Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan 2018 yilda Toshkent shahridan muborak haj ziyoratiga boradigan fuqarolar bilan yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda. Mazkur yig‘ilishlar shahardagi tumanlar kesimida tashkil qilinib, unda Toshkent shahar Haj va Umra hay’ati mas’ullari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari qatnashmoqda.
Uchrashuvlarda muborak ziyoratning mazmun-mohiyati, safarga borish bo‘yicha tartib qoidalar tushuntirilib, zarur tavsiyalar berilmoqda. Xususan, haj mavsumi yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelishi, mazkur safarga yoshi ulug‘ fuqarolarimizning borishi qolaversa, aksariyat ziyoratchilarning ilgari xorijga chiqmaganligini inobatga olib, ishchi guruhlari tomonidan to‘liq tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu uchrashuvlar yakunlangach, ziyoratchilar guruhlarga bo‘linib, ularga tayinlangan guruh rahbarlari tomonidan ham zarur tushunchalar berish davom ettiriladi.
Joriy yilda muborak haj mavsumi to‘liq avgust oyida hamda qisman sentyabr oyiga to‘g‘ri keladi.
Maqsud Karimov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ هِشَامِ بْنِ عُرْوَةَ، عَنْ أَبِيهِ، فِي قَوْلِ اللهِ تَعَالَى: ﮋﯓ ﯔ ﯕ ﯖ ﯗ ﯘﮊ، قَالَ: لَا تَمْتَنِعْ مِنْ شَيْءٍ أَرَادَاهُ.
Hishom ibn Urva otasidan rivoyat qiladi:
«Alloh taoloning «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat», degan qavli haqida: «Ikkovi iroda qilgan biror narsadan bosh tortma», dedi».
Sharh: Ya’ni ota-onang sendan xohlagan hech bir narsadan bosh tortmagin. Nimani xohlasalar, «Xo‘p», deb qilib bergin. Faqat bu yerda oldingi qoida, ya’ni Allohga ma’siyat ish bo‘lmasligi shart qilinadi.
Alloh taoloning Isro surasidagi «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat» (24-oyat) degan qavlidan mana shu ma’no kelib chiqar ekan.
Farzand ota-onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U o‘z rahmatini xokisorlik ila ota-onasiga pastlatib, poyandoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh taolodan rahm-shafqat tilab duo qilib turishi lozim.
Ota-onani hurmatlash, e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi Islomga teng ham, yaqin ham kela olmaydi. Ota-onaning hurmati, farzand ustidagi haqqi to‘g‘risidagi oyatlar, hadislar, islomiy hikmatlar, musulmonlar hayotidagi tajribalar dunyo tarixida bu borada misli ko‘rilmagan oliymaqom narsalar ekanligi ma’lum va mashhurdir.
عَنْ هِشَامِ بْنِ عُرْوَةَ قَالَ: قَالَ لِي أَبِي: هَلْ تَدْرِي مَا قَوْلُهُ: ﮋﯓ ﯔ ﯕ ﯖ ﯗ ﯘﮊ؟ أَنْ لَا تَمْتَنِعَ مِنْ شَيْءٍ أَرَادَاهُ.
Hishom ibn Urvadan rivoyat qilinadi:
«Otam menga: «U Zot taoloning «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat» degan qavli nima ekanini bilasanmi? «Ikkovlari iroda qilgan biror narsadan bosh tortma», dedi».
Sharh: Bu rivoyat ham o‘zidan oldingi rivoyatga juda o‘xshash bo‘lishiga qaramay, biz undan avvalgisida yo‘q ma’noni chiqarib olamiz. Bu rivoyatda nasihatni ota o‘z bolasiga qilmoqda. Ha, otalar bolalarini tarbiya qilishda Qur’oni Karim oyatlarini anglatishlari, ota-onani hurmatlash haqida o‘gitlar berishlari oldin o‘tgan azizlarimizning tutgan yo‘llari bo‘lgan. Biz bu borada ham ulardan o‘rnak olishimiz lozim.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.