Alloh taolo Fajr surasining ilk oyatlarini “Tongga qasam! Va O'n kechaga qasam!” – deya ulug'vorlikka dalolat qiluvchi mavhum (nakra) siyg'a bilan nihoyatda qadri baland bo'lgan o'n kechaga qasamyod qilish bilan boshlagan. Mazkur o'n kechaning qaysi kechalar ekanligi haqida mufassirlar ikki xil fikr bildirganlar. Birinchisi, ramazon oyining oxirgi o'n kechasi bo'lsa, ikkinchi qavlga ko'ra, bu kechalardan murod zulhijja oyining avvalgi o'n kechasidir. Bu o'rinda kecha deyilar ekan faqat tunlar emas, balki, kunduz kunlar ham tushuniladi.
Bu kunlarda ulug' ibodatlar amalga oshiriladi. Haj ibodatining o'zagi bo'lgan Arafada vuquf qilish ham aynan mana shu kunlarning ichidadirki, u kunda Alloh taolo bandalari uchun shaytonni g'amga botiradigan darajada behisob rahmat va mag'firatlarini in'om qiladi. Shayton alayhilla'na Arafa kunida ko'rayotgan narsalaridan, xususan maloikalar va Allohning rahmatlari mo'minlar ustiga yog'ilishidan qattiq g'amga botadi. U hech qaysi kunda u kundagidek haqir va mag'lub bo'lib ko'rinmaydi.
Ushbu hadisi sharif o'z mazmuniga ko'ra zulhijja oyining avvalgi o'n kunligida solih amallar va nafl ibodatlar qilish nihoyatda fazilatli ekanligiga dalolat qiladi. Nafl ro'za ham albatta solih amallar sirasiga kiradi, balki, u solih amallarning muqaddimasida turadi. Shu bois ham ulamolar mazkur kunlarda boshqa nafl ibodatlar bilan bir qatorda ro'za tutishni ham mustahab amallardan hisoblaganlar.
Hunayda ibn Holid o'z ayolidan, uning ayoli esa payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalaridan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zulhijja oyining avvalgi to'qqiz kunida, Oshuro kunida va har oydan uch kunda – oyning avvalgi dushanbasi bilan ikki payshanbasida – ro'za tutardilar” (Imom Ahmad, 21829-hadis va Abu Dovud rivoyatlari, 2437-hadis).
Garchi birinchi hadisning zohiridan zulhijja oyining o'n kunida ro'za tutishlik tushunilsa ham, aslida to'qqiz kun ro'za tutiladi. Chunki, o'ninchi kuni hayit bo'lib, ro'za tutishlik harom bo'ladi. Bunga ikkinchi hadisning mazmuni hamda Abu Said al-Hudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis ham dalolat qiladi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni (ya'ni Iydul-Fitr) va Nahr kuni (ya'ni Qurbonlik qilinadigan kun – Iydul-Azho kuni) ro'za tutishdan qaytardilar» (Imom Buxoriy rivoyati, 1992-hadis; Imom Muslim rivoyati, 827-hadis).
Shu bois, ulamolar bayram kuni ro'za tutishning joiz emasligiga ittifoq qilganlar. «O'n kun» deb tilga olinishining sababi esa odatda katta narsani tilga olish bilan nisbatan kichikroq narsani ham nazarda tutish yoki yaxlitlab aytish qoidasiga binoandir. Bu o'n kunlarning asosi, mehvari, borib taqaladigan joyi va xotimasi Iyd kuni bo'lganligidan u kunlar Iyd kuni bilan qo'shib zikr qilingan.
Demak, hajda bo'lmaganlarga zulhijjaning avvalgi to'qqiz kunida ro'za tutish mustahab. Hanafiy mazhabiga ko'ra arafa kuni ro'za tutish haj qilayotgan insonga qiyinchilik tug'dirmasa, mustahab. Bordiyu, u kundagi ro'za uni mashaqqatga soladigan bo'lsa, arafa kunida ro'za tutish uning haqida makruh bo'ladi.
Mazkur o'n kundan hisoblanuvchi Arafa kunining ro'zasi esa alohida fazilatga ega. Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “Arafa kunining ro'zasi o'zidan avvalgi bir yil va o'zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman” (Imom Muslim va boshqalar rivoyati).
Demak, zulhijjaning ilk o'n kunligida umuman nafl ro'za, qo'shimcha ibodatlar, Allohning zikri, Qur'on tilovati, xayru saxovat kabi ezguliklarni ko'p va xo'p bajarish mustahab bo'lsa, Arafa kunida bu amallar yanada kuchliroq fazilat kasb etadi.
Ulamolar “fazilatda qay biri kuchli: zulhijjaning avvalgi o'n kunimi yoki Ramazonning oxirgi o'n kunligimi?”, degan savolga: “zulhijjaning o'n kuni kunduz kun e'tibori bilan afzal, ramazonning oxirgi o'n kunligi esa kechalar e'tibori bilan afzal, zero unda qadr tuni bor”, deya javob berganlar.
Odilxon qori Yunusxon o'g'li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.