Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِن رَّحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعاً إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ
“Sen mening tarafimdan: “Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, uning o‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir”, deb ayt” (Zumar surasi, 53-oyat).
Imom Buxoriy Sa’d ibn Jubayrdan (r.a.) keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko‘plab gunohlar qilgan bir guruh mushrik Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga kelib: “Albatta, sen da’vat qilayotgan narsa juda ham go‘zal. Qani, ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi?” deb so‘rashganida Alloh taolo ushbu oyati karimani tushirgan ekan.
Ali roziyallohu anhu, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu, Ibn Umar roziyallohu anhu kabi zotlar bu oyatni “Qur’ondagi eng umidbaxsh oyat” deyishgan.
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga “Mening bandalarimga ayt” deya amr bilan boshlamoqda.
Alloh taolo “Ey insonlar!”, “Ey mo‘minlar!”, “Ey odamlar!”, “Ey Menga nisbatan isyon qilganlar!” demadi. Balki, “Ey ... bandalarim!” dedi. Mening bandalarim deyapti. Bu esa banda uchun ulkan, bemisl sharafdir. Bu Allohning rahmatidandir.
Alloh taolo “Ey Menga nisbatan isyon qilganlar”, “Ey gunohkorlar!”, “Ey fosiqlar!”, “Ey jinoyatchilar!”, “Ey osiylar!”, “Ey falon-falon ishlarni qilganlar!” demadi. Balki, “Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim” dedi. Bandalarining ayblarini berkitdi. Ularga mehribonlik, lutf bilan xitob qildi. Bu ham Allohning rahmatidandir.
Alloh taolo gunoh qilgan biz bandalariga “Endi hammasi tamom. Tavbalaringni qabul qilmayman. Abadiy azobga giriftor qilaman. Ortga yo‘l yo‘q. Senlarni kechirmayman” demadi. Balki, “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang!” deb bizni O‘zining rahmatidan noumid bo‘lmaslikka chaqiryapti, shunga amr qilyapti. Bu ham Uning rahmatidandir.
Alloh taolo “Gunoh qilgan bandalar tavba qilib o‘tirmasinlar. Ularni kechirmayman” demadi, balki, “Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar” dedi. Bandalarining qalblarida umid uyg‘otyapti. Mag‘firat so‘rashga undayapti. Bu ham Allohning rahmatidandir.
Alloh taolo “Men gunoh sodir etgan mo‘min bandalarni kechirmayman. Ularni abadiy azobga giriftor etaman” demadi. Balki, “Albatta, uning o‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir” dedi. Alloh taolo gunoh qilib, qilgan gunohiga astoydil tavba qilgan mo‘min bandasining gunohlarini kechiradi. “O‘ta mag‘firatli” degani ko‘p bandalarining ko‘plab gunohlarini kechiradi, deganidir. “O‘ta rahmli” degani banda tavba qilganidan keyin, uni aynan o‘sha gunohi uchun azoblamay, rahm qiladi, deganidir.
Ha, azizlar, Robbimiz Mehribon, Rahmli, G‘ofir, G‘ofur, G‘affordir. Gunoh qilib qo‘yganimizda, Uning rahmatidan umidimizni uzmay, darhol tavba-istig‘forga berilib, Uning o‘zidan bizni mag‘firat qilishini so‘raylik! Albatta, U bandalarining ko‘plab gunohlarini mag‘firat etuvchi va bandalariga rahmli zotdir.
Nozimjon IMINJONOV
tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
(Qur’oniy dori)
Savol: Ko‘zga oq tushganda jarrohlik yoki dori tomizishdan boshqa muolajalar ham bormi?
Javob: Ilmiy qo‘llanma va ilmiy nazariyalarda umumiy urinishlar bor. Ular ko‘proq proteinni almashtirishga, xususan, oq tushgan ko‘zni avvalgi holatiga qaytarishga qaratilgan. Gohida kimyoviy yo‘l bilan imkon topiladi. Bu o‘zgartirish juz’iy xolos, mukammal bo‘lmaydi. Ammo kimyoviy yo‘lni ko‘z gavharidagi proteinga qo‘llash mumkin emas.
Savol: Mana shunday nuqsonli yechimlargina mavjud bo‘lgan kasallikka qanday qilib siz Qur’oni karim orqali davo topdingiz?
Javob: Yuqorida aytib o‘tganimdek, ko‘z gavharining tashqi yuzasi parda bilan qoplangan bo‘lib, unda protein bor. O‘sha proteinning tarkibi o‘zgarsa, gavharning holati ham o‘zgarib, oqibatda xiralik kelib chiqadi. Shuning uchun biz o‘sha proteindagi fiziologik o‘zgarishni tiklashning tabiiy uslubini qidirdik. Bunda bizga Yusuf surasidagi quyidagi oyatlar yordam berdi:
«U bulardan yuz o‘girib, «Esizgina Yusuf!» dedi va qayg‘udan ko‘zlariga oq tushdi. U dardini ichiga yutdi (ojiz bo‘lib qoldi)» (84-oyat). Yusuf alayhissalom Robbimizdan kelgan vahiy sababli akalaridan otalari huzuriga ko‘ylagini olib borishni talab qildilar:
«Mana bu ko‘ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, ko‘zi ochilur. So‘ng barchangiz ahlingiz ila huzurimga kelinglar. Karvon (Misrdan) yo‘lga chiqqan vaqtda otalari (Ya’qub alayhissalom o‘z uylarida turib, huziridagi kishilarga): «Meni aqldan ozgan demanglar u, lekin men Yusufning hidini sezmoqdaman», dedi. Ular: «Allohga qasamki, albatta, sen eski adashuvingdasan», dedilar. Xushxabarchi kelib, (ko‘ylakni) uning yuziga tashlagan edi, u yana ko‘radigan bo‘ldi. U: «Men sizlarga: «Allohdan sizlar bilmaydigan narsani bilaman», demaganmidim?» dedi» (Yusuf surasi, 93–96-oyatlar).
Yusuf alayhissalomning ko‘ylaklarida qanday shifo bo‘lishi mumkin edi? Bu haqda o‘ylab-o‘ylab, terdan boshqa narsani topmadik. Shundan so‘ng inson tanasidan ajraladigan terning tarkibiy elementlarini o‘rgandik. An’anaviy jarrohlik yo‘li bilan ko‘zdan chiqarib olingan, xiralashgan gavharni olib, terga botirib ko‘rganimizda uning biroz shaffoflashganini ko‘rdik. So‘ngra savol tug‘ildi: bu holatda terdagi barcha moddalarning shunday ta’siri bormi yoki undagi qaysidir bir moddaningmi? Javob shuki, bu uning tarkibidagi bir moddaning – karbamidning («mochevina») ta’siri ekan. Bu moddani kimyoviy usul bilan ham tayyorlab, laboratoriya sharoitida ko‘zi xiralashgan yoki ko‘ziga oq tushgan hayvonlarda sinab ko‘rildi. Biroq kuzatuvlar davomida kimyoviy yo‘l bilan tayyorlangan o‘sha malham bu kasallikni tuzatmadi, balki ko‘z gavhariga oq tushishiga sabab bo‘ldi. Bu narsa yo‘naltirilgan maxsus chiroq (slit lamp), ultratovush hamda ko‘z gavharidan akslangan ultrabinafsha nur yordamida tekshirib ko‘rildi. Bundan keyin kompyuterdagi fiziologik okulyarda 250 ming dollar to‘lab, yarim soat tajriba o‘tkazilganida uning yorug‘lik akslantirish darajasi 2 foizdan oshmadi. Lekin inson teridan tayyorlangan tomchi quyilganda 15 daqiqada 2 foizdan 60 foizga yorug‘lik darchasi ochildi. 20 daqiqada 90 foizga ziyodalashdi. 30 daqiqada 95 foizga ziyodalashdi. 60 daqiqada 99 foizga ziyodalashdi.
Savol: Bu tomchida nojo‘ya ta’sirlar kuzatildimi?
Javob: Mutlaqo. Ter tanadan ajralib chiqadigan modda bo‘lib, yuqorida aytganimizdek, uning tarkibi karbamidning tarkibi bilan deyarli bir xil. Shuning uchun bu malham konsentratsiyasini o‘n barobarga oshirib, hayvonlarda tajriba o‘tkazish lozim. Bunda malham organizmga og‘iz orqali yoki bevosita yurakning protein pardasiga kiritish orqali singdirildi. Ushbu tajribada ham nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi, malham jigar, buyrak, miyaga yoki qon tarkibiga umuman ta’sir ko‘rsatmadi.
Savol: Bu tajriba quyonlar ustida o‘tkazilgan ekan. Agar buni insonning fiziologik ko‘zi ustida o‘tkazilsa, nima bo‘ladi?
Javob: Bunday tajriba 250 ta ko‘ngilli ishtirokchi ustida o‘tkazilganida 90 foizdan ko‘proq kishilarning ko‘zidagi oqlik ketib, ko‘rishi avvalgi holiga qaytdi. Klinik tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, qolgan 10 foiz kishilarning ko‘z gavharida shaffoflik kuzatilgan, biroq ko‘z to‘rida boshqa kasallik bo‘lgani uchun ularning ko‘rishi yaxshilanmagan.
Savol: Ana shu tomchi ko‘zdagi kataraktadan boshqa ko‘z kasalliklariga shifo bo‘la oladimi?
Javob: Ha, ko‘zdagi shox pardaga ham shifo bo‘ladi. Ko‘z zaiflashganda oqlik yuzaga kelishi ana shu shox parda sirtida sodir bo‘ladi. Bu qon quyilgandagi yoki shox parda tarkibidagi proteinining tabiatida o‘zgarish bo‘lgandagi holatdir. Tajribalardan sobit bo‘ldiki, ushbu tomchini ikki hafta davomida har kuni ikki martadan quyib borilsa, ko‘rish xususiyati yaxshilanib, asl holiga qaytadi.
Savol: Shox pardadagi oqlik avvallari qanday muolaja qilinar edi?
Javob: Avvallari o‘lgan kishining ko‘z shox pardasini ko‘chirib o‘tkazish orqali muolaja qilinar edi. Ilova qilib aytadigan bo‘lsak, bunda ko‘rish quvvati avvalgi holiga qaytmas edi.
Savol: Siz o‘zingizni qanday his qildingiz? Chunki siz butun insoniyatga Qur’on voqeligidan muolaja taqdim qildingiz. Vaholanki, ichimizdagi ba’zi kishilar dunyoviy ishlarga yoki ilmiy bahslarga Qur’onning aloqasi yo‘q deb hisoblashadi.
Javob: Men bu ishim bilan ilmning zakotini ado qildim, deb hisoblayman. Axir molning zakoti chiqarilganidek, ilmning ham zakoti chiqariladi-ku? Axir ilm insonlarning yaxshi kuniga xizmat qilishi kerak! Bundan tashqari, ushbu amaliy tajriba sababli Qur’oni karimning azamatini va ulug‘ligini yana bir bor his etdim. «Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas» (Isro surasi, 82-oyat). Shunga binoan, bu ulug‘ Kitobga qaytishni umid qilaman. Agar haqiqiy ma’noda qaytsakkina, avvalgi davrimizni qo‘lga kiritib, butun insoniyatni hidoyatga chorlay olamiz.
Savol: Bu dori bozorlarga chiqarilganida unga «Qur’oniy dori» deb ishora qilinadimi?
Javob: Ha, biz bu dorini ishlab chiqaruvchi shirkatga «Bu Qur’oniy dori», deb yozib qo‘yishni shart qilganmiz. Toki butun olam ana shu Qur’onning rostligini, dunyo va oxiratda odamlarni baxtli qilishda faol ekanini bilsin. Suhbatimiz oxirida yangi bir bahsni, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hadisi sharifda vasf qilganlaridek, ko‘z tibbiyotidagi boshqa bir dorini taqdim etmoqchiman. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) «Qo‘ziqorin ham bir ovqat turi bo‘lib, uning suvi ko‘z uchun shifodir», deganlar.
Inshaalloh, Allohning izni bilan mana shu bahs ham kelajakda keng qamrovli ilmlarni ochib beradi.
“Qur’on va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar” kitobidan