Har bir oilada ota va o‘g‘il o‘rtasidagi munosabatlar doimo barchani o‘ylashga, mushohada qilishga undaydigan masalalardan biridir. Bu rishta o‘ta nozik, hamda o‘z navbatida o‘ta mas’uliyatli bo‘lganidan Qur’oni karimda bir necha oyatlar, qissalar va go‘zal nasihatlar ila chiroyli ta’lim berilgan. Bundan murod — ota va bolalar bir-birlarining haqlariga xiyonat qilmasliklar va haddilarini buzib o‘tmasliklar, kim-kimga qanday munosabatda bo‘lishlarini bilib olsinlar degan undash bor.
Qur’oni karimda Luqmoni Hakim shirk deb atalmish zulmdan farzand aqidasini poklagan, husni xulqiy odoblarni o‘rgatgan, din va dunyo ishlarini chiroyli tarzda amalga oshirishni ta’lim bergan peshqadam otalardan hisoblanadilar. Buning uchun go‘zal zarbulmasal keltirib, o‘z o‘g‘illariga nasihat qiladilar, shu orqali farzandlarning otalardagi haqlarini ham bayon qilib o‘tadilar.
«Luqmon dedi: “Ey, o‘g‘ilcham, shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining)urug‘idek yaxshi yoki yomon amal qilinadigan bo‘lsa bas, u amal bir xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero Alloh lutfli va ogoh zotir. Ey o‘g‘ilcham, namozni mukammal ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan balolarga sabr qil! Albatta mana shu ishlarning puxtasidandir. Odamlarga (kibrlanib)yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin. Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o‘rta hol yurgin va ovozingni past qilgin. Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir”. (Luqmon surasi, 16-19 -oyatlar)
Islom tarixida hamda bugungi kunda ko‘plab tarbiyaviy kitoblarda ibrat olish uchun, Luqmoni Hakim eng yaxshi nasihatgo‘y va solih ota sifatida barcha otalarga o‘rnak bo‘lishga arzigulik insondirlar.
Alloh subxanahu va taoloning mo‘jaz kitobi Qur’oni karimning boshqa bir oyatida, otasiga itoatkor va solih o‘g‘il namunasi qilib Ismoil alayhissalom qissalari keltiriladi. Ismoil alayhissalom payg‘ambar otaning payg‘ambar o‘g‘li bo‘lganlar. Tug‘ilishidan oldin hushxabari berilgan farzand edilar.
U kishini Alloh O‘z kalomida madh etib aytadi: «(Ey, Muhammad,) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va’dasida sodiq turuvchi va elchi – payg‘ambar edi. U o‘z ahli (va umati)ni namozga va ro‘zaga buyurar edi. U Parvardigori nazdida rozi bo‘lingan edi. (Maryam surasi, 54,55-oyat).
U kishining va’dasida sadoqatli bo‘lganlari va Allohning rizoligiga qanday erishganlari esa quydagi oyatda zikr qilingan: “Bas, qachonki u (otasi) bilan birga yuradigan bo‘lgach, (Ibrohim): Ey o‘g‘ilcham, men tushimda seni(qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’y(fikr) qilishingni bir (o‘ylab) ko‘rgin”, degan edi, u aytdi: “Ey, otajon,(senga tushingda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qilgin. Ishaalloh, meni sabr qiluvchilardan topursan”. Bas, qachonki, ikkisi ham (Allohning amriga) bo‘yin sunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (yerga)yotqizgan ediki, biz unga nido qildik: “Ey, Ibrohim! Darhaqiqa, sen tushni tasdiq etding. Albatta biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz”. Albatta bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor) so‘yishni evaz qilib berdik». (Soffat surasi, 102-107-oyatlar)
Ismoil alayhissalom hayotlariga so‘ngi nuqta qo‘yilishini aniq bilib tursalar ham, bu ish Allohning buyrug‘i deya, otalariga qarshi biror so‘z aytmadilar. Nega? Qaysi gunohim uchun? deb ham so‘rab o‘tirmadilar. Chunki u kishi otalari behikmat bir ish qilmasliklarini bilar, otalarini Alloh oldida hijolatga qo‘yishni sira istamasdilar. Garchi ziyonlariga bo‘lsa ham Allohga va uning payg‘ambariga haqiqiy itoat na’munasini amallari bilan isbot qildilar. Yana boshqa Qur’on qissasida u kishi otalariga Ka’bani barpo qilishda yordam berganlari, yonlarida birga turib Allohga duo qilganlari aytib o‘tiladi. Ismoil alayhissalom va’dasiga sadoqatli bo‘lishni qasd qilgan va Robbisi huzurida rozi bo‘linganlarning darajasini istaydigan o‘g‘illar uchun eng yaxshi na’munadirlar.
Dinimiz ta’limotlaridan ma’lumki, farzand ota onaga hamisha itoatkor bo‘lmog‘i darkor. Ammo ular yomon yo‘lga chorlasalar, Allohga osiy bo‘ladigan amallarga buyursalar, yana bir payg‘ambar va uning otasi haqidagi qissa bu masalani muolaja qilib beradi.
Ibrohim alayhissalom kichik yoshdagi bola bo‘lishlariga qaramay, qavmlari va otalari qilayotgan ishlar – but sanamlarga sig‘inishdan bezor edilar. To u kishiga risolat kelmagunicha haq yo‘lni izlayverdilar. Nihoyat Alloh payg‘ambarlikka tanlab olganidan so‘ng, qavmlari va otalari ibodat qilayotgan olihalardan bezor ekanliklarini aytib, o‘z yo‘llaridan ketdilar. Shunday bo‘lsa ham, otalariga qarshi dag‘al so‘z aytmadilar. Aksincha bir muddatgacha istig‘for aytib yurdilar. Keyin Alloh taolo buni ma’n qilgan: «Na payg‘ambar va na mo‘minlar mushriklar uchun, garchi ular qarindoshlari bo‘lsa ham ularning do‘zax ekanliklari ma’lum bo‘lgandan keyin istig‘or (gunohlarini kechirishini) so‘rashlari joiz emas. Ibrohimning (o‘z) otasi uchun istig‘for so‘rashi faqat unga qilgan va’dasi tufayli edi. Allohning dushmani ekanligini bilganidan keyin undan (otasidan) voz kechdi. Albatta, Ibrohim oqko‘ngil va halimdir”. (Tavba surasi, 113,114-oyatlar)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham onalariga istig‘for aytishga Allohdan izn so‘raganlarida, Alloh bunga izn bermaganligini Abu Hurayra r.a bunday rivoyat qiladilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam onalarining qabrini ziyorat qildilar, bas, yig‘ladilar. Atroflaridagilar ham yig‘lashdi. U Zot aytdilar: “Robbimdan u kishi (onam)ga istig‘for aytishga izn so‘ragan edim, meng izn bermadi. Undan (onamning) qabrini ziyorat qilishni so‘raganimda, izn berdi. Qabrlarni ziyorat qiling. Albatta, u o‘limni eslatadi”. (Muslim rivoyati)
Ibrohim alayhissalomning yuqoridagi qissalarida otalari aniq mushrik va Allohning dushmani ekanligi zohir bo‘lgach, undan yuz o‘girganlari ma’lum bo‘lmoqda. Ammo uni hozirgi kunimizga qiyoslasak, Ozar singari ota onalar topilmasa kerak. Lekin dinni hali mukammal bilmaydigan, hatto namoz o‘qishni to‘liq o‘zlashtirmaganlar ham bor. Lekin ularga Ozardek munosabatda bo‘linmaydi. Ular shukrki, musulmon, imon e’tiqodli insonlardir. Ba’zi farzandlar ota onalariga qattiq va qo‘pol muomala qilayotganlari, oddiy ishlarda ham itoat qilmayotgani quloqqa chalinadi. Ota onaning haqqini poymol qilish, dillarini og‘ritish, ayrim soddaliklariga g‘ashlari kelishi juda nomaqbul ishdir. Farzandlik burchi o‘laroq, shirin so‘z, go‘zal muomala qilib boraverish kerak, shoyad Alloh ularni ham hidoyatga boshlasa, dinini go‘zal qiluvchilardan aylasa!
Darhaqiqat bugun ushbu mavzu doirasida so‘z yuritar ekanmiz yuqorida keltirilgan Qur’oniy qissalardan olishimiz zaruriy bo‘lgan foydalar haqida ham so‘z yuritib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Insha Alloh!
Oilada ota va o‘g‘il munosabatlarini chiroyli bo‘lishi uchun farzandlarga pand nasihat qilish joizdir. Unga din va dunyo odoblaridan ta’lim berish, Ota-onaga so‘zsiz itoat qilish, Ma’siyat o‘rinlarda ularga chiroyli tarzda tushuntirish, Va’dasiga sodiqlik Allohga mahbub amallardan bir ekanligi, Kishi ahli va qarindoshlarini yaxshi ishlarga targ‘ib qilish, Ota-onasi musulmon bo‘lsa haqlariga duo va istig‘for aytish judda ham mashhur va mahbub amallardandir. Alloh taolo barchalarimizni oilalarimizda islomiy muhit ila yashashlikka tavfiqu xidoyat bersin.
Avazbek MO‘MINOV
Andijon shahar
“Chinor” jome masjidi imom-xatibi
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV