بسم الله الرحمن الرحيم
Hurmatli jamoat! Dinimizda odamlarga xush muomalada bo‘lish va ularga taom ulashish savobi ulug‘ ishlardandir. Ixlosli xalqimiz qadimdan bu sunnatlarga amal qilib keladi. Mana shunday chiroyli sunnatlardan biri nikoh to‘yidir. Nikoh ikki begona, nomahramni bir-biriga halol qilgani sababli, uni e’lon qilish – jumhur ulamolar nazdida sunnatdir va bizning urfimizda uni “to‘y” deb ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarga to‘y qilish tavsiyalari haqidagi eng mashhur rivoyat “Abdurahmon ibn Avfning hadisi” nomi ila mashhur. Unda quyidagilar aytiladi.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم رَأَى عَلَى عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ أَثَرَ صُفْرَةٍ، فَقَالَ: "مَا هَذَا؟" قَالَ يَا رَسُولَ الله، إِنِّي تَزَوَّجْتُ امْرَأَةً عَلَى وَزْنِ نَوَاةٍ مِنْ ذَهَبٍ، قَالَ: "بَارَكَ اللهُ لَكَ، أَوْلِمْ وَلَوْ بِشَاةٍ"
(رَوَاهُ الْإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuda sariq (rang) asarini ko‘rib: “Bu nima?”, – dedilar. “Ey Allohning Rasuli, bir ayolga danak vaznidagi tillo (mahr berib) uylandim”, dedilar. “Alloh senga baraka bersin! Bir qo‘y bilan bo‘lsa ham to‘y qilgin”, – dedilar”
(Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Demak, kim uylanadigan bo‘lsa, kuchi yetganicha, o‘zini ortiqcha urintirmasdan to‘y qilib berishi sunnatdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham uylanganlarida imkonlari boricha to‘y qilib berganlar. Imom Buxoriy Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Safiya onamizga uylanganlarida mehmonlarni xays (xurmo va yog‘dan tayyorlanadigan, ko‘rinishi bizdagi xolvaytarga o‘xshagan taom) bilan mehmon qildilar.
Qadimdan katta bir xursandchilik bo‘lgan to‘yni, hozirgi kunda o‘zimiz uchun jiddiy tashvishga aylantirdik. To‘yga qo‘shimcha marosimlar, har xil sarpolar, o‘nlab tog‘oralar qo‘shdik. O‘g‘lini uylash, qizini uzatishni o‘ylab, otalarning hatto sog‘ligi yomonlashib qolmoqda. Aslida dinimiz – yengillik dini! Hamma masalada bo‘lgani kabi, to‘y masalasida ham imkon boricha mo‘tadil yo‘l tutiladi.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ أَعْظَمَ النِّكَاحِ بَرَكَةً أَيْسَرُهُ مَؤُونَةً" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ).
ya’ni: Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Eng barakali nikoh – xarajatlari yengil bo‘lganidir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Nikohning barakali bo‘lishi sabablaridan biri – nikoh xarajatlari va dabdabalarining kamroq, yengilroq bo‘lishidir.
Boshqa hadisi sharifda shunday deyiladi:
عَنْ عَمْرِو ابْنِ الْحَارِثِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: بَلَغَنِي أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:
أَمْراً بَيْنَ أمْرَيْن وَخَيْرُ الأُمُورِ أوْسَطُها (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ).
ya’ni: Amr ibn Horis raziyallohu anhu aytdi: “Rasululloh sallalohu alayhi vasallam shunday deganlari menga yetib keldi: “Ikki ish o‘rtasidagi ishni (lozim tuting). Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir” (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Bu hadisdagi “ikki ish”dan murod haddan oshish va kamchilikka yo‘l qo‘yishdir. Demak, to‘ylarimizni o‘tkazishda ham eng yaxshi yo‘l – isrof ham, baxillik ham qilmasdan o‘rta yo‘lni tutishdir. Qur’oni karimda bu haqda shunday deyiladi:
وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا (سورة الفرقان الآية/67).
ya’ni: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).
Yana bir muhim jihat shuki – kelin yoki kuyov tanlashda asosiy mezon mol-dunyo va obro‘-e’tibor bo‘lmasligi kerak. Zero, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bizga shunday tavsiya beradilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : تُنْكَحُ الْمَرْأَةُ لِأَرْبَعٍ لِمَالِهَا وَلِحَسَبِهَا وَلِجَمَالِهَا وَلِدِينِهَا فَاظْفَرْ بِذَاتِ الدِّينِ تَرِبَتْ يَدَاكَ (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ وَالْإِمَامُ مُسْلِمٌ .(
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Ayol to‘rt narsa uchun nikohlanadi: moli, nasabi, jamoli va dini uchun. Sen dindorini tanlagin, baraka topgur!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ba’zida qizlarimizning tengi chiqsa ham, yanada yaxshiroq joylardan umid qilib, ularni ushlab turamiz. Gohida qizning sepi tayyor emasligi, bunga qo‘limiz kaltaligini ro‘kach qilib, ularning umrini o‘tkazamiz. Vaholangki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida aytadilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِذَا خَطَبَ إِلَيْكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ فَزَوِّجُوهُ، إِلَّا تَفْعَلُوا تَكُنْ فِتْنَةٌ فِي الأَرْضِ ، وَفَسَادٌ عَرِيضٌ (رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالْإِمَامُ ابْنُ مَاجَةَ).
ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Dini, xulqi sizni rozi qiladigan kishi sovchi qo‘yib kelsa, (qizingizni) unga nikohlab bering. Agar shunday qilmasangiz, yerda fitna va katta fasod chiqadi” (Imom Termiziy va Imom ibn Moja rivoyati).
Tengi chiqqan qizlarni turmushga uzatmasak, keraksiz matohlarni deb, to‘ylarni kechiktirsak, oilasiz erkak va ayollar ko‘payadi, zino rivojlanadi, nasablar kesiladi. Jamiyatda salohiyat va iffat kamayadi.
Ba’zi yigitlar esa, hamma sharoitimni yaxshilab olaman deb, uylanmay yurishadi. Natijada yoshlari o‘tib qoladi. Vaholangki, bir kasbni boshini tutgan, nafaqai ro‘zg‘or qila oladigan yigitlar kambag‘allikdan qo‘rqib, uylanmay yurishi, to‘g‘ri emas. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:
وَأَنْكِحُوا الْأَيَامَى مِنْكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِنْ يَكُونُوا فُقَرَاءَ يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
(سورة النور الآية /32).
ya’ni: “Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho‘rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz! Agar (ular) kambag‘al bo‘lsalar, Alloh ularni o‘z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va dono zotdir” (Nur surasi, 32-oyat).
Hanafiy mazhabiga ko‘ra, uylanish – uylanmasdan umrini ibodatda o‘tkazishdan afzal, balki sunnatdir.
Oyati karimada kambag‘al bo‘lganlar turmush qurganlaridan so‘ng boy bo‘lishi haqida aytilmoqda. Buning ustiga, uylanguncha bo‘sh, yalqov bo‘lgan yigitlar, uylangandan keyin g‘ayratli, harakatchan bo‘lib qolishlari ko‘p kuzatilgan. Shuning uchun dinimiz imkoniyati bo‘lgan yigitlarni uylanishga targ‘ib qiladi. Lekin nikoh sunnatining e’loni bo‘lgan to‘y qilishni obro‘ musobaqasiga aylantirish, to‘yda turli isrofgarchiliklar qilish dinimizda qoralanadi va bu ishdan qaytariladi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:
وَلاَ تُسْرِفُواْ إِنَّهُ لاَ يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ (سُورَةُ الْأَنْعَامِ الآية/141).
ya’ni: “...Isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi” (An’om surasi, 141-oyat).
Bugungi kunda bu oyati karimani tushinishga juda muhtojmiz. Chunki Alloh taolo isrof qiluvchilarni sevmasa, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “nikohni barakalisi – sarfu xarajati kamrog‘i”, deb turganlarida, sarf xarajat qilish uchun musobaqa qilsak, hatto kuchimiz yetmay qolganda katta-katta qarzlarni bo‘ynimizga olsak, biz qanday ummat bo‘ldik!? Sunnatga zid ishlarimizni jafosini chekib turibmizku. Yillar davomida yemay-ichmay yiqqan mablag‘ini va buning ustiga olgan qarzlarini bir kunda isrof bilan sarflab, keyin yillar davomida qarz to‘laydi. To‘y kuni o‘nlab mashinalarni yollagan kuyov to‘ydan keyin piyoda yurishga ham mablag‘ topa olmaydi. Alloh ne’mat bergan kishilar isrof qilmasdan o‘zlariga yarasha to‘y qilishsa, bunga shar’an ta’qiq yo‘q. Lekin ularga yetaman deb, kamxarajat odamlar o‘zlarini qiyinchilikka qo‘yishi sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi.
Muhtaram jamoat! Keyingi paytlarda xalqimiz orasida kuyov tomon kelin tomondan ba’zi xarajatlarni talab qilishi ko‘payib qoldi. Masalan, kuyovga boshdan oyoq sarpo qilish, mebel sotib olishi kabi. Xo‘sh, mana shu xarajatlar haqida shariatimiz nima deydi, kelin haqiqatan ham yuqoridagi xarajatlarni qilishga majburmi yoki ixtiyorlimi?
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hayotlariga nazar qilsak, u zot va sahobiylar to‘y harajatlarini o‘z zimmalariga olganlar va mahr berganlar, lekin kelindan yoki kelin tomondan hech narsa tamagirlik qilmaganlar. Kuyov tomon talabgor bo‘lgani, sovchi qo‘ygani uchun, mahr berish, to‘y qilish – uning zimmasida bo‘ladi, albatta. Demak, kelin tomondan to‘y va boshqa xarajatlarni talab qilish mumkin emas. Bu shariatimiz ko‘rsatmalaridan, mardlik va olijanoblik doirasidan chiqish bo‘ladi.
Shu narsani ham aytib o‘tish joizki, kelin tomon mutlaqo xarajat qilishi mumkin emas, demaymiz, chunki ular ham o‘z xohishi bilan, majburlanmasdan ba’zi xarajatlarni qilishi mumkin. Bu ular tomonidan ehson bo‘ladi. Bu narsa o‘zaro kelishuv va shariatga to‘g‘ri keladigan urf-odatlarga ko‘ra bo‘lishi kerak. Bunga quyidagi oyati karimada ham ishora bor:
وَآَتُوا النِّسَاءَ صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً فَإِنْ طِبْنَ لَكُمْ عَنْ شَيْءٍ مِنْهُ نَفْسًا فَكُلُوهُ هَنِيئًا مَرِيئًا (سورة النساء الآية/4).
ya’ni: “Xotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz! Agar sizlarga o‘zlari undan biror narsani ixtiyoriy ravishda kechsa (bersa)lar, sizlar uni bemalol, ishtaha bilan tanovul qilaveringiz”. (Niso surasi, 4-oyat).
To‘ylar haqida gap ketganda, borgan sari ommalashib ketayotgan, na dinimizga, na urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar haqida gapirib o‘tmasak bo‘lmaydi. Masalan, to‘yda kelin kuyovning vals tushishi, “sevgi tarixi” videorolikini namoyish qilishi keng tarqaldi. Bu ishlar ham tekinga bo‘lmaydi. Agar bu “sevgi tarixi” chet elda ishlangan bo‘lsa, uning xarajati ham “otning kallasidek” bo‘ladi. Eng asosiysi – chet elda sayr qilib yurgan bu ikki nomahramning gunohini kim ko‘taradi? Ular ham osmondan tushmagan, kimnidir o‘g‘li yo qizi, kimnidir ukasi yo singlisi. Ularni o‘z holiga qo‘ysak, gunoh qilsa ham, qaytarmasak, isrof qilsa ham, gapirmasak, o‘zimizni oyog‘imizga o‘zimiz bolta urgan bo‘lamiz. Keyin bu isroflarning jabrini barchamiz tortishga majbur bo‘lamiz.
Alloh taolo barchamizni to‘ylarda isrof qilish, manmanlik qilish, haddan oshishdan saqlasin va to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin! Omin.
ILOVA
Muhtaram azizlar! Ma’lumki, Ahli sunna val jamoa to‘rtta fiqhiy mazhabdan iborat bo‘lib, ular – Hanafiy, Molikiy, Shofe’iy va Hanbaliy mazhablaridir.
Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining deyarli yarmi aynan hanafiy mazhabimizga amal qiladilar.
Hanafiy mazhabi asosan Markaziy Osiyo, Pokiston, Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Hindiston, Rossiya musulmonlari o‘rtasida, Arab mamlakatlaridan Iroq, Misr, Suriya, Liviya kabi yurtlarda keng tarqalgan.
Ushbu mazhab asoschisi Imom A’zam rahmatullohi alayhning asli ismlari – Abu Hanifa An-No‘mon ibn Sobit al-Forsiy bo‘lib, 80-hijriy yilda Kufada tug‘ilganlar.
U zot Qur’oni karimni Imom Osim qiroati bo‘yicha yod olgan, hadis ilmidan dars olgan, nahv, adabiyotdan yetarli darajada tahsil olgan. Shuningdek, kalom ilmi va din asoslarini po‘xta o‘rgangan. So‘ngra, fiqh ilmi bilan shug‘ullanganlar. Fiqh ilmini tanlagani haqida u zotning o‘zi shunday degan edi: “Har qachon fiqh bilan mashg‘ul bo‘lganimda qalbimda uning ulug‘ligi yanada ortib boraveradi... Bildimki, farzlarni ado etish, dinni qoim qilish va ibodatni mukammal bo‘lishi faqat fiqhni bilish bilan to‘g‘ri bo‘ladi. Dunyo va oxirat talabi ham aynan fiqhni bilishdadir”.
Bu ulug‘ zot tobeinlarni qayerda va qachon ilm olganlarini o‘rganar, xususan fiqh va ijtihodda alohida o‘rin tutgan sahobalar bilan aloqada bo‘lgan tobeinlarga ergashar edi. Bu xususda Abu Hanifa rahmatullohi alayhning o‘zlari shunday deganlar: “Umar ibn Xattob, Abdulloh ibn Mas’ud va Ibn Abbosning fiqhini ularning shogirdlaridan ta’lim olganman”.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh qirq yoshida Ko‘fa masjidida shayxi Hammod o‘tirgan joyga o‘tirib, shogirdlari bilan yangi fatvolar va turli masalalar ustida ilm majlislarini qurdilar. O‘xshash misollarni bir-biriga kuchli mantiq va o‘ta zakiy aql bilan qiyoslar edilar va shu tariqa hanafiy mazhabining fiqhiy usuliga asos soldilar.
Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘zlariga xos ijtihod yo‘llarini quyidagicha ta’riflaydilar: “Men hukmlarni Qur’ondan olaman. Agar Qur’ondan topa olmasam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan olaman. Agar Qur’ondan ham, Rasulullohning sunnatlaridan ham topa olmasam, sahobalardan xohlaganimning fatvosini olaman. Keyin ularning so‘zlaridan chiqmayman. Ammo, tobeinlardan Ibrohim an-Naxa’iy, Sha’biy, Hasan, Ibn Siriyn, Said ibn Musayyiblarga kelsak, mening ham ularga o‘xshab ijtihod qilishga haqqim bor”.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh birinchi bo‘lib taqdiriy (faraziy) masalalarda fatvo berishni yo‘lga qo‘ydilar. Hali ro‘y bermagan masalalarning yechimini oldindan aytib o‘tganlar. Natijada fiqh ilmining sohasi yanada kengaydi. Bu haqda Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh: “Fiqh bobida barcha Abu Hanifaga qaramdir”, – deganlar.
Muhtaram jamoat! Imomi A’zam mazhabi o‘zining mo‘tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o‘zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ba’zida yuzaga keladigan har xil ziddiyatlarni bartaraf etilishida muhim asos bo‘lib kelmoqda.
Ulamolarimiz: “Ijtihod darajasiga yetmagan kishilar muayyan bir mazhabni ushlashi lozim”, – deydilar. Shuningdek boshqa mazhablarga va ularga ergashganlarga hurmat bilan qarashi lozim.
Bir ishda bir mazhabga , ikkinchi bir ishda boshqasiga ergashish durust emas. Buni ulamolar “talfiq” deyishadi. “Talfiq” esa, haromdir. Dinda adashmaslik uchun, ma’lum bir mazhabni ixtiyor qilish va faqat unga ergashish lozim.
Abdulhay Laknaviy “Majmuatul fatovo” kitobida: “Hindiston, Movarounnahr shaharlarida shofe’iylarning ham, hanbaliylarning ham, molikiylarning ham mazhabi yo‘q va ushbu mazhab kitoblari ham topilmaydi. Shuning uchun bu shaharlarda yashovchi bilimsiz (mujtahid bo‘lmagan) insonga Abu Hanifa mazhabiga taqlid qilishi vojib bo‘ladi. Unga o‘z mazhabidan chiqishi mumkin bo‘lmaydi. Haramaynda yashagan kishiga bunday emas. Chunki u yerda jami mazhablarni topish imkoniyati bor”, – deganlar.
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, ulug‘ mujtahidlarimizga hurmat bajo keltirish va ularning yo‘lini tutish dinimiz ravnaqi, yurt tinchligi uchun qo‘shilgan ulkan hissadir. Alloh taolo o‘zaro birdamligimizni ziyoda qilsin, bizni to‘g‘ri yo‘lida davomiy qilsin! Omin.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hikmat egalarining og‘zidan chiqqan eng go‘zal gaplar:
- Otlar ichgan yerdan suv iching, chunki otlar hech qachon iflos suvni ichmaydi.
- Yotog‘ingizni mushuk uxlaydigan joyga soling, chunki mushuk xotirjam joyda uxlaydi.
- Qurt tushgan, lekin teshib chiqmagan mevani yeng, chunki qurt doimo mevaning pishganini tanlaydi.
- Daraxtni yumronqoziq kavlagan yerga o‘tqazing, chunki o‘sha yer hosildor bo‘ladi.
- Uyni ilon isinib yotgan joyga quring, chunki o‘sha joy mustahkam va cho‘kmaydigan bo‘ladi.
- Qushlar issiq kunda panaga qochgan yerni qazisangiz suv chiqadi, chunki qushlar suv bor yerni biladi.
- Qushlar bilan bir vaqtda uxlab, ular bilan bir vaqtda uyg‘oning - zero bu muvaffaqiyat yo‘ldir.
- Ko‘proq sabzavot iste’mol qiling, shunda o‘rmon hayvonlari kabi oyoqlaringiz kuchli va yuragingiz baquvvat bo‘ladi.
- Imkon topganingizda suvda suzing, shunda yerda o‘zingizni huddi suvdagi baliqdek yengil his qilasiz.
- Imkon qadar osmonga ko‘proq qarang, shunda fikrlaringiz ravshan va tiniqlashadi.
- O‘zingizni xotirjam va sokin tutishga odatlaning, shunda qalbingizga sakinat kirib, ruhingiz orom topadi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV