا مِنْ ثَمَرِهِ إِذَا أَثْمَرَ وَآتُوا حَقَّهُ يَوْمَ حَصَادِه
ِ ۖ وَلَا تُسْرِفُوا ۚ إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
«Mevalagan paytida uning mevasidan yenglar va yig‘im-terim kunida haqqini beringlar. Va isrof qilmanglar. Albatta, U isrof qilguvchilarni sevmas». (An’om surasi, 141 – oyat).
Demak, biz kuzda zimmamizdagi haqlarni ado qilib, tilimiz bilan shukr etib, amalda uni tadbiqini ko‘rsatib, isrofgarchilikdan tiyilishimiz darkor. Shunda Alloh berayotgan ne’matlarini yana ziyoda qilib beradi.
Nuriddin Xoliqnazarov,
Andijon viloyat bosh imom-xatibi
http://muslimun.uz
Sabrsizlik musulmonlar orasida turli ixtiloflar, urush-janjallar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Alloh Taolo sabr qiluvchilar bilan bo‘ladi. Ularni turli yomonliklardan asraydi. Sabr qilmay, chidamsiz bo‘lganlar esa, ixtilof girdobiga duchor bo‘ladilar.
Oyati karimaning oxirida Alloh taolo: “Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir”, deb marhamat qilgan.
Shuningdek, Alloh taolo “Rum” surasi 31-32 oyatlarda mo‘min-musulmonlarga quyidagi xitobni qiladi: “...Va mushriklardan bo‘lmang. Dinlarida tafriqaga tushgan, guruh-guruh bo‘lib olib, har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lganlardan bo‘lmang”.
Demak, dinda tafriqaga tushish mushriklarning ishi bo‘lib tanilgan ekan. Guruh-guruh bo‘lib olib, ixtilof chiqarish, talashib-tortishish ham mushriklarning ishi ekan. Har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lib, boshqalarni past sanashi ham mushriklarning ishi ekan.
Alloh taolo “An’om” surasi 109-oyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: “Dinlarini tafriqa qilib, o‘zlari guruhbozlik qilganlar bilan hech bir aloqang yo‘q. Albatta, ularning ishi Allohning O‘ziga havola. So‘ngra qilgan ishlarining xabarini berur”, degan.
Ushbu oyati karimada Alloh taolo tafriqa va guruhbozlikka olib boradigan nizo hamda ixtiloflarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yo‘llaridan boshqa, ul hidoyat yo‘liga teskari yo‘l hisoblamoqda. Alloh taolo bu oyatda tafriqa va guruhbozlik Payg‘ambarimizning ummatlariga munosib emasligini qattiq ta’kidlamoqda.
Alloh taolo “Oli Imron” surasida siz bilan biz musulmonlarga xitob qilib: “O‘zlariga ochiq bayonotlar kelganidan keyin bo‘linib, tafriqaga tushganlarga o‘xshash bo‘lmanglar! Ana o‘shalarga ulug‘ azob bordir”, degan.
Tafriqaga tushib bir-birimiz ila tortishish nizolar urchib, fayzu baraka ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Yangiqo‘rg‘on tumani "Sayid bobo Termiziy" jome masjidi
imom-xatibi Abduvali Mahmudxonov
@SOFTALIMOTLAR