O‘MI Matbuot xizmati | muslim.uz
Bugun, 21 iyul kuni Sirdaryo viloyati vakilligida viloyat imom-xatiblarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari qatnashdilar. Yig‘ilish bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tdi.
Bugun yurtimizda kechayotgan jarayonlar, islohotlar barcha soha vakillaridan tezkorlikni, mehnatsevarlikni, o‘z ishiga nisbatan fidokorlikni talab qilmoqda. Jumladan, bugungi islohotlar imom-xatiblardan ham tezkor jarayonlardan ortda qolmaslikni, zamon bilan hamnafas yashash va ishlashni taqozo etmoqda. Imom domlalarimiz faoliyat qamrovi kengayganini inobatga olsak, endi ular faqat masjidda ibodatlarni ado etib beruvchi peshvo yoki ma’raka-marosimlarni o‘tkazib beruvchi mutasaddi emas, balki xalqning dardu tashvishidan xabardor, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rnida yechishga ko‘maklashuvchi, insonlarni ezgulikka targ‘ib qilib, yomonlikdan qaytaruvchi, chin ma’noda odamlarning suyanchi bo‘lishi lozim. Muftiy hazrat boshchiliklarida o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda ham aynan, shu masalalarga urg‘u berildi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi va Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidi imom-xatibi Mo‘minjon domla Usmonov o‘z xohishiga ko‘ra, egallab turgan lavozimlaridan ozod etilib, Guliston shahri “Tavhid” jome masjidi imom-xatibi vazifasiga tayinlandi.
Toshkent shahridagi “Mahkamboy Hoji Ota” jome masjidi imom-xatibi Zokirov Habibulloh O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi va Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidi imom-xatibi lavozimlariga tayinlandi.
O‘MI Matbuot xizmati | muslim.uz
1 oktyabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, fidoiy mudarrislar hamda jonkuyar murabbiylarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining qutlovlari yo‘llandi.
Diniy idora tizimidagi oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida ushbu tabrik o‘qib eshittirildi. Jumladan, “Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug‘ bo‘lsa, ilm o‘rgatish, ya’ni, ustozlik qilishning fazilati undan-da ulug‘dir. Alloh taolo ilm qadrini baland qildi va uning orqasidan ilm ato etilgan insonlarning ham qadrini yuksak qilib qo‘yganini Qur’oni karimda bayon etdi”, deyiladi tabrik matnida.
Shuningdek, unda so‘nggi yillarda diniy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, pedagog-o‘qituvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi rejalar ham eslab o‘tildi.
Qutlov so‘ngida diniy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan barcha o‘qituvchi va murabbiylarga sihat-salomatlik, uzoq umr, sharafli va mashaqqatli faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati