Bugun, 31 iyul kuni Farg‘ona viloyati vakilligida viloyat masjidlari imom-xatiblarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tdi. Unda masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati va diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi qilinayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, hozirgi murakkab va tahlikali zamonda g‘oyaviy tahdidlarga qarshi kurashish, noxolis xabarlarga o‘z vaqtida, munosib javob qaytarish va yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishga yo‘l qo‘ymaslik, ularni to‘g‘ri tushuntirish kabi yo‘nalishlarda muhim tavsiyalar berildi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan zamon bilan hamnafas yashash, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash va aholi imon-e’tiqodini mustahkamlash yo‘lida imom-domlalarni doimo faollikka, tashabbus ko‘rsatishga da’vat etilayotganlariga alohida urg‘u qaratildi.
Yurtimizda kechayotgan jarayonlar, islohotlar barcha soha vakillaridan tezkorlikni, mehnatsevarlikni, o‘z ishiga nisbatan fidokorlikni talab qilmoqda. Jumladan, bugungi islohotlar imom-xatiblardan ham tezkor jarayonlardan ortda qolmaslikni, zamon bilan hamnafas yashash va ishlashni taqozo etmoqda. Imom-domlalarimizning faoliyat qamrovi kengayganini inobatga olsak, endi ular faqat masjidda ibodatlarni ado etib beruvchi peshvo yoki ma’raka-marosimlarni o‘tkazib beruvchi mutasaddi emas, balki xalqning dardu tashvishidan xabardor, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rnida yechishga ko‘maklashuvchi, insonlarni ezgulikka targ‘ib qilib, yomonlikdan qaytaruvchi, chin ma’noda odamlarning suyanchig‘i bo‘lishi lozimligi ushbu yig‘ilishda ta’kidlandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili vazifasini bajaruvchi Abdullayev Ubaydullo o‘z xohishiga ko‘ra, egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi vazifasida ko‘p yillardan buyon mehnat qilayotgan Qodirov Salimjon O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimlariga tayinlandi.
Masjidlar imom-xatiblari yangi bosh imom-xatib atrofida jipslashib, Islom dini ta’limotlarini targ‘ib qilish, islohotlarni aholi o‘rtasida keng tushuntirish va mamlakatimiz barqarorligi yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib xizmat qilishlarini izhor qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan eng kuchli odam kim, deb so‘rashganda shunday degan ekanlar: "G‘azabi kelgan va kuchi yetgan paytda o‘zini tiyib, g‘azabini yutgan odam — haqiqiy kuchli odamdir."
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov