Sayt test holatida ishlamoqda!
21 May, 2025   |   23 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
04:59
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:44
Xufton
21:15
Bismillah
21 May, 2025, 23 Zulqa`da, 1446

Qur’onda ota va o‘g‘il munosabatlariga oid masalalar

27.07.2018   15877   7 min.
Qur’onda ota va o‘g‘il munosabatlariga oid masalalar

Har bir oilada ota va o‘g‘il o‘rtasidagi munosabatlar doimo barchani o‘ylashga, mushohada qilishga undaydigan masalalardan biridir. Bu rishta o‘ta nozik,  hamda o‘z navbatida o‘ta mas’uliyatli bo‘lganidan Qur’oni karimda bir necha oyatlar, qissalar va go‘zal nasihatlar ila chiroyli ta’lim berilgan. Bundan murod — ota va bolalar bir-birlarining haqlariga xiyonat qilmasliklar va haddilarini buzib o‘tmasliklar, kim-kimga qanday munosabatda bo‘lishlarini bilib olsinlar degan undash bor.

Qur’oni karimda Luqmoni Hakim shirk deb atalmish zulmdan farzand aqidasini poklagan, husni xulqiy odoblarni o‘rgatgan, din va dunyo ishlarini chiroyli tarzda amalga oshirishni ta’lim bergan peshqadam otalardan hisoblanadilar. Buning uchun  go‘zal zarbulmasal keltirib, o‘z o‘g‘illariga nasihat qiladilar, shu orqali farzandlarning otalardagi haqlarini ham bayon qilib o‘tadilar.

«Luqmon dedi: “Ey, o‘g‘ilcham, shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining)urug‘idek yaxshi yoki yomon amal qilinadigan bo‘lsa bas, u amal bir xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero Alloh lutfli va ogoh zotir. Ey o‘g‘ilcham, namozni mukammal ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan balolarga sabr qil! Albatta mana shu ishlarning puxtasidandir. Odamlarga (kibrlanib)yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin. Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o‘rta hol yurgin va ovozingni past qilgin. Chunki ovozlarning eng yoqimsizi  eshaklar ovozidir”. (Luqmon surasi, 16-19 -oyatlar)

Islom tarixida hamda bugungi kunda ko‘plab tarbiyaviy kitoblarda ibrat olish uchun, Luqmoni Hakim  eng yaxshi nasihatgo‘y va solih ota sifatida barcha otalarga o‘rnak bo‘lishga arzigulik insondirlar.

Alloh subxanahu va taoloning mo‘jaz kitobi Qur’oni karimning boshqa bir oyatida, otasiga itoatkor va solih o‘g‘il namunasi qilib Ismoil alayhissalom qissalari keltiriladi. Ismoil alayhissalom payg‘ambar otaning payg‘ambar o‘g‘li bo‘lganlar. Tug‘ilishidan oldin hushxabari berilgan farzand edilar.

U kishini Alloh O‘z kalomida madh etib aytadi: «(Ey, Muhammad,) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va’dasida sodiq turuvchi va elchi – payg‘ambar edi. U o‘z ahli (va umati)ni namozga va ro‘zaga buyurar edi. U Parvardigori nazdida rozi bo‘lingan edi. (Maryam surasi, 54,55-oyat).

U kishining va’dasida sadoqatli bo‘lganlari va Allohning rizoligiga qanday erishganlari esa quydagi oyatda zikr qilingan: “Bas, qachonki u (otasi) bilan birga yuradigan bo‘lgach, (Ibrohim): Ey o‘g‘ilcham, men tushimda seni(qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’y(fikr) qilishingni bir (o‘ylab) ko‘rgin”, degan edi, u aytdi: “Ey, otajon,(senga tushingda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qilgin. Ishaalloh, meni sabr qiluvchilardan topursan”. Bas, qachonki, ikkisi ham (Allohning amriga) bo‘yin sunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (yerga)yotqizgan ediki, biz unga nido qildik: “Ey, Ibrohim! Darhaqiqa, sen tushni tasdiq etding. Albatta biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz”. Albatta bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor) so‘yishni evaz qilib berdik». (Soffat surasi, 102-107-oyatlar)

Ismoil alayhissalom hayotlariga so‘ngi nuqta qo‘yilishini aniq bilib tursalar ham, bu ish Allohning buyrug‘i deya, otalariga qarshi biror so‘z aytmadilar. Nega? Qaysi gunohim uchun? deb ham so‘rab o‘tirmadilar. Chunki u kishi otalari behikmat bir ish qilmasliklarini bilar, otalarini Alloh oldida hijolatga qo‘yishni sira istamasdilar. Garchi ziyonlariga bo‘lsa ham Allohga va uning payg‘ambariga haqiqiy itoat na’munasini amallari bilan isbot qildilar. Yana boshqa Qur’on qissasida u kishi otalariga Ka’bani barpo qilishda yordam berganlari, yonlarida birga turib Allohga duo qilganlari aytib o‘tiladi. Ismoil alayhissalom va’dasiga sadoqatli bo‘lishni qasd qilgan va Robbisi huzurida rozi bo‘linganlarning darajasini istaydigan o‘g‘illar uchun eng yaxshi na’munadirlar.

Dinimiz ta’limotlaridan ma’lumki, farzand ota onaga hamisha itoatkor bo‘lmog‘i darkor. Ammo ular yomon yo‘lga chorlasalar, Allohga osiy bo‘ladigan amallarga buyursalar, yana bir payg‘ambar va uning otasi haqidagi qissa bu masalani muolaja qilib beradi.

Ibrohim alayhissalom kichik yoshdagi bola bo‘lishlariga qaramay, qavmlari va otalari qilayotgan ishlar – but sanamlarga sig‘inishdan bezor edilar. To u kishiga risolat kelmagunicha haq yo‘lni izlayverdilar. Nihoyat Alloh payg‘ambarlikka tanlab olganidan so‘ng, qavmlari va otalari ibodat qilayotgan olihalardan bezor ekanliklarini aytib, o‘z yo‘llaridan ketdilar. Shunday bo‘lsa ham, otalariga qarshi dag‘al so‘z aytmadilar. Aksincha bir muddatgacha istig‘for aytib yurdilar.  Keyin Alloh taolo buni ma’n qilgan: «Na payg‘ambar va na mo‘minlar mushriklar uchun, garchi ular qarindoshlari bo‘lsa ham ularning do‘zax ekanliklari ma’lum bo‘lgandan keyin istig‘or (gunohlarini kechirishini) so‘rashlari joiz emas. Ibrohimning (o‘z) otasi uchun istig‘for so‘rashi faqat unga qilgan va’dasi tufayli edi. Allohning dushmani ekanligini bilganidan keyin undan (otasidan) voz kechdi. Albatta, Ibrohim oqko‘ngil va halimdir”. (Tavba surasi, 113,114-oyatlar)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham onalariga istig‘for aytishga Allohdan izn so‘raganlarida, Alloh bunga izn bermaganligini Abu Hurayra r.a bunday rivoyat qiladilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam onalarining qabrini ziyorat qildilar, bas, yig‘ladilar. Atroflaridagilar ham yig‘lashdi. U Zot aytdilar: “Robbimdan u kishi (onam)ga istig‘for aytishga izn so‘ragan edim, meng izn bermadi. Undan  (onamning) qabrini ziyorat qilishni so‘raganimda, izn berdi. Qabrlarni ziyorat qiling. Albatta, u o‘limni eslatadi”. (Muslim rivoyati)

Ibrohim alayhissalomning yuqoridagi qissalarida otalari aniq mushrik va Allohning dushmani ekanligi zohir bo‘lgach, undan yuz o‘girganlari ma’lum bo‘lmoqda. Ammo uni hozirgi kunimizga qiyoslasak, Ozar singari ota onalar topilmasa kerak. Lekin dinni hali mukammal bilmaydigan, hatto namoz o‘qishni to‘liq o‘zlashtirmaganlar ham bor. Lekin ularga Ozardek munosabatda bo‘linmaydi. Ular shukrki, musulmon, imon e’tiqodli insonlardir. Ba’zi farzandlar ota onalariga qattiq va qo‘pol muomala qilayotganlari, oddiy ishlarda ham itoat qilmayotgani quloqqa chalinadi. Ota onaning haqqini poymol qilish, dillarini og‘ritish,  ayrim soddaliklariga g‘ashlari kelishi juda nomaqbul ishdir. Farzandlik burchi o‘laroq, shirin so‘z, go‘zal muomala qilib boraverish kerak, shoyad Alloh ularni ham hidoyatga boshlasa, dinini go‘zal qiluvchilardan aylasa!

Darhaqiqat bugun ushbu mavzu doirasida so‘z yuritar ekanmiz yuqorida keltirilgan Qur’oniy qissalardan olishimiz zaruriy bo‘lgan foydalar haqida ham so‘z yuritib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Insha Alloh!

Oilada ota va o‘g‘il munosabatlarini chiroyli bo‘lishi uchun farzandlarga pand nasihat qilish joizdir. Unga din va dunyo odoblaridan ta’lim berish, Ota-onaga so‘zsiz itoat qilish, Ma’siyat o‘rinlarda ularga chiroyli tarzda tushuntirish, Va’dasiga sodiqlik Allohga mahbub amallardan bir ekanligi, Kishi ahli va qarindoshlarini yaxshi ishlarga targ‘ib qilish, Ota-onasi musulmon bo‘lsa haqlariga duo va istig‘for aytish judda ham mashhur va mahbub amallardandir. Alloh taolo barchalarimizni oilalarimizda islomiy muhit ila yashashlikka tavfiqu xidoyat bersin.

Avazbek MO‘MINOV
Andijon shahar 
“Chinor” jome masjidi imom-xatibi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Alloh bunday bandalarni yaxshi ko‘radi

19.05.2025   2451   5 min.
Alloh bunday bandalarni yaxshi ko‘radi

Har bir ishni puxta qilish – bu insonning o‘z vazifasiga jiddiy, mas’uliyatli va professional yondashishini anglatadi. Puxta ishlash nima? Puxta ishlash – ishni yuzaki emas, balki chuqur o‘ylab, reja asosida, kerakli bilim va mahorat bilan mukammal bajarishdir.

Shu bilan birga, bu sifatga e’tibor berish, mas’uliyatni his qilish, har bir qadamni aniq rejalashtirish, tafsilotlarga e’tibor qaratish va natijadan qoniqish hissini olish deganidir.

Puxta ishlash bir necha omillarga ko‘ra muhim sanalib, ulardan:

  1. Ish sifatli chiqadi – xatolar kamayadi, qayta tuzatishga ehtiyoj qolmaydi;
  2. Ishonch paydo bo‘ladi – odamlar sizga ishonadi, biror yumushni ishonib topshiradi;
  3. Vaqtni tejaydi – ilk bosqichda puxta bajarilgan ish yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etadi.
  4. Raqobatbardoshlik oshadi – ishda muvaffaqiyat ehtimoli oshib, xizmatga talab yuqori bo‘ladi.

Islom nuqtayi nazaridan qaraganda, har bir ishni puxta bajarish insonning imoniy burchlaridan biridir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh birortangiz ish qilsangiz, uni puxta bajarishingizni yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Mazkur hadisdan ma’lum bo‘ladiki, har qanday ishni puxta, sidqidildan bajarish islomda ham katta fazilat sanaladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham ishni puxta va sidqidildan bajarish zarurligi to‘g‘risida “Ijtimoiy odoblar” asarida quyidagi fikrlarni bildirgan:

Musulmon inson jamiyat yuzidagi eng ko‘rkam va go‘zal xol bo‘lishi lozim. U inson zoti chiroyini ochib turuvchi omil bo‘lishi kerak. Bu esa, ijtimoiy odoblar orqaligina yuzaga chiqadi.

Mo‘min kishining har bir ishni yaxshilab va puxta qilishi maqbuldir. Bu barcha insonlarga sevikli Nabiyning islom ummatiga amri, farmoni, tavsiyasi va nasihatidir.

عَنْ عَائِشَةَ : قَالَ النَّبِيُّ ﷺ: «إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ إِذَا عَمِلَ أَحَدُكُمْ عَمَلًا نْ يُتَّقِنَهُ». رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlardan biringiz ish qilganda, uni yaxshilab, puxta qilishingizni sevadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Alloh taoloning sevgisiga sazovor bo‘lay degan inson katta-kichik har bir ishni faqat va faqat yaxshilab, chin dildan puxta bajarishga urinadi. Bu sifat esa ijtimoiy odoblarni o‘rniga qo‘yish bilan yuzaga chiqadi[1].

Qanday qilib har bir ishni puxta qilish mumkin?” Bu borada quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:

  1. Fikr so‘rash, maslahatlashish. Agar mumkin bo‘lsa, har bir ishni bajarishdan oldin tajribali va olim insonlar fikrini olish, ular bilan maslahatlashish zarur. Bu kishining shaxs sifatida kamol topishi, rivojlanishi va bajarilayotgan ishning mukammal bo‘lishiga yordam beradi.
  2. Aniq maqsad qo‘yish. Bu ish nima uchun kerak? Yaxshi natija nima? kabi savollarga javob topish, zarur bo‘lsa, tajribali insonlar bilan maslahatlashish.
  3. Reja tuzish. Ishga kirishishdan avval vazifalar ro‘yxatini tuzish lozim.
  4. Ish paytida diqqatni jamlash va xalaqit beruvchi omillarni bartaraf etish.
  5. Mas’uliyatni his qilish. Kishi o‘zi bajarayotgan ishning oxiratda so‘rovi borligini unutmasligi, unga sidqidildan yondashishi lozim.
  6. Bajarilgan ishni tekshirish. Ish tugagach, uni qayta ko‘rib chiqish va xatolarini tuzatish lozim. Bu esa ishni puxta bajarishning asosiy omili hisoblanadi.

Har bir ishni puxta bajarish – bu muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biridir. Chunki hozirgi kunda bozor munosabatlari sharoitida o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun ishni puxta bajarish, eng mayda detallariga qadar e’tibor qaratish muhimdir.

Har bir ishni puxta bajarish quyidagi natijalarga olib keladi:

  1. Mas’uliyatni ko‘rsatadi – har qanday ishni puxta, chuqur o‘ylab, yuksak mas’uliyat bilan bajarish insonning kasbiy yetukligi va shaxsiy madaniyatini namoyon etadi.
  2. Sifat kafolati – puxta bajarilgan ish mahsulot yoki ko‘rsatilgan xizmat sifatining yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.
  3. Ishda samaradorlik – puxta rejalashtirilgan holda bajarilgan ish vaqt va resurslarni tejashga yordam beradi.

Xulosa qilganda, har bir ishni puxta qilish nafaqat shaxsiy o‘sish, balki jamiyat rivoji uchun ham muhimdir.

[1]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy odoblar. “Hilol-Nashr”. Toshkent 2024. –B.26-27

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi