Qozog‘istonning Janubiy Qozog‘iston viloyati o‘rniga Turkiston viloyati tashkil etildi. Yangi viloyatning ma’muriy markazi etib Turkiston shahri belgilandi. Chimkent esa respublika miqyosidagi shahar maqomini oldi. Bu haqdagi farmonni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev imzoladi.
Nazarboyev farmonni imzolash marosimidagi nutqida Chimkent Ostona va Olmaota bilan bir qatorda aholisi bir milliondan ko‘proq bo‘lgan shaharlar qatoriga kirganini ta’kidlab o‘tgan.
Qozog‘iston prezidenti yangi tashkil etilgan viloyat yangi ma’muriy vazifalarni sifatli amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarga egaligini aytgan va qabul qilinayotgan qaror muhim tarixiy ahamiyatga egaligini ta’kidlab o‘tgan.
“Chimkent nafaqat bizning mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyalar, texnologiyalar va intellektual zahiralarni jalb qilish markaziga aylanadi. Buning uchun barcha sharoitlar va zarur salohiyat mavjud”, deb aytgan Nazarboyev.
Bundan tashqari, Turkiston shahrini Markaziy Osiyoning gavharlari bo‘lgan Samarqand, Xiva, Buxoro darajasiga chiqarish imkoniyati mavjudligi ham hisobga olingan.
O‘MI Matbuot xizmati
«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti Axborot-resurs markazi fondiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovning «Islom fiqhi asoslari» kitobidan 50 dona hadya qilindi.
Kitobda Islom voqeiy din ekani va barcha zamonu makonlarga mos hamda muvofiq kelishi saodat asrida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar asosida ilmiy asoslab berilgan. Bir misol. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga qozi qilib tayinlaganlarida bunday deganlar: “Agar sen biror muammoga duch kelsang, qanday hukm qilasan?” Shunda u: “Qur’ondan hukm chiqaraman”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar Qur’ondan uning hukmini topa olmasang-chi?” deb so‘radilar. “Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hukm izlayman”, dedi. “Agar Rasulullohning sunnatlaridan ham topa olmasang-chi?” deb so‘raganlarida: “U holda aqlimga suyanib ish tutaman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muozning yelkasiga qoqib: “Rasulullohning elchisini O‘zi rozi bo‘ladigan ishga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yoki u kishi bo‘lmagan vaqtlarda sahobalar tomonidan bunday ijtihodlar ko‘plab sodir bo‘lgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning chiqargan hukmlaridan to‘g‘risini tasdiqlab, xatolarini tuzatib qo‘yar edilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati