Bugun Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” (Ko‘kcha) jome masjidida navbatdagi kar-soqovlar bilan “Imonimizni mustahkamlashni xohlaymiz” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasining xotin-qizlar bilan ishlash mutaxassisi Munira Abubakirova, Toshkent shahar hokimiyati ayollar o‘rtasidagi ijtimoiy masalalar mutaxassisi Dilbar Ahmedova, “Islomobod” jome masjidi bosh imom-xatibi Jumanov Abdulhamid domla, “Kar-soqov”lar jamiyati a’zosi Mohira Kubayevalar qatnashishdi.
Ushbu uchrashuvdan maqsad, ularning sof dinimizni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqlarini qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning yolg‘iz emasliklari, jamiyatning barcha qatlami davlatning himoyasida bo‘lishini uchrashuvga kelgan imkoniyati cheklanganlarga yetkazishdir.
Dinimizdagi 40 farz haqida bilganlarini gapirib berish uchun ularni minbarga taklif qilishdi. Ko‘plab ishtirokchilar bu savolga juda oqillik bilan javob berishdi. Hattoki qo‘shimcha o‘qib kelgan ma’lumotlari haqida ham o‘rtoqlashishdi. So‘ngra bu jarayon savollarga ulanib ketdi. E’tiborimizni bir savol o‘ziga tortdi. Endigina 20 yoshni qarshilagan Azizbek Qurbonov qalbini kelganlarga ochib shunday dedi: “Islom dinini mukammal o‘rganishni xohlayman. Bu yil Prezidentimizning qarorlari bilan nogironlarni qo‘llab quvvatlash uchun maxsus oliy o‘quv yurtlarida kvotalar berilishidan xursand bo‘ldim. Xudo xohlasa, Axborot texnologiyalar institutiga kirmoqchiman. Savolim shundan iboratki, Qur’oni karimdagi Baqara surasining 18- oyatini o‘qib to‘g‘risi cho‘chib ketdim, biz kar-soqovlarga hidoyat bo‘lmasmikan? Shu masalaga oydinlik kiritsangiz. Qalbimda imon borligi, Allohga bo‘lgan ishonch kuchli ammo bu oyatni men tushunolmayapman?”, dedi. Bu savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi Munira Abubakirova qo‘yidagicha javob berdilar: “Eng dolzarb bo‘lgan savolni berdingiz, oyatlarni o‘qib boshqacha talqin qilib olayotganlar, ayniqsa, missionerlar bu kabi holatlardan yaxshigina foydalanayotgani bizlarga ma’lum. Nimaniki tushunishga qiynalsangiz, har bir masjidlarimizda imom-xatib domlalarimiz bor ulardan barcha savollaringizga to‘g‘ri-aniq javob olishingiz mumkin. Ushbu savolga keladigan bo‘lsak, “(Ular ma’nan) kar, soqov va ko‘rdirlar. Bas, ular zinhor (hidoyatga) qaytmagaylar” (Baqara surasi, 18-oyat). Bu oyatning kar-saqovlarga umuman aloqasi yo‘q. Ushbu oyat mushriklarga qarata aytilgan bo‘lib, ya’ni ularning karligi – haq gaplarni tinglamasliklari, soqovliklari – haq gapni gapirmasliklari, ko‘rliklari esa haq narsani ko‘rib, tasdiq etmasliklaridir. Inshoalloh Alloh itoatli bandalariga mehribon va shafqatlidir”.
Tadbirga sal keyinroq tashrif buyurgan “Islomobod” jome masjidi bosh imom-xatibi Jumanov Abdulhamid domla esa qatnashchilarga ilohiy kitob Qur’oni karimning “Yusuf” surasi haqida batafsil tushunchalar berib, Qur’oni karim oyatlarining butun insoniyatga manfaati benihoya cheksizligi va biz bandalarga shifo va rahmatligini ta’kidlab o‘tdilar. Va: “Sizlar hozir eshitgan ma’lumotlaringiz tezda esingizdan chiqib ketishi mumkin, shuning uchun ko‘proq kitob o‘qishga harakat qilingizlar. Qandaydir tushunilishi qiyin savollar tug‘ilsa, albatta, yozib qo‘ying-ki, kelgusi uchrashuvimizda ularga oydinlik kiritamiz, inshoalloh. Oldingiga nisbatan, ancha bilim saviyalaringiz oshganidan ko‘nglimiz behad shodlandi. O‘qib o‘rganishga bo‘lgan shijoatingizdan xursand bo‘ldik...” dedilar.
Sof Islom dinini gapirish va eshitish qobiliyatlari cheklangan shaxslarga atroflicha tushunishga beminnat yordam berayotgan mutasaddi rahbarlarning sa’y-harakatlari natijasini ko‘rib haqiqatan “Mashalloh” deymiz. Ular esa siniq ko‘ngillarini shunchalik ko‘tarib, e’tibor berilayotganlaridan mamnunligini va har bir uchrashuvni intizorlik bilan kutishlarini izhor qilishdi.
Nilufar BOZORBOY qizi
Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.
Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.
Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.