Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

“Al-jome’ as-sahih”da ilm olishga munosabat

3.07.2018   5330   8 min.
“Al-jome’ as-sahih”da ilm olishga munosabat

Tarixdan ma’lumki har bir zamon va jamiyatning qudrati, salohiyati va ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchangan. Shu sababli bizning yurtimizda qadimdan ilmu ma’rifatga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Islom olamida IX-XII asrlarni ilm-faning oltin davri deb e’tirof etilgan bo‘lsa,

bu davrda bizning diyorlardan chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Motrudiy, Imom Zamaxshariy, Ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Muso Xorazmiy kabi yuzlab allomalar dunyo ilm-fani rivojida o‘zlarining ulkan va betakror hissalarin qo‘shgan.

Jumladan, Islom olamida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi manba deb e’tirof etilgan Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari dunyo ilm ahli nazdida hozirgacha ilmiy va amaliy ahamiyatini yo‘qotgan emas. Bu asar o‘z yo‘nalishida takrorlanmas yagona yo‘nalishga ega durdona asar bo‘lib, 97 kitob, 3881ta bob va takrorlari bilan qo‘shib hisoblaganda 7563 ta hadisdan tarkib topgan.

Imom Buxoriy “Al-Jome’ as-Sahih”da birinchi “Vahiy” kitobini, ikkinchi “Iymon kitobi”ni va uchinchi “Ilm kitobi”ni keltirgan. “Ilm kitobi” 53 ta bob bo‘lib, bu boblar ilm va unga bog‘liq holatlarga oid 76 ta hadisni o‘z ichiga olgan. “Al-Jomi’ as-sahih” asarining “Ilm kitobi”dan ba’zi hadislarni e’tiboringizga havola qilsak.

“Ilm” so‘zi lug‘atda bir narsani voqe’likdagidek idrok etishni bildiradi. Qur’oni karim ilk oyati ilm olishga bo‘lgan buyruq bilan nozil bo‘lishi inson hayotida ilmning juda katta ahamiyat kasb etishiga dalil bo‘ladi.

Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz s.a.v. aytganlaridek, “Ilm olish har bir musulmon erkagu ayolga farzdir.” Inson o‘zligini, dunyoni anglamoq uchun birinchi navbatda ilm kerak. Qolaversa, musulmon bo‘lish uchun ham, Yaratgan zotni tanish uchun ham ilm kerak.

Hazrat Umar roziyallohu anhu: “Boshliq bo‘lmasingizdan avval ilmni chuqur o‘rganing!” – deya musulmon kishi mas’uliyat yoshiga yetib kelmasidan oldin ilm olishga chaqirdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalari ham yoshlari ulgayganda ham ilm o‘rganishdan to‘xtab qolmaganlar.

 Imom Buxoriy hazratlari “Al-Jome’ as-Sahih”ning “Ilm kitobi”ni Alloh taoloning so‘zi, ya’ni Qur’oni karimning quyidagi oyatlari bilan boshladi:

وَ قَوْل الله تَعَالى:﴿يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ ۚ

وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ ﴾

“Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur (bu dunyoda yarlaqab, martabasini ulug‘, oxiratda esa jannatga kirmoqlikni nasib qilg‘aydir). Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir.[1]”

Mazkur oyatda imon so‘zi ilmdan muqaddam keltirildi, chunki ilm olishdan maqsad jamiyatning taraqqiyoti va oxirat saodati hisoblanadi, imonsiz ilm esa insoniyatga zarardan boshqa narsa keltirmaydi.

Islomning ilk davrlaridanoq musulmonlar Payg‘ambar alayhissalom majlislarida bo‘lib, iymon va ilm olardilar. Shuning uchun ham hamma katta qiziqish bilan, iloji boricha, u zotga yaqinroq o‘tirishni xohlardi. Ushbu oyat nozil bo‘lgach, ilm olish majlisini hammaga keng targ‘ib qilish zarurligi eslatilib, majlis ahlining barchasiga joy berishni yo‘lga qo‘yishga da’vat qilindi.

12-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning odamlarga malol kelmasin deb, muayyan kunlarni ilm va va’z aytish uchun belgilab qo‘yganlari

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "يَسِّرُوا وَلاَ تُعَسِّرُوا وَبَشِّرُوا وَلاَ تُنَفِّرُوا".

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Osonlashtiringiz, qiyinlashtirmangiz! Xushxabar aytingiz, qiziqtiringiz, nafratlantirmangiz (o‘zingizdan bezdirmangiz)!” – dedilar”.

Ulamolar mazkur hadisning ahamiyati va chuqur ma’nolari haqida ko‘p gapirishgan. Binobarin, ushbu sahih rivoyat o‘rganish va yod olishga juda munosibdir. Jamiyatda yashayotgan har bir inson hayotini qamrab oluvchi metin-mustahkam bo‘lgan bu dinni targ‘ib qiluvchilariga Payg‘ambar s.a.v. bu dinni boshqalarga yengil qilib tushuntirmoqlik kerakligini, uni qiyin qilib ko‘rsataslikni amr etdilar. Qachoniki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga Alloh taolo tomonidan ikki ishdan birini tanlash ixtiyori berilsa doimo yengilini tanlaganlar. Shu bois bir kishi masala so‘rasa unga og‘ir va qiyin tomonini emas, balki, yengil tomonini tushuntirish kerak.

Shuningdek, boshqalarga bu dinni yaxshilik tomonlarini aytib unga qiziqtiringiz, toki Alloh taolo aytganidek qalblar orom topsin:

“Iymon keltirganlar va Allohning zikri ila qalblari orom topganlar. Ayo, Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?”[2]

 Darhaqiqat, imon keltirganlarning qalblari Alloh taoloni yodga olish bilan orom topadi, qachonki kishi dinga o‘z xohishi va qiziqishi bilan kirsa. Chunki u qalblar o‘zlarining Allohga doimiy bog‘liq ekanlarini his etib turadilar. Shuning uchun Rasuli akram kishilarni dindan nafratlantirish emas, balki qiziqtirish kerakligini uqtirdilar.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

  1. Dinni boshqalarga imkon qadar yengil qilib tushuntirish.
  2. Din arkonlarini og‘ir qilib ko‘rsatmaslik.
  3. Ixtiyoriy masalalarda yengil tomonini tanlash.
  4. Shariatda dindorlarga beriladigan xushxabarlarni aytib qiziqtirish
  5. Dindan nafratlanishga olib keladigan, kishining imoniga zarba beradigan har qanday ish va xabarlarni jamiyat ichida tarqalishidan saqlash.

 

15-bob. Ilmu hikmatni orzu qilmoq 

عَبْدَ اللَّهِ بْنَ مَسْعُودٍ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لاَ حَسَدَ إِلاَّ فِي اثْنَتَيْنِ: رَجُلٌٍ آتَاهُ اللَّهُ مَالاً فَسُلِّطَ عَلَىهَلَكَتِهِ فِي الْحَقِّ, وَرَجُلٌٍ آتَاهُ اللَّهُ الْحِكْمَةَ فَهُوَ يَقْضِي بِهَا وَيُعَلِّمُهَا".

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki narsadan o‘zgasiga hasad qilmoq joiz ermas, biri – kishiga Alloh taolo halol mol-dunyo bersayu, uni Haq yo‘lida sarflayotgan bo‘lsa, ikkinchisi – kishiga Alloh taolo ilmu hikmat ato etsayu, u shu tufayli oliy maqomga erishib, hukm surayotgan, odamlarga bilganini o‘rgatayotgan bo‘lsa”, – deganlar”.

 “Hasad” kalmasi arab tilida ikki xil ma’noda ishlatiladi. Birinchisi: boshqa bir kishiga berilgan ne’matning zavol topishini orzu qilish ma’nosida keladi. Islom shariatida bu gunoh hisoblanadi. Chunki, hasadchi birovga yomonlikni bo‘lishini hoxlaydi. Vaholanki, avvalo zararni hasad qilguvchining o‘zi ko‘radi. Ikkinchisi: havas qilish ma’nosida ham keladi. Havas esa, gunoh sanalmaydi. Chunki, havas qilguvchi esa, birovga yetgan yaxshilikdan xursand bo‘ladi va o‘ziga ham shu kabi ne’matning berilishini orzu qiladi. Bunga arab tilida “g‘ibta”, deyiladi. Ushbu hadisdagi “hasad” so‘zi g‘ibta – havas qilish ma’nosida kelgan.

Demak, kishi faqat ikki narsadagina birovga berilgan ne’matni ko‘rib, o‘ziga ham o‘shanday ne’mat berilishini orzu qilishi mumkin ekan.

Birinchisi: “Alloh bir odamga ko‘p molu dunyo bersa, u o‘shani to‘g‘ri yo‘lda sarf qilayotganini ko‘rib, “Alloh shu odamga berganday menga ham ko‘p molu dunyo ato qilganida edi, men ham shu odamga o‘xshab uni yaxshilik yo‘lida sarf qilgan bo‘lar edim”, – deb havas qilsa bo‘ladi.

Ikkinchisi: “Alloh bir odamga ilm bergan bo‘lsa, u o‘sha ilmi ila hukm chiqarayotgnini va ta’lim berayotganini ko‘rib, O‘sha odamga ham boshqa musulmonlar havas qilsa bo‘ladi. “Alloh shu odamga berganday menga ham ilm ato qilganida edi, men ham shu odamga o‘xshab hukm chiqaragan va ta’lim bergan bo‘lar edim”, – deb havas qilsa bo‘ladi.

Ilm bilan hukm chiqarish – ilm taqozo etgan narsaga o‘zi amal qilish va odamlarni ham shunga chaqirishdir.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1.Molu dunyoni to‘g‘ri yo‘lda sarflashga targ‘ib.

2.Molu dunyosi yo‘q kishilar ham agar molu dunyosi bo‘lsa, yaxshilik yo‘lida sarflashni orzu qilishlariga targ‘ib.

3.Ilmga amal qilib, uni odamlarga o‘rgatishga amr.

4.Boshqalarni ham ilm olish, unga amal qilib, boshqalarga o‘rgatishga targ‘ib.

 

Qobilov Nodir Siddiqovich,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Samarqand Hadis maktabi o‘qituvchisi,

“Sog‘ish ota” jome’ masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   2877   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.