Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Londonda musulmonlar mudhish kunni xotirlashdi

20.06.2018   2551   1 min.
Londonda musulmonlar mudhish kunni xotirlashdi

Londonda musulmonlar jamoasiga qarshi 2017 yilda amalga oshirilgan ayanchli jinoyat qurbonlarini xotirlash marosimi o‘tkazildi. Bu haqda "dailysabah" nashri xabar berdi.

Londondagi Finsburg hiyobonidagi masjidga uyushtirilgan terrorchilik hujumida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni xotirlash maqsadida xayriya tadbiri tashkil etilib unda londonlik imom Muhammad Mahmud, London shahri meri Sodiq Xon, Leyboristlar partiyasi yetakchisi Jeremi Korbin, ichki ishlar vaziri Sajid Javidlar ishtirok etgan.

Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda Britaniyada 3 milliondan ortiq musulmonlar yashaydi.


O‘MI Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Duo qilish odoblari bayoni

31.01.2025   235   12 min.
Duo qilish odoblari bayoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

  65 - وَكُونُوا عَوْنَ هَذَا الْعَبْدِ دَهْرًا بِذِكْرِ الْخَيْرِ فِي حَالِ ابْتِهَالِ

Ma’nolar tarjimasi: (Ey ushbu nazmni yodlab uning ma’nolariga e’tiqod qilganlar) tazarru qilgan holatda (Allohga duo qilgan paytlaringda) doimo bu bandaga (ham) yaxshi duo qilish bilan yordamchi bo‘linglar.
 

Nazmiy bayoni:

Bu bandaga ko‘makda bo‘linglar mudom,
Ezgu duolar-la, yolvorgan har dam.


Lug‘atlar izohi:

كُونُوا – oldingi baytdagi خُوضُوا fe’liga atf. Oxiridagi واو ismi.

عَوْنَ – ismi foil ma’nosida kelgan masdar. كُونُوا ning xabari ekaniga ko‘ra nasb bo‘lib turibdi.

هَذَا – muzofun ilayh. Tanbeh harfi bo‘lgan هَ va ismi ishora ذَا dan tarkib topgan lafz. Ushbu ismi ishora bilan yaqinga va yaqinning hukmida bo‘lgan zotga ishora qilinadi. Manzumani o‘qiyotganlarga Nozim yaqinning hukmidadir.

الْعَبْدِ – ismi ishora ذَا dan badal. Bu kalimaning ma’nosi عَبْدُ اللهِ ekani va undan Nozim rahmatullohi alayh o‘zini iroda qilgani birinchi baytning izohida bayon qilingan edi.

دَهْرًا – zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. دَهْرٌ istilohda “ketma-ket keluvchi vaqtlarning yig‘indisi” ma’nosini anglatadi.

بِذِكْرِ – jor majrur عَوْنَ ga mutaalliq. Zikr kalimasining ko‘plab ma’nolari bo‘lib bu yerda “duo qilish” ma’nosida kelgan.

الْخَيْرِ – muzofun ilayh. Bu kalima, aslida, اَخْيَرُ ismi tafzilning hamzasi hazf qilingan shaklidir.

فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.

حَالِ – jor majrur ذِكْرِ ga mutaalliqdir. Hol kalimasi lug‘atda bir narsaning sifati, tashqi ko‘rinishi va umumiy holatiga nisbatan ishlatiladi.

ابْتِهَالِ – muzofun ilayh. Bu kalima lug‘atda qattiq yalinib so‘rashga nisbatan ishlatiladi. Shuning uchun ham o‘zbek tiliga “yolvorish”, “o‘tinish”, “tazarru qilish” kabi ma’nolarda tarjima qilinadi.

Matn sharhi:

O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu asarini yakunlash arafasida o‘quvchilarning xayrli duolaridan umidvor ekanini bayon qilgan. “Yolvorgan har dam” degan so‘zlari bilan duoning eng muhim odoblaridan biriga ishora qilgan. Zero ibodatlarning mag‘zi bo‘lgan duo qilishning ko‘plab odoblari bo‘lib, ularning asosiylari quyidagilardir:


Birinchi odob – ezgu niyat qilish.

Duo qilishda avvalo Alloh taolo yaxshi ko‘radigan va rozi bo‘ladigan ishni ado etish niyat qilinadi. Shu bilan birgalikda barcha hojatlari ravo bo‘lishi Robbisining irodasiga bog‘liq ekanini qalban e’tirof etib duo qiladi. Mazkur sifatga ega bo‘lgan duo, albatta, manfaatli bo‘ladi.

Zero, duo qilishning o‘zi banda uchun so‘ragan narsasi ato etilishidan ko‘ra yaxshiroq bo‘ladi. Chunki Alloh iroda qilgan bandagina duo qila oladi.


Ikkinchi odob – ko‘p duo qilish.

Duo eng ulug‘ ibodatlardan bo‘lgani uchun imkon qadar ko‘p duo qilishga harakat qilinadi. Zero, bandalarni duo qilishga Alloh taoloning O‘zi buyurgan:

“Robbingiz: “Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar”, – dedi”[1].

Ushbu oyatda duo qilishga buyurish bilan birgalikda uni O‘z fazlu marhamati bilan ijobat etishini ham bayon qilgan. Oyatning davomida esa Allohga duo qilishdan kibrlanganlarga qattiq tahdid qilingan. Shuning uchun bandalar hayotlari davomida doimo dunyolariga taalluqli ishlarida ham, dinlariga taalluqli ishlarida ham Alloh taoloning rahmatiga muhtoj ekanlarini izhor qilib borishlari lozim bo‘ladi.

Kattoniy rahmatullohi alayh: “Alloh taolo mo‘minning tilini uzr so‘rashga yo‘naltirgan bo‘lsa, albatta unga mag‘firat eshigini ochgan bo‘ladi”, degan.


Uchinchi odob – tahoratli holatda duo qilish.

Duo ijobati uchun tahoratli holatda bo‘lish shart bo‘lmasa-da, tahoratli holatda duo qilish afzal hisoblanadi.


To‘rtinchi odob – kaftlarning ichki tarafi bilan duo qilish.

Duo ibodat bo‘lganidan unda qilinadigan amallarda shariat ko‘rsatmalariga rioya qilish lozim bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday ko‘rsatma berganlar:

 عَنْ مَالِكِ بْنِ يَسَارٍ السَّكُونِىِّ ثُمَّ الْعَوْفِىِّ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا سَأَلْتُمُ اللَّهَ فَاسْأَلُوهُ بِبُطُونِ أَكُفِّكُمْ وَلاَ تَسْأَلُوهُ بِظُهُورِهَا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ

Molik ibn Yasor Sakuniy Avfiydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar Allohdan so‘rasangiz, kaftlaringning ichlari bilan so‘ranglar, Undan kaftlaringizning orqalari bilan so‘ramanglar”, – dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda kaftning ichi bilan so‘rash ya’ni kaftning ichini yuqoriga qilib duo qilish ta’lim berilgan. Bu hadisning sharhida ulamolar shunday deganlar: qo‘lning ichi bilan duo qilish kishining ehtiyojmandligiga dalolat qiluvchiroq bo‘ladi. Chunki bunday duo qilish go‘yoki qo‘llarini cho‘zib, unga beriladigan narsaga intizor bo‘lib, so‘rab turgan ko‘rinishda bo‘ladi.
 

Beshinchi odob – qo‘llarini baland ko‘tarib duo qilish.

Duo qilishda e’tibor berish lozim bo‘lgan odoblardan yana biri qo‘llarni ko‘tarib duo qilishdir. Bu haqida hadisi sharifda shunday xabar berilgan:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ مَا مِنْ عَبْدٍ يَرْفَعُ يَدَيْهِ حَتَّى يَبْدُوَ إِبْطُهُ يَسْأَلُ اللَّهَ مَسْأَلَةً إِلاَّ آتَاهَا إِيَّاهُ مَا لَمْ يَعْجَلْ قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ وَكَيْفَ عَجَلَتُهُ قَالَ يَقُولُ قَدْ سَأَلْتُ وَسَأَلْتُ وَلَمْ أُعْطَ شَيْئًا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Biror-bir banda to qo‘ltig‘i ko‘rinadigan darajada qo‘llarini ko‘tarib, Alloh taolodan biror narsani so‘rar ekan, agar shoshqaloqlik qilmasa, albatta, Alloh unga o‘sha narsani ato etadi”, dedilar. Shunda (sahobalar): “Ey Allohning Rasuli, uning shoshqaloqlik qilishi qanday bo‘ladi”, – deyishdi. U zot: “So‘radim, so‘radim, menga biror narsa ato qilinmadi”, deydi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbu ko‘rinish ham ehtiyojmandlikka dalolat qiluvchiroqdir.


Oltinchi odob – Allohga hamdu sano bilan boshlash.

Barcha ishlarida Robbisini yodga olib, Unga hamdu sanolar aytib boshlash musulmon kishining odoblaridan hisoblanadi. Shu ma’noda hamdu sano bilan boshlangan duo ijobat qilinishga yaqinroq bo‘ladi.
 

Yettinchi odob – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish.

Duodagi muhim odoblardan biri Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishdir. Bu haqida Ali roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilingan:

عَنْ عَلِيِّ بْنِ أَبِي طَالِبٍ قَالَ كُلُّ دُعَاءٍ مَحْجُوبٌ حَتَّى يُصَلَّى عَلَى مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَّ وَآلِ مُحَمَّدٍ. أَخْرَجَ الطَّبَرَانِيُّ فِي الأَوْسَطِ

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Toki Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va Muhammad alayhissalomning oilalariga salavot aytilmas ekan, barcha duo to‘silgandir”. Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan.
 

Sakkizinchi odob – azmu qaror bilan so‘rash.

Duo qilishda taraddudlanmasdan, “agar xohlasang” deb istisno qilmasdan azmu qaror bilan so‘rash lozim. Bu haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ النَّبِىُّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ لَا يَقُولَنَّ أَحَدُكُمُ اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِى إِنْ شِئْتَ اللَّهُمَّ ارْحَمْنِى إِنْ شِئْتَ لِيَعْزِمْ فِى الدُّعَاءِ فَإِنَّ اللَّهَ صَانِعٌ مَا شَاءَ لاَ مُكْرِهَ لَهُ. رَوَاهُ مُسْلِمُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz hargiz ey Allohim, agar xohlasang meni mag‘firat qilgin, xohlasang menga rahm qilgin demasin. Duoda azmu qarorli bo‘lsin. Albatta, Alloh O‘zi xohlaganini yaratuvchidir, uni majbur qiluvchi yo‘qdir”, – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.

Shunga ko‘ra duo qiluvchi kechirarmikin deb ikkilanmasdan duo qilishi lozim. Solih Murriy rahmatullohi alayh: “(Duo ijobatiga ishora qilib) Kimki ishtiyoq bilan eshikni taqillatsa, albatta, unga ochiladi, – deb ko‘p aytar ekan. Bu gapni eshitgan Robiatul Adaviya unga: “Bu eshik qachon yopiq bo‘lganki, uning ochilishi so‘ralsa”, – deb e’tiroz bildiribdi. Shunda Solih Murriy: “Shayx bilmadi, xotin bildi”, – degan ekan.


To‘qqizinchi odob – qalbi boshqa narsa bilan band bo‘lmasdan duo qilish.

Duo qiluvchining tilida talaffuz qilayotgan so‘zlari bilan qalbi bir xil bo‘lishi, qalbi boshqa narsalar bilan “band” bo‘lmasligi ijobat qilinadigan duoning shartlaridan hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ ادْعُوا اللَّهَ وَأَنْتُمْ مُوقِنُونَ بِالإِجَابَةِ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ لاَ يَسْتَجِيبُ دُعَاءً مِنْ قَلْبٍ غَافِلٍ لاَهٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ijobat qilishiga aniq ishongan holda Allohga duo qilinglar, bilinglarki, g‘ofil (tili talaffuz qilayotgan narsadan boshqa narsa bilan) band bo‘lgan qalbdan Alloh duo qabul qilmaydi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

“Risalatul Qushayriya” kitobida quyidagi rivoyat keltirilgan: “Muso alayhissalom tazarru’ bilan yolvorib duo qilayotgan kishining yonidan o‘tdilar va: “Ey Allohim, agar uning hojatini ravo qilish mening qo‘limda bo‘lganida albatta ravo qilar edim”, – dedilar. Shunda Alloh taolo u zotga: “Men unga sendan ko‘ra mehribonman. Lekin u menga duo qilmoqdayu, biroq qalbi qo‘yida turibdi, Menga duo qilayotgan bandaning qalbi Mendan o‘zgada bo‘lsa duosini qabul qilmayman”, – deb vahiy yubordi. Muso alayhissalom haligi kishiga bu xabarni yetkazdi. Shunda u butun qalbi bilan Alloh taologa astoydil duo qilgan edi, Alloh uning hojatini ravo qildi”.

Shuning uchun duo qiluvchi so‘rovini qalbidan chiqarib duo qilishi lozim.
 

O‘ninchi odob – ijobatiga aniq ishonib duo qilish.

Duoning muhim odoblaridan biri qilayotgan duosi albatta ijobat bo‘lishiga aniq ishonib duo qilishdir. Chunki va’dasiga xilof qilmaydigan Zot ijobat qilishini va’da bergan:

“Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qiluvchi duo qilganda, ijobat qilurman”[2].

Shunga ko‘ra, doimo duo qilishga harakat qilib borish lozim.
 

Davomi bor...

 


[1] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[2] Baqara surasi, 186-oyat.

Maqolalar