Samarqandda 19-23 iyun kunlari umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkazilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro tanlovda O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan vakillar ishtirok etayotir. Ilk bor tashkil etilayotgan xalqaro olimpiadada ushbu mamlakatlardan 45 nafar iste’dodli o‘quvchi fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha bilimini sinovdan o‘tkazadi.
20 iyun kuni olimpiada ishtirokchilari Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyiga tashrif buyurib, buyuk astronom haykali poyiga gullar qo‘ydi. Mehmonlarga mazkur maskanning yaratilish tarixi, buyuk bobokalonimiz tomonidan samoni o‘rganish borasidi olib borilgan izlanishlar hamda muzeyda saqlanayotgan noyob ashyolar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Kechki payt Samarqand shahridagi “Mo‘jiza” amfiteatrida xalqaro olimpiadaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. O‘zbekiston nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgani xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. Bu zamindan yetishib chiqqan Al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek singari allomalar o‘z ilmiy izlanishlari, fan olamidagi yangilik va ixtirolari bilan umumbashariyat taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan. Ajdodlarimizning ibratli hayoti, serqirra faoliyati, ilm-fan rivoji yo‘lidagi ishlari bugun ham jahon ahlini hayratga solib kelmoqda.
Buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek ham o‘z davrida ilm-fan homiysi sifatida dunyoning turli mamlakatlaridan olimlarni Samarqandga chorlab, astronomiya, matematika fanlari bo‘yicha muhim tadqiqotlarni amalga oshirgan. Bu qadimiy kentda dastlabki oliy ta’lim dargohi – madrasai oliya tashkil etgan. Unda o‘z davrining yetuk olimlari riyoziyot, handasa kabi aniq fanlar sohasida izlanishlar olib borgan. Birgina “Ziji jadidi ko‘ragoniy” asari Mirzo Ulug‘bekning dunyo astronomiyasi taraqqiyotini belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida tashkil etilgan mazkur xalqaro olimpiada buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, iste’dodli yoshlarni izlab topish va ularni qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilar uchun xorijlik tengdoshlari bilan do‘stona raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi. Nazariy va eksperimental bosqichda o‘tkaziladigan olimpiada ishitirokchilarining bilimi jahonda taniqli ekspertlar, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, nufuzli olimlar tomonidan baholanadi. G‘oliblar va sovrindorlar tashkiliy qo‘mita tomonidan oltin, kumush, bronza medallari, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
O‘zbekistondan qatnashgan xalqaro olimpiada g‘oliblari yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritadi. Mazkur olimpiadani keyinchalik har ikki yilda an’anaviy tarzda o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Tadbir doirasida ishtirokchilarning Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy obyektlarga sayohati, yurtimiz yoshlari hayoti, ta’lim jarayoni bilan ham yaqindan tanishishi, shuningdek, turli madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
– Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada tashkil etilishi bu buyuk alloma ilmiy merosini o‘rganish uchun ham katta imkoniyat yaratdi, – deydi Nazarboyev nomidagi Chimkent kimyo-biologiyaga ixtisoslashgan maktab o‘qituvchisi Aynur Smagulova. – Chunki, bizdagi darsliklarda Mirzo Ulug‘bekning astronomiya fanidagi o‘rni haqida ma’lumotlar keltirilgan bo‘lsa-da, ular juda kam. Bugun Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyi bilan tanishib, ko‘p yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Tadbir doirasida yurtimiz madaniyati va san’ati o‘z ifodasini topgan konsert dasturi namoyish etildi.
21 iyun kuni Samarqand davlat universitetida xalqaro olimpiadaning birinchi bosqichi o‘tkaziladi.
G‘olib HASANOV
Manba: O‘zA
#xabar #haj2025
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati