Qur’oni Karim yer ostida suv manbai borligiga ishora qilgan. Bu esa bugungi zamonaviy ilm ham tasdiqlayotgan, isbotlayotgan haqiqatdir. Qur’on nozil bo‘lgan paytlarda biror kishi biz yashayotgan tuproq ostida katta miqdorda chuchuk suv zaxirasi borligini xayoliga ham keltirmagan edi. Olimlar “Yer sathining tagida to‘plangan chuchuk suv miqdori daryo va ko‘llardagi biz ko‘rib turgan chuchuk suv miqdoridan ancha ko‘pdir” deyishyapti.
Agar biz Qur’onni sinchiklab o‘qib chiqsak, unda yer ostida suv zaxirasi borligiga ishora qiluvchi oyatni topamiz. Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan:
وَأَرْسَلْنَا الرِّيَاحَ لَوَاقِحَ فَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَسْقَيْنَاكُمُوهُ وَمَا أَنتُمْ لَهُ بِخَازِنِينَ
“Biz shamollarni urchituvchilar etib yubordik. Bas, osmondan suv tushirib, u ila sizlarni serob qildik. Sizlar uni to‘plab oluvchi emassiz”. (Ya’ni, Biz shamollarni o‘lchov bilan bulutlarni urchituvchi, bir-biriga qo‘shib suv hosil qiluvchi etib yubordik. Asosan, yomg‘irning yog‘ishiga shamollar sabab bo‘ladi. Ular ma’lum qoidalarga ko‘ra esadi. Paydo bo‘lgan bulutlarning bir-birlari ila qo‘shilishlaridan suv hosil bo‘ladi. Ana shundan keyin osmondan suv tushadi, yomg‘ir yog‘adi. Alloh taolo u suv bilan yer yuzini, odamlarni serob qiladi. Deyarli hamma rizq osmondan tushgan shu suvga bog‘liq bo‘ladi. Inson esa, Alloh tayyor holda unga osmondan tushirib bergan suvni to‘plab olishga ham qodir emas. Uni to‘plashni ham buloq, quduq, anhor, yer osti ko‘llari va boshqa vositalar orqali Alloh taoloning O‘zi amalga oshiradi.) (Hijr surasi, 22-oyat).
Alloh taolo shamollarni suvni tushirishga sabab qilib qo‘ydi. Keyin o‘sha suv tuproq orqali yerga singib, yer ostida yig‘iladi. Shunday joylarga yig‘iladiki, u yerda suv uzoq yillar davomida aynimay, buzilmay, ichishga yaroqli holda turadi.
Xo‘sh, qani aytingchi, tuproqqa suvni aynitmaslik xususiyatini kim bergan?
Suvga uzoq yillar davomida aynimaslik xususiyatini kim bergan?
Albatta, Alloh taolo bergan!
Ha, Alloh taolo tuproqqa suvni buzmay toza holda ushlab turish xususiyatini bergan. Olimlarnig aytishicha, bugungi kunda suvlarni tozalashning eng afzal yo‘li ularni yer ostidagi o‘ziga xos omborlarga qo‘yish ekan. Subhanalloh!
www.kaheel7.com saytidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.
Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.
Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.
Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.
U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.
Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.
Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi.
Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.
Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.
Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.
Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.
Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.