Bugun Toshkent shahridagi “Bo‘rijar” (“Ilonlik ota” mahallasi) jome masjidiga yangi imom-xatib tayinlandi. Asr namozidan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim domla Inomov jamoatga Alixonov Mirzatillo Abdullajon o‘g‘lini “Bo‘rijar” jome masjidi imom-xatibi etib tayinlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining buyrug‘ini o‘qib eshittirdi.
Alixonov Mirzatillo Abdullajon o‘g‘li bungacha Toshkent shahar “Tepa” jome masjidi imom noibi vazifasida faoliyat yuritgan hamda qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyat bo‘limida xizmat qilib keladi.
Ustozlar yosh, iqtidorli imom-xatibning kelgusidagi faoliyatiga Alloh taolodan muvaffaqiyatlar so‘rab, dinimizga, xalqimizga sadoqat bilan faol xizmat qilishlarini tilab duolar qildilar.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi vazifasiga tayinlangan Abdukarimov Husniddin Chilonzor tumani bosh imom-xatibi va “Bo‘rijar” jome masjidi imom-xatibi vazifalarida faoliyat yuritgan edi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mag‘rurlik
Bilingki, kim o‘z nafsining pastkashliklarini anglab yetsa, olamda o‘zidan boshqa yomonroq, nafratga munosibroq kishini ko‘rmaydi. Odam farzandi uchun o‘zining tub mohiyatini anglashdan ham muhimroq majburiyat yo‘q. Shunday ekan, inson o‘zidan qanoatlanmasligi, o‘z nafsidan mamnun bo‘lmasligi zarur. U o‘zini qanchalik chuqur anglab borsa, ma’naviy holi shuncha yaxshilanib, Alloh huzuridagi darajasi ko‘tarilib boradi.
Nafsning tarbiyasi eng avvalo, yomon sifatlarni tark etib, maqtalgan, yaxshi xislatlarga o‘tish yo‘li bilan amalga oshadi. Barcha yomon sifatlarning ildizi esa mag‘rurlik (ujb)dadir[1].
Demak, birinchi navbatda inson go‘zal fazilatlarni egallashiga to‘sqinlik qiluvchi g‘ururini tark etishi zarur! Shuning uchun ham maqtalgan sifatlarni qo‘lga kiritishning asosiy sharti – bu ujbdan xoli bo‘lishlikdir! Kim o‘zi haqida yuksak fikrda bo‘lmasa, unday odam o‘z nafsini poklashga, go‘zal odoblarni o‘zlashtirishga harakat qiladi. Axir kamolotga intilish va kamchiliklarni yo‘qotish inson tabiatiga xos emasmi?
Inson o‘ziga yuksak baho berish tuyg‘usidan forig‘ bo‘lganida maqtalgan sifatlarni o‘zlashtira boshlaydi. Nuqsonlarini anglab, o‘zida g‘urur va manmanlikni tuymaydi. Bunday holda u kamolot sari da’vat etilsa, haqiqiy ishtiyoq bilan, samimiy intiladi. Ilohiy eslatmalar ta’siri va o‘zining tabiiy mohiyati sababli u belgilangan kamolotga yetishguniga qadar axloqiy o‘nglanishda davom etadi.
Ma’lumki, nafsning falokatlaridan biri maqtovlardan lazzatlanishga moyillikdir. Zero, o‘z nafsidan mamnun bo‘lish va o‘ziga bino qo‘yish Allohning g‘azabini keltiradigan holatlardir.
Ibn Atoulloh quddisa sirruhudan so‘rashdi:
– Allohning g‘azabini hamma narsadan ko‘ra tezroq keltiradigan narsa nima?
U zot javob berdilar:
– O‘ziga va o‘zining ruhiy holiga yuksak baho berishlik. Bundan–da yomonrog‘i esa bajargan amali uchun Allohdan mukofot talabida bo‘lmoqlik.
Nafslarining kamchiliklarini faqat o‘zlarini o‘zlari nazorat ostiga olgan kimsalargina payqaydilar. Allohga qasamki, Yaratganning bandasiga qilgan yaxshiliklarining yang yaxshisi nafsining pastkashliklarini o‘ziga ko‘rsatib qo‘yganidir hamda ko‘rsatgan qahrining eng shiddatlisi nafsining razolatini o‘zidan berkitib qo‘yganidir.
Axir, qanday qilib aqlli inson o‘z nafsidan o‘zi mamnun bo‘lishligi mumkin? Barcha yaxshilarning hammalaridan yaxshilari bo‘lgan hazrati Yusuf ibn Ya’qub ibn Is'hoq ibn Ibrohim Xalilulloh alayhimussalomning so‘zlariga bir e’tibor bering:
“Nafsimni oqlamayman. Zero, nafs yomonlikka undovchidir. Faqat Rabbim rahm qilganlar bundan mustasnodir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmli zotdir” (Yusuf surasi, 53-oyat).
Tafsirchilar marhamat qiladilar:
“Bu – “Nafsimni o‘z-o‘zicha yomonlikdan pok deb hisoblamayman, ya’ni men nafsimning tabiiy mohiyatiga asosan bahosini orttirmayman, balki butunlay va mutlaqo Allohning madadiga ishonaman”, deganidir.
“Chunki nafs” deyilganda esa barcha nafslar tushuniladi, jumladan, Yusuf alayhissalomning nafslari ham. Yana nafs tabiatiga ko‘ra “barcha yomonliklarga buyurguvchidir”, deb sifatlangan. Bu – isyonga, sarkashlikka va yaramas ish-harakatlarga chaqiradi, deganidir”.
Nafs turli taqiqlangan ishlarga moyil holda o‘zining foydasiz va behuda istaklarini hammasidan ko‘p ma’qul ko‘rib, ulardan lazzatlanadi. Agar shunday bo‘lmaganida ko‘pchilik odamlarning nafsi o‘z hoyu havaslariga itoat etmas, o‘z xudbinliklariga chap bergan bo‘lar va natijada ulardan ham yomonlik yetmasdi. Shuning uchun ham odam bolasining hammadan aqllisi va Alloh huzuridagi qadrlisi deb o‘z nafsining kamchiliklarini yaxshiroq ko‘ra oladigani aytiladi. Kimki o‘z nafsining kamchiliklarini davomli ravishda kuzata olsa, yanada ko‘proq hushyor tortib, nafsini ayblaydi va o‘zi haqidagi yuksak fikrlarga zarba berib, ularni haydaydi.
“At-Tavilot an-najmiyya” kitobida shunday deyiladi:
“Nafs o‘z tabiatiga ko‘ra yomonlik qilishga buyuruvchi qilib yaratilgandir. Agar unga erk berilsa, undan faqat axmoqona ishlarni kutish mumkin, chunki u faqat yomonlik sodir etish uchungina amr etadi. Qachonki Alloh unga rahm qilib, marhamat nazari bilan qarasa, uning barcha xulqini o‘zgartiradi, Allohning mehribonligi bilan nafs butunlay yomonliklarini tark etib, yaxshi tomonga o‘zgaradi. Endi u yomonlikka buyuruvchi emas, balki yaxshilikka amr qiluvchi bo‘ladi. Ya’ni nafsdagi yovuzlik ezgulikka almashadi. Shuning uchun hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Parvardigoro, meni ko‘z ochib yumguncha bo‘lsa ham nafsim bilan tanho tashlab qo‘yma!” (Ahmad ibn Hanbal, V, 42; Abu Hurayra rivoyat qilgan hadisda ham shu ma’noda keladi, Ibn Najjor) deb Allohga yolvordilar.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] Ujb – o‘zi haqida juda baland fikrda bo‘lish, o‘ziga yuksak bahor berish, o‘zi bilan faxrlanish, o‘ziga ishonish, mag‘rurlanish, taltayib ketish va hokazo.