Vaqt asrashimiz kerak bo‘lgan eng qimmatli ne’mat. Biz esa uni behuda o‘tkazmoqdamiz.
Dunyoga kelgan har bir insonning umri vaqt davomida to‘xtovsiz o‘tib boradi. Bu dunyodan ketish muddati yetganda dunyoni tashlab ketishdan o‘zga chora qolmaydi. Ketish vaqti esa bugunmi, ertami qachon kelishi insonga noma’lum. Dunyo hayoti bir kundek bo‘lib o‘tib boradi. Chunki kechagi kun o‘tib ketgan kun, ertangi kun esa hali kelmagan. Inson amal qiladigan asosiy kun esa bugunidir. Hikmatli she’rda bu haqda shunday deyilgan:
O‘tmish o‘tib ketdi, kelajak orzu,
Shu turgan oningga qilaver ruju.
O‘tayotgan har bir lahza inson hayoti va umrining bir qismidir. U qiyomat kuni insonning foydasiga yo zarariga guvohlik beradi. Ulamolar o‘tayotgan vaqt haqida shunday deganlar: “Vaqt betaraf bo‘lmaydi, yo senga qadrdon do‘st yoki ashaddiy raqib bo‘ladi”. Ya’ni o‘tgan vaqt insonning yo foydasi, yo zarariga hujjat bo‘ladi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh shunday degan: “Boshlanayotgan har bir kun shunday nido qiladi: “Ey odam bolasi, men yangi kunman, sening amalingga guvohman, mendan foydalanib qol, agar o‘tib ketsam, qiyomat kunigacha qaytmayman”.
Umrni qadr-qimmat va nafislikda hech narsa ila o‘lchab bo‘lmaydi. Agar ming yilni behuda sarflab, so‘ng tavba qilib, sizga umringizning oxirida saodat nasib etsa, abadul-abad jannatda yashaysiz. Shunda (siz uchun) eng sharafli narsa oxirgi lahzadagi mana shu hayotingiz ekanini bilasiz. Vaqt eng mukammal ne’matdir. Unda hech qanday ayb yo‘q. Aybdor undan foydalanmayotgan insonning o‘zidir. Shuning uchun vaqtning qadriga yetgan zohid tobeinlardan biri Omir ibn Abdu Qaysga bir kishi: “Menga biror narsa gapirib bering”, deganida, unga: “Quyoshni ushlab tursang, gapirib beraman” (ya’ni, vaqt to‘xtovsiz o‘tib ketaveradi. Hech ortga qaytgan emas. Uni qo‘ldan boy bergan odam o‘zidan ko‘rsin. Endi uni topolmaydi. Chunki, har bir vaqt o‘z haqiga ega. Kecha qilmagan ishimni bugun qildim-ku, degan odam o‘zini aldayapti xolos. Men vaqtimga xiyonat qilmayman. Xafa bo‘lma, vaqtim yo‘q.) degan ekanlar.
Mo‘min ikki xavotir orasida bo‘ladi: tez o‘tib ketgan kecha va hali kelmagan erta orasida, kechada Alloh taoloning nima qilganini (ya’ni undan amallarini qabul etgan yo etmaganini) bilmaydi, ertaga Alloh taoloning nima hukm qilishini bilmaydi.
Shunga ko‘ra, banda o‘zi uchun o‘zidan foydalanib qolsin, oxirati uchun dunyosidan foydalanib qolsin, qarishidan oldin yoshligidan foydalanib qolsin, o‘limidan oldin hayotidan foydalanib qolsin.
Shunday ekan ey azizlar, sog‘lik, vaqt, aql... ularning hammasi boylik. Ularning barchasi baxtli bo‘laman degan kishilarga baxt va saodat kaliti. “Vaqt qilichga o‘xshaydi, agar sen uni kesmasang u seni kesadi”.
Alloh taolo barchamizni vaqtning qadriga yetadigan va undan to‘g‘ri foydalanadigan kishilardan qilsin. Zero, omonat umrning qadriga yetadigan zotlar o‘zlarini ham, millatlarini ham, yurtlarini ham manfaatlardan mahrum qilmaydilar. Ana o‘shalar to‘g‘rilikda yuruvchilardir. Alloh taolo barchamizning oqibatlarimizni xayrli qilsin.
Manbalar asosida Xo‘jaobod tumani
“Yetti chinor” jome masjidi imom noibi
Muhammadquddus Abdulmannon tayyorladi
Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.
So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi. Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.
Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.
Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.
Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.
Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)