Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

Kembrij professori: “O‘zbekistonga har galgi tashrifim yangicha taassurot qoldiradi”

3.07.2018   4270   3 min.
Kembrij professori: “O‘zbekistonga har galgi tashrifim yangicha taassurot qoldiradi”

Kecha 02 iyul kuni Kembrij universiteti Markaziy Osiyo forumi raisi, professor Sidxart Saksena O‘zbekiston musulmonlari idorasi binosida qabul qilindi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minovarov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori B.Mamadiyev, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori o‘rinbosari D.Rasulov va sharqshunos olim S.G‘ulomovlar ishtirok etdilar.
O‘zaro salomlashuvdan so‘ng, Sh.Minovarov O‘zbekiston delegatsiyasining fevral-mart oylarida Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan safar tassurotlari, erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tib, tashrifning muvaffaqiyatli o‘tishida Kembrij universiteti Markaziy Osiyo forumi yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Safar davomida erishilgan kelishuvlarni tatbiq qilish ikki tomonga manfaatli bo‘lishini aytib, o‘zaro tadqiqotchilar almashish, Kembrij universitetida “o‘zbek tili” kurslarini tashkil etish, o‘zbekistonlik tadqiqotchilar maqolalarini Kembrij ilmiy jurnallarida nashr qilish ishlarini yo‘lga qo‘yish kabi ikki tomonlama hamkorlikning Yo‘l xaritasiga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi mavzusida fikr almashildi. Kembrij universitetida faoliyat yuritayotgan “o‘zbek tili” kurslari tinglovchilari uchun o‘quv qo‘llanmalar tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov Kembrij universitetida o‘tkazilgan muzokaralar asosida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Buxoro yahudiylarining tarixi”, “Samarqand va Buxoro madrasalari” va “Mahdumi A’zam qabridagi yodgorlik yozuvlari katalogi” mavzularida hamkorlik qilish ishlari boshlangani, Kembrij imkoniyatlaridan foydalanib grant olish uchun taklif va ma’lumot tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Tez kunlarda ushbu mavzular bo‘yicha aniq takliflar kiritilishini bildirdi.
S.Saksena universitet olimlari tomonidan mazkur takliflar atroflicha o‘rganilishini, shaxsan o‘zi bu mavzular uchun grant masalasi bilan shug‘ullanishini bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori B.Mamadiyev hamda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori o‘rinbosari D.Rasulovlar Buyuk Britaniyaga safar davomida erishilgan kelishuvlarni yuqori baholab, har ikki tashkilot hamkorlik bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga tayyorligini ta’kidladilar.
Professsor S.Saksena O‘zbekistonda ko‘p marotaba bo‘lgani, lekin har galgi tashrif unga yangicha taassurot berishini, ayniqsa so‘nggi yillarda mamlakat kun sayin rivojlanish yo‘lida yangi qadam qo‘yayotganiga guvoh ekanidan xursandligini ta’kidladi. U kelishilgan barcha tadbirlar bo‘yicha Kemrij universiteti tomoni aniq reja ishlab chiqqani va uning bosqichma-bosqich bajarilayotganini ma’lum qildi.
Yig‘ilish so‘nggida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi hamda Kembrij universiteti Markaziy Osiyo forumi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik anglashuv memorandumi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mehmon “Hazrati Imom” majmuasini ziyorat qildi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.


               Abdulazim TO‘RAXODJAYEV

O‘MI matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Umar roziyallohu anhuni yig‘latgan voqea

3.01.2025   2148   1 min.
Umar roziyallohu anhuni yig‘latgan voqea

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Bayhaqiy, Ibn Munzir va al-Hokim Abu Imron al-Juniydan rivoyat qiladilar:

«Umar roziyallohu anhu bir rohibning oldidan o‘tib ketayotib, to‘xtadi. Rohib chaqirildi va unga: «Bu mo‘minlarning amiri», deyishdi.

Bas, Umar unga sinchiklab qarab chiqdi. Rohibning tarkidunyo qilib, charchab-horib, qiynalgani ko‘rinib turar edi. Umar uning bu holini ko‘rib, yig‘ladi. Unga:

«Bu nasroniy!» deyishdi.

«Bildim, lekin unga rahmim keldi. Alloh azza va jallaning «Amal qiluvchilar, charchovchilar. Qizigan o‘tga kirurlar», deganini esladim. Uning charchab, ijtihod qilib turib, do‘zaxga kirganiga rahmim keldi», dedi Umar».

Zalolat yo‘lini tanlab, o‘zini behuda qiynab yurgan insonga rahmi kelib, yig‘lash uchun inson hazrati Umar roziyallohu anhuning qalbi kabi buyuk qalbga sohib bo‘lishi kerak. Alloh taoloning Iymon-Islom deb atalmish ulug‘ ne’matiga muyassar bo‘lgan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zlariga yetgan baxt-saodatning boshqalarga ham nasib etishini chin musulmon sifatida juda ham istar edilar. Shuning uchun ham rohibni ko‘rganlarida chidab tura olmay, yig‘lay boshladilar. Atroflaridagi kishilar bu haqiqatni anglab yetmay, o‘zlaricha boshqacha ta’vil qildilar. Ular: «Hazrati Umar roziyallohu anhu bu odamning nas­roniy ekanligini bilmasdan, havas qilib yig‘lamoqdalar», deb tushundilar. Ammo Umar ibn Xattob roziyallohu anhu uning kimligini bilganlari va shuncha o‘zini qiynagani bilan iymoni bo‘lmaganligi uchun do‘zaxga kirishini o‘ylab yig‘layotganlarini aytdilar.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Maqolalar