Ulamolar niyatni ruhga, amalni jismga qiyoslab, niyat bo‘lmasa amal suratdan boshqa narsa emas, deyishgan. Shu bois, ulug‘lar amalni niyatsiz boshlamaganlar. Islom olamidagi ko‘pgina benazir asarlar “amallar niyatga bog‘liqdir”, “har kimga niyat qilgani bo‘ladi” kabi muborak hadislar bilan boshlanadi. Xususan, asarlari jahon madaniyati va ma’rifati durdonalari bo‘lgan Jaloliddin Rumiy “Ichindagi ichindadir” asari “Olimlarning yomoni amirlarni ziyorat qilgani, amirlarning yaxshisi olimlarni ziyorat etganidir...” hadisi bilan, Shayx ibn Atoulloh Sakandariyning “Hikamul atoiyya” kitobi esa “Toyilish vujudga kelganda umidsiz bo‘lish amalga suyanishning alomatlaridandir” hikmati bilan boshlanadi. Tafakkur qilinsa, bu asarlarning muqaddimasi mohiyati niyat bilan bog‘liq.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Xislatli hikmatlar sharhi” to‘plamini “Bandalariga nafslarini poklashni va xulqlarini sayqallashni farz qilgan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin!” deya boshlaydilar.
Aslida “Bismillohsiz boshlangan ishning oxiri kesikdir” degan hadis ham bandaning niyatiga borib taqaladi. Hayotda kunda, kun ora niyatning naqadar ahamiyatli ekaniga guvoh bo‘lamiz.
Farzandini yolg‘iz boshi bilan voyaga yetkazgan bir opa to‘rt-besh yil oldin “Vaqti-soati kelib, qizimning o‘qishga kirishiga yarab qolar”, deb jamg‘argan pulini savdogarga foiz hisobidan berib qo‘ygan ekan. Qarangki, o‘sha qizning to‘plagan bali davlat hisobidan o‘qiydigan yoki shartnoma asosida ta’lim oladigan guruhning emas, qo‘shimcha shartnoma (super kontrakt) evaziga o‘qiydigan guruhning ro‘yxatida turibdi-da. Opa hisoblab ko‘rsa, o‘tgan yillar ichida puli bolalab-bolalab yetmish millionni “paydo qilibdi”. U sudxo‘r sherigining oldiga shoshdi. Sherik esa bundan ikki-uch yil burun kasodga uchrab, qarzlar botqog‘idan chiqolmay qolgandi. Yorti niyatli opa qanchalik chiranmasin, undan pulini ololmadi. Oqibatda, o‘zi o‘ylagan mezondan daqiqroq va qat’iyroq nizomlarning borligiga, ishning natijasi niyat bilan xayrli bo‘lishiga tan berdi.
Endi mana bu voqeani mulohaza qilaylik:
...Bundan ancha yillar avval bir nikoh o‘qildi. Mulla Do‘stmuhammad domla (Alloh rahmat qilsin) aqdni bog‘lashdan oldin mahrni ikki million etib belgiladilar. Hamma hayratlandi (O‘sha paytda ikki million ancha katta pul edi). So‘ng lafzlarini jamoatga havola etib, ularning izni bilan Alloh rizoligi uchun bir milliondan, Rasuli Akramning (sollallohu alayhi va sallam) rozilik, shodlik va xotirotlari yuzasidan besh yuz mingdan, o‘sha yerda jamlangan va jamlanmagan mo‘minlarning hurmati rioyasidan ikki yuz ellik mingdan kechib yubordilar. Mahr puli ikki yuz ellik ming so‘m qoldi.
Bu voqeadan so‘ng qo‘ldan katta miqdordagi pul boy berilgani uchun kelin bo‘lmishning qarindoshlaridan ba’zilari kuyindi, ammo kelinning o‘zi nikoh arafasida shuncha yaxshilikni qo‘lga kiritibman-a, deb xursand bo‘ldi. U ayol haligacha o‘sha voqeani shukrona, minnatdorchilik bilan eslaydi.
Muslima Husniddin qizi
“(Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar chog‘larida (Allohdan) mag‘firat so‘raydigan kishilar edi” (Oli Imron surasi, 17-oyat).
Sahar vaqti duo qabul bo‘ladigan ulug‘ fursatdir. Luqmoni Hakim o‘g‘liga qilgan nasihatlaridan birida: “Ey o‘g‘lim, xo‘roz sendan chaqqonlik qilib, sahar chog‘ida sen uyg‘onmay turib qichqirmasin”, degan ekan (Abul Barokot Nasafiy. Madorikul tanzil va haqoiqul ta’vil).
Yaqub alayhissalomga farzandlari: “Ey, ota, (Allohdan) bizlarning gunohlarimizni mag‘firat qilishini so‘rang! Albatta, bizlar xato qiluvchilardan bo‘lgan ekanmiz” (Yusuf surasi, 97-oyat) deyishganda, Yaqub alayhissalom: “Albatta, Robbimdan sizlarni mag‘firat qilishini so‘rayman. Albatta, U G‘afur (mag‘firatli) va Rahim (rahmli)dir” (Yusuf surasi, 98-oyat) deb istig‘for aytishni sahar vaqtiga qoldirganlar (Tafsirul Qurtubiy, Tafsir ibn Kasir).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu kechani ibodat bilan o‘tkazardi. Nofe’ rahmatullohi alayhdan sahar vaqti bo‘ldi-mi? deb so‘rardi. Agar ha degan javobni olsa, tonggacha duo va istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lardi (Ibn Abu Xotim rivoyati).
Ibn Jarir rahmatullohi alayh Ibrohim ibn Hatib rahimahullohdan rivoyat qiladi: «Saharda masjid yaqinida bir mo‘minning istig‘for aytaturib: “Allohim buyurding, itoat etdim. Gunohlarimni kechir” deyayotganini ko‘rdim».
Anas ibn Molik roziyallohu anhu “...sahar chog‘larida (Allohdan) mag‘firat so‘raydigan kishilar”ni Allohdan gunohlarini kechirishini so‘rab istig‘for aytuvchilar” deb tavsiflasa, Qatoda roziyallohu anhu: “Ular sahar vaqtida namoz o‘quvchilar”, degan (Tafsirul Qurtubiy).
Alloh taolo boshqa oyatda jannatdagi taqvodor bandalarining sifatini keltirganida ham saharda istig‘for aytuvchilarni alohida vasf etadi: “(Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar. Saharlarda ular (Allohdan) mag‘firat so‘rar edilar” (Zoriyot surasi, 17-18 – oyatlar).
Nabiy alayhissalom qudsiy hadislarning birida: “Albatta, Alloh taolo har kuni kechaning uchdan biri qolganda dunyo osmoniga tushadi va tong otguncha “Tavba qiluvchi bormi? Tavbasini qabul qilaman, istig‘for aytuvchi bormi? Mag‘firat qilib, gunohini kechaman? So‘rovchi bormi, so‘raganini beraman”, deydi”, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan: “Kechaning duo qilish uchun maqbul va duolar tez ijobat bo‘ladigan eng afzal vaqti qaysi?” deb so‘radilar. Shunda Jabroil alayhissalom: “Sahar vaqtidan boshqa paytlarda Arshning larzaga kelganini ko‘rmadim”, dedi (Tafsirul Munir).
“Allohumma anta Robbiy laa ilaha illa anta xolaqtaniy va ana ’abduka va ana ’ala ahdika va va’dika mastato’tu. A’uzu bika min sharri ma sona’tu, abuu laka bi ne’matika alayya va abuu bizambiy fag‘firliy zunubiy fainnahu laa yag‘firuz-zunuba illa anta birohmatika ya Arhamar Rohimiyn”
Allohim! Sen mening Robbimsan. Sendan boshqa iloh yo‘q, faqatgina Sen borsan. Meni Sen yaratding. Shubhasiz, men Sening bandangman. Kuchim yetgani qadar Senga bergan so‘zimda turishga harakat qilyapman. Yo Robbiy, qilayotgan gunohlarimdan Sendan panoh tilayman. Menga lutf etgan ne’matlaringni e’tirof qilaman. Gunohlarimni ham e’tirof etaman. Yo Robbiy! Meni mag‘firat et. Zero, Sendan boshqa meni mag‘firat qiladigan iloh yo‘q.
Alloh taolo gunohlarimizni mag‘firat etadigan, ustimizga fayzu baraka yog‘iladigan qulay fursat – sahar vaqtini g‘animat bilib, uning fazilatidan to‘liq bahramand bo‘lishga intilaylik. Bunda Alloh taolo barchamizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD