Sayt test holatida ishlamoqda!
23 May, 2025   |   25 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:45
Xufton
21:18
Bismillah
23 May, 2025, 25 Zulqa`da, 1446

Odam bolalarining ikrom qilinishi

30.06.2018   3942   5 min.
Odam bolalarining ikrom qilinishi

Yaqin yillar mobaynida olimlar inson bilan boshqa jonzotlarni qiyoslab ko‘rishdi. Bu borada ko‘plab tadqiqotlar olib borishdi. Quyida insonning boshqa jonzotlardan ustun turishiga dalolat qiladigan ma’lumotlar keltiriladi:

  • Inson – libos kiyadigan yagona jonzotdir. Boshqa jonzotlar kiyimsiz yuradi.
  • Inson – quruqlikda yurish uchun ulovga (mashina yasab, unga) mina oladigan yagona jonzotdir. Boshqa birorta jonzot ulovga minmaydi.
  • Inson – dengiz, ummonda yurish uchun kema yasay oladigan yagona jonzotdir. Boshqa birorta jonzot kema yasay olmaydi.
  • Inson – havoda uchish uchun samolyot yasay oladigan yagona jonzotdir. Boshqa birorta jonzot samolyot yasay olmaydi.
  • Inson – kosmosga chiqish uchun fazo kemasi yasay oladigan yagona jonzotdir. Boshqa birorta jonzot kosmik kema yasay olmaydi.
  • Inson – gapira oladigan, til o‘rgana oladigan, o‘sha til orqali boshqalar bilan gaplashib, fikrini bayon eta oladigan yagona jonzotdir.
  • Inson – yozishni o‘rganib, fikrini qog‘ozga tushira oladigan yagona jonzotdir. Boshqa jonzotlar qalam ushlashni, yozishni bilmaydi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda insonni ikrom qilib qo‘yganini bir necha oyatlarda bayon qilgan. O‘sha oyatlarni birma-bir keltirib o‘tamiz.

  يَا بَنِي آدَمَ قَدْ أَنزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاساً يُوَارِي سَوْءَاتِكُمْ وَرِيشاً وَلِبَاسُ التَّقْوَىَ ذَلِكَ خَيْرٌ ذَلِكَ مِنْ آيَاتِ اللّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ

“Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar”. (Libosning zaruri avratni pinhon tutadiganidir. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa a’zolarini ham to‘sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Xuddi shunday–libosni o‘z o‘rnida, ya’ni, shariatga muvofiq iste’mol qilgan inson ziynatli hisoblanadi. Ammo eng asosiy libos–taqvo libosi.) (A’rof surasi, 26-oyat).

 

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُم مِّنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِّمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلاً

“Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik”. (Alloh taolo quruqlikda ham, dengizda ham inson bolasi uchun turli ulovlarni yaratib, shunga binoan qonun-qoidalarni joriy qilib qo‘ydi. Bu ham Alloh odam bolasini azizu mukarram qilganidandir. Afzallikda unga yaqin kela oladigan maxluqot olamda yo‘qdir. Barcha maxluqotlar odam bolasi uchun beminnat xizmatkordir. Lekin bu afzallikning javobgariligi ham bor. Qiyomat kuni har bir berilgan afzallik va ne’matlardan so‘raladi. Hisob-kitob qilinadi.) (Isro surasi, 70-oyat).

الرَّحْمَنُ عَلَّمَ الْقُرْآنَ خَلَقَ الْإِنسَانَ عَلَّمَهُ الْبَيَانَ

“Rohman. Qur’oni o‘rgatdi. Insonni yaratdi. Unga bayonni o‘rgatdi” (Rohman surasi, 1-4-oyatlar).

 

اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ خَلَقَ الْإِنسَانَ مِنْ عَلَقٍ اقْرَأْ وَرَبُّكَ الْأَكْرَمُ الَّذِي عَلَّمَ بِالْقَلَمِ عَلَّمَ الْإِنسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ

“Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi. U insonni alaqdan yaratdi. O‘qi! Va Robbing eng karamlidir! U qalam bilan ilm o‘rgatgandir. U insonga u bilmagan narsani o‘rgatdi” (Alaq surasi, 1-5-oyatlar).

 

إِنَّا عَرَضْنَا الْأَمَانَةَ عَلَى السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَالْجِبَالِ فَأَبَيْنَ أَن يَحْمِلْنَهَا وَأَشْفَقْنَ مِنْهَا وَحَمَلَهَا الْإِنسَانُ إِنَّهُ كَانَ ظَلُوماً جَهُولاً

“Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiqat, u o‘ta zolim va o‘ta johildir”. (Bu omonat nima edi, degan savolga ulamolarimiz ushbu oyatdan va boshqa manbalardan kelib chiqib: «Shariat takliflari va Allohning farzlari», deb javob beradilar. Darhaqiqat, inson jinsi (hamma emas, albatta) o‘ta zolimdir. O‘ziga yuklatilgan va o‘zi qabul qilgan omonatga muvofiq ish yuritmasdan o‘ziga o‘zi zulm qiladi. Inson jinsi o‘ta johildir, shuning uchun o‘zi rozi bo‘lib, qabul qilib olgan omonatning ulkanligini bilmasdan, unga xiyonat qiladi.) (Ahzob surasi, 72-oyat).

Shu o‘rinda Qur’on haqida shak qiluvchilarga bir savol: “Yuqoridagi oyatlarda aytilgan narsalar – bu narsalar u kishining da’vatlariga xizmat qilmasa, qavmlari ustidan rahbar bo‘lishlariga yordam bermasa yoki ularning muhabbatini qozonishlariga as qotmasa – insonning mukarramligi haqida gapirishga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning nima ehtiyojlari bor edi? Qur’oni Karimda mazkur masalalarning borligi Qur’on Muhammad alayhissalomning emas, Alloh taoloning Kalomi ekaniga dalildir!”

 

 

Abduddoim Kahelning maqolasini

Nozimjon Iminjonov tarjima qildi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ehromda vazelin ishlatish

19.05.2025   5791   2 min.
Ehromda vazelin ishlatish

Cavol: Issiq havoda ko‘p yurish natijasida ayrim odamlarda ikki oyog‘i orasi qizarib, achishadi. Ehromda shunday holatda malham, vazelin kabi narsalar surtsa bo‘ladimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Ehromdagi kishi siz aytgandek holatga tushib qolganda yoki tovoni yorilganda xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi mumkin. Bunda hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi. Agar xushbo‘y malham yoki vazelindan foydalansa, bunda sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. Agar ko‘p marta surtsa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shuning uchun bunday kasallikka duchor bo‘lgan inson imkon qadar xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu haqida fuqaholarimiz bunday deydilar:

وَلَوْ دَاوَى بِهِ جُرْحَهُ أَوْ شُقُوقَ رِجْلَيْهِ فَلَا كَفَّارَةَ عَلَيْهِ ؛ لِأَنَّهُ لَيْسَ بِطِيبٍ فِي نَفْسِهِ إنَّمَا هُوَ أَصْلُ الطِّيبِ أَوْ طِيبٌ مِنْ وَجْهِ فَيُشْتَرَطُ اسْتِعْمَالُهُ عَلَى وَجْهِ التَّطَيُّبِ.

“Ehromdagi kishi jarohat, oyoq yoriqlarini zaytun yog‘i bilan yog‘lasa, zimmasiga hech narsa vojib bo‘lmaydi. Chunki u xushbo‘ylik emas, balki xushbo‘ylik olinadigan narsa yoki bir jihatdangina xushbo‘ylik xolos. Kafforat vojib bo‘lishligi uchun uni xushbo‘ylanish uchun iste’mol qilgan bo‘lishi shart” (“Hidoya” kitobi).

Alloma Kamol Ibn Humom rahimahulloh aytadilar: “Ehromdagi inson yog‘ yoki sirkani yesa, jarohati yoki tovonidagi yoriqlariga surtsa yo qulog‘iga tomizsa, unga hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi” (“Fathul Qodir” kitobi).

 

Mulla Ali al-Qoriy rahimahulloh aytadilar:

 ولو تداوى بالطيب او بدواء فيه طيب غالب ولم يكن مطبوخا فألزقه بجراحته يلزمه صدقة اذا كان موضع الجراحة لم يستوعب عضوا

“Agar xushbo‘y narsa bilan yoki xushbo‘ylik g‘olib bo‘lgan narsa bilan davolansa va ular olovda pishirilgan bo‘lmasa, so‘ng uni jarohatiga yopishtirsa va jarohat bir to‘liq a’zoni tashkil qilmagan bo‘lsa, sadaqa lozim bo‘ladi”. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.