Ramazon hayiti – katta shodiyona, xursandchilik va ko‘tarinki ruhda o‘tadigan muborak bayram. Chunki ushbu kun tutgan ro‘zalarimiz qabul bo‘ladigan, Allohning rahmati va fazli mo‘l-ko‘l yog‘iladigan ajoyib palladir. Shu bois hayitda barchamiz xursandchiligimizni, saxovatimizni va yuksak axloqimizni har qachongidan ko‘ra ko‘paytirishimiz zarur.
Hayit – Alloh taoloning mo‘min bandalariga ziyofat kuni, Qur’oni karimda bunday marhamat etiladi: “Albatta, mana shu (jannat ne’matlari) ulkan yutuqning o‘zidir. Bas, aynan mana shunday yutuq uchun amal qiluvchilar amal qilsinlar!” (Soffot surasi, 60-61-oyatlar).
Ramazon ro‘zasidan olgan tarbiyamizning yana bir jihati shu bo‘ldiki, bu oy bizlarga bir-birimiz bilan yanada ahil, totuv bo‘lib yashashni, bag‘rikeng bo‘lishni, faqat o‘zimiz uchun emas, o‘zgalar uchun ham kamarbasta, fidoyi bo‘lishni o‘rgatdi. Chunki yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishida, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yuksalishida bu insoniy fazilatlarning o‘rni beqiyosdir.
Ramazon oyini qanday ixlos, g‘ayrat va sabr bilan o‘tkazgan bo‘lsak, hayit bayramini ham o‘shanday fayzli qilib o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi. Hayitdan maqsad, ko‘ngillarga xushnudlik, nafslarga sevinch, jismga rohat bag‘ishlash, do‘stlar, yaqinlar o‘rtasida muhabbat, qarindoshlar, qardoshlar orasida mehr rishtalarini yangilash, kishilarni bir-birlariga yordam va saxovat ko‘rsatishga chorlashdir.
Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashib, ularni ziyorat qilinsa, qavmu qarindoshlarning holidan xabar olinsa, xursandchiliklar yanada ziyoda bo‘ladi.
Hayit bayramida xursandchilik qilayotgan musulmon shariatda man qilingan ishlardan tiyilish lozim. Chunki bu kunda qilingan xayrli ishlarning savobi ulug‘ bo‘lganidek, noshar’iy ishlarning ham gunohi kattadir. Go‘yo "hayitda ruxsat" degandek turli noshar’iy o‘yin-kulgularga mashg‘ul bo‘lish yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirish yaramaydi. Zero hayit kuni ham musulmon kishining boshqa kunlari singari yaxshilik va xayr-baraka kuni bo‘lishi, gunoh va ma’siyatlar sodir etadigan kun bo‘lmasligi kerak.
Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, istiroxat bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq. Shuningdek, hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonlik belgilaridan biridir. Zero har bir voqea yosh bolaning ongida toshga o‘yilgan naqsh kabi saqlanadi. Bir tanishimiz bunday hikoya qiladi: "Yetmishinchi yillarning boshi... Komfirqa odamlari hayit namozini masjidda o‘qitmaydi. Namozga to‘plangan jamoa nima qilarini bilmay qoladi. Shunda dadam: "Yuringlar, hayit namozini o‘qiydigan joy bor", deydilar. Odamlar dadamga ergashishdi.
...Endigina ko‘cha eshik oldini supurib bo‘lgan onam dadamning erta qaytganidan ajablandi. Dadam shoshilib, qibla tomonga sholcha to‘shadi. Bir zumda hovli odamga to‘ldi. Birov qo‘ynidan joynamoz oldi, birov belbog‘ini yechib yerga soldi. Namoz o‘qildi. Kishilar duo qilib tarqalishdi. Dadam odamlarni kuzatgach, bizga hayitlik berdilar.
Bu voqeadan so‘ng onam ancha vaqtgacha dadamdan xavotirga tushib, sal kech qolsalar, ilhaq bo‘lib, bizni xabar olishga jo‘natardilar. Bu xavotirlarining sababini keyinroq tushundim..."
Alhamdulillah, hozir juma va hayit kunlari emin-erkin ibodat qilib, yaqinlariga hayitliklar ulashayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rib, ko‘nglimiz quvnaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va hazrat Umar roziyallohu anhu hayit kuni birga ketishayotgan edi. Madina ko‘chalarida o‘ynab yurgan bolalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hayitlik so‘rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam:
– Ey Umar, meni bu bolalardan sotib olmaysizmi? – dedilar.
Hazrat Umar roziyallohu anhu yugurib ketdilar va bolalarga go‘sht, bir oz xurmo va mevalar keltirib berdilar. Mamnun bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlariga tabassum yoyildi. ("Tarixul Anbiyo").
Odatda bayramlarda jamiyat axloqi, istak va mayllari, urf-odatlari har qachongidan aniqroq bo‘rtib ko‘rinadi. Shu bois Ramazon oyi davomida bo‘lgani kabi hayit arafasida ham mehr-muhabbat, saxovat, o‘zaro yordam berish, hojatmandlar holidan xabar olish, keksalarni qadrlash va hurmatlarini joyiga qo‘yish, ota-onalarga har qachongidan ko‘ra e’tibor ko‘rsatish, insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni yanada kuchaytirish talab etiladi.
Shuning uchun ham Yaratganga shukronalar aytib, buyuk farz amali Ramazon oyi ro‘zasidan so‘ng Allohning tavfiqi bilan diyorimizga kirib kelgan muborak Ramazon hayiti barchamizga shodlik va hurramlik ayyomiga aylansin, deymiz! Bu kun shodu xurramlik ayyomi, qutlug‘ bayram ekan, uning shukrini ado etish, ushbu muborak kunda hammamizga ardoqli ota-onalarimiz, qavmu qarindoshlarimiz, ulug‘larimiz ziyoratiga borib, ularning duolarini olish, betob, ehtiyojmand kishilar holidan xabardor bo‘lish, yordamga muhtoj kishilar kishilarga qo‘ldan kelganicha xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-birlarimizni hayit bilan muborakbod etish, eski gina-kuduratlarniunutib, silai rahmni va insoniy munosabatlarni tiklab olish va shu tariqa Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga sazovor bo‘lish har bir musulmonning bayram kunlaridagi eng savobli amallari sanaladi. Bu kunlarni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarimizni eslash, ularning ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal, lekin bular hayit bayrami shukuhiga ta’sir qilmasligi lozim.
Alloh taolo Ramazon hayitini barchalarimizga muborak qilsin! Bayramning sharofatidan mustaqil Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning ahil-inoqligi, birdamligi, hamjihatligi yanada mustahkam bo‘lishini va ikki dunyo saodatini nasib aylasin! Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin, yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligini bardavom, xalqimizni yanada farovon bo‘lishini nasibu ro‘zi aylasin.
Odiljon NARZULLAYEV,
Yangiyo‘l tumani “Jome’” jome masjidi imom-xatibi
Oila bu – katta jamiyatning kichik bir bo‘g‘ini bo‘lib, Islom dinida juda ham katta qadr-qimmatga ega bo‘lgan ne’matlardan hisoblanadi. Shu bilan birga xalqimizning milliy urf-odatlari va qadriyatlari ham oilani muqaddas deb e’zozlaydi.
Lekin, bugunga kelib ushbu qadr-qimmat, urf-odat va milliy qadriyatlarga nisbatan biz musulmonlar orasida befarqlik va layoqatsizlik ortib bormoqda. Buni hozirgi kundagi oilalar buzilishi va ajrimlar to‘g‘risidagi “statistika” malumotlaridan ham bilsak bo‘ladi. Bu juda ham achinarli va ta’bir joiz bo‘lsa uyatli holat ham hisoblanadi.
Ajrimlarning ko‘payishi, o‘lim sababli oilalarning buzilishi nafaqat jamiyatga zarar yetkazadi, balki bevosita beva ayollarning va bolalarning hayotiga ham salbiy tasir ko‘rsatadi. Shu bilan birga yetimlarni asrash va ularga tegishli mol-mulkni boshqarish bo‘yicha noto‘g‘ri yondashuvlar kuzatiladi.
Oilaning mas’ul shaxslari esa, islom shariatining zimmalariga yuklatilgan huquq va majburiyatlariga befarqligi va uni o‘rganishga rag‘batining yo‘qligi bugungi kunda yetim va tirik yetim bo‘lgan bolalar va beva qolgan ayollar haq-huquqlarining poymol bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Bilamizki, islom dini mehr-muhabbat va muruvvat dini bo‘lib, o‘z o‘rnida yetimlar va beva ayollarning ham haq-huquqlarini e’tibordan chetda qoldirmagan. Shunday ekan, musulmonlar bular ham muhim vazifalari ekanini unutmasliklari lozim.
Yetim bolalar va beva ayollar haq-huquqlariga adolat bilan yondoshish kerakligi to‘g‘risida ham Qur’oni Karim va hadisi shariflarda bir qancha eslatmalar va bunga rioya qilganlarga ulkan ajr va bir qancha va’dalar bor.
“Yetimning moliga to voyaga yetguncha yaqinlashmang. Magar yaxshi yo‘l bilan bo‘lsa, mayli” [1] (An’om 152).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam quyidagi hadislarida: “Adolatli bo‘lgan kishi Qiyomat kuni Allohning Arshi soyasida bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Yana boshqa hadisda: “Beva va miskinlarning holidan xabar olish jihod yo‘lida urinish yoki kechalari qoim va kunduzlari soim bo‘lish kabi savoblidir” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) [2].
Endi ushbu muammoga fiqhiy kitoblarimizdagi ko‘rsatmalar bilan tanishib chiqaylik. Demak, mavzuimiz ostidagi masalalar:
Erning o‘limidan keyin ayol va bolaning merosdagi huquqlari;
Voyaga yetmagan bolaning molini tasarruf qilish;
Taloq qilingan ayol va bolaning nafaqasi yohud bugungi kunda ajrashgan erning zimmasidagi “aliment” masalasi;
Eri g‘oyib bo‘lgan ayolning nafaqasi;
Erning o‘limidan keyin ayol va bolaning merosdagi huquqlari;
Hozirgi kundagi jamiyatimiz ba’zi a’zolari orasida ushbu masala yetarlicha ijobiy hal qilinmasdan kelinmoqda. Masalan: er vafot etsa uning ayoli va bolalari ba’zi holatlarda erning johil yaqinlari tarafidan uyidan chiqarib yuboriladi va natijada ayol ota uyiga boradi. Vaholanki u uyda ham yangasi bo‘ladi. Bu degani ularning ham halovati buzilishiga olib keladi. Qarabsizki, bitta johilning xatosi tufayli ikkita oilada notinchlik kelib chiqadi. Bularning hammasi dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilmaslikdandir.
Birinchidan: eri o‘lgan ayol erining uyida to‘rt oy-u, o‘n kun idda o‘tirishi kerak. Bu Qur’oni karimning "Taloq" surasida bayon qilingan.
Eri o‘lgan ayol taloq qilingan ayoldan idda davrida nafaqa borasida farqli o‘laroq erining molidan nafaqa olmaydi balki merosdan oladigan ulushining hisobiga kun ko‘radi va nafaqasi o‘zining zimmasiga yukalatiladi [3]. Yashash maskani ham iddasi tugagunicha erining uyida bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘lim iddasidagi ayolga nafaqa uchun kunduzi ishlab nafaqa topishiga ruxsat beriladi. Ayolning meros masalasi esa meros ilmida batafsil yoritilgan.
Shu o‘rinda agar ayol homilador bo‘lsa, homilasini tirik dunyoga keltirsa bu bolaga ham ulush ajratiladi. Bordiyu o‘lik holatda tug‘ilsa, u bolaga meros ajratilmaydi [4]. Bu masala ham bugungi kunda katta ehtimol bilan uchrashi mumkin. Bolaning haqlariga kelsak, ming afsuski ba’zi amaki, amma, bobolar hamma narsaga men haqliman, deb o‘ylaydilar.
Lekin bunday emas, mayyitdan qolgan tarikadan (meros) bobo va momo belgilangan haqdan ortig‘ini olisholmaydi modomiki mayyitning bolalari ichida o‘g‘il farzandi bo‘lmasa. Bundan ma’lumki, farzandlarning haqqi boshqalarga nisbatan ko‘proq ekan. Buni unutmasligimiz va ularning haqlarini to‘kis ado qilishimiz lozim. Ularni haqlariga qo‘l uzatishdan saqlanish zarur. Chunki Alloh taolo “Niso” surasi 32-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Albatta, yetimlarning molini zulm bilan yeganlar, qorinlarida olovni yegan bo‘ladilar. Va, shubhasiz, do‘zaxga kiradilar”.
Ushbu oyat tafsirida "Yetimlarning huquqlariga rioya qilish uchta holat sababli vojib bo‘ladi: uning kichikligi, yetimligi va yolg‘izligi", deb keltiriladi [5].
Voyaga yetmagan bolaning molini tasarruf qilish.
Ma’lumki, voyaga yetmagan bola shar’iy va dunyoviy muomalalarda o‘zining molini tasarruf qilishga salohiyatli deb hisoblanmaydi. Shuning uchun uning molini va tasarruflardagi huquqlarini saqlash uchun shariatimiz o‘zining ko‘rsatmalarini batafsil taqdim qilgan. Alloh taolo buni ham ta’limini "Niso" surasida bayon qilgan: “Yetimlarni to nikoh (yoshiga) yetgunlaricha sinab turinglar. Agar ularning esi-hushi joyida ekanini bilsangiz, ularga o‘z mollarini topshiring. U mollarni isrof ila va egalarining katta bo‘lib qolishidan qo‘rqib shoshilib yemang. Boy bo‘lganlar iffatli bo‘lsinlar. Kim kambag‘al bo‘lsa, to‘g‘rilik bilan yesin. Ularga o‘z mollarini topshirayotganingizda guvohlar keltiring. Hisobchilikka Allohning O‘zi kifoya qilur” [6].
Bu oyatda ko‘zda tutilgan yetimning tasarrufiga haqli kishilar uning bobosi, amakisi va boshqa valiylari bo‘lishi mumkin. Shunday ekan yetimlar, bevalar haqqiga hiyonat qilayotganlar Allohdan qo‘rqsinlar.
Taloq qilingan ayol hamda bolaning nafaqasi yohud bugungi kunda ajrashgan erning zimmasidagi “aliment” masalasi.
Taloq qilingan ayolning nafaqasi bu uning islom shari’ati belgilab bergan erning zimmasidagi haqqi hisoblanadi. Bizning holatimizdagi muammolardan biri shuki, bir ayolni eri taloq qilsa, uydan haydab solish yoki ayol shoshqaloqlik qilib erining uyidan chiqib ketish holati bo‘lib, bu islom shari’ati ko‘rsatmalariga ochiqchasiga amal qilmaslikdir.
Aslida qanday bo‘lishi kerakligi fiqhiy kitoblarimizning idda boblarida batafsil keltirilgan. Ho‘p, idda tugasa, eri qaytib nikohiga olishi mumkin bo‘lgan holatda nikohiga olmagan bo‘lsa, o‘sha beva ayol va agar farzandi bo‘lsa uning nafaqasi haqida shari’atimiz ko‘rsatmalari qanday?
Er ayoli bilan ajrashmagan holatda ayoli hamda bolalarining nafaqasi erning zimmasiga vojibdir. Nafaqaning vojib bo‘lishida ayolning muslima yoki kofira bo‘lishining ahamiyati yoq. Lekin ajrashgandan keyin ayolning iddasi tugagunga qadar nafaqasi ajrim kim tarafdan bo‘lganligiga qarab joriy qilinadi. Bolalarniki esa to ular voyaga yetgunlariga qadar otaning zimmasiga yuklatiladi.
Xo‘sh, nafaqa o‘zi nimalardan iborat bo‘ladi?
Nafaqa oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshpanadan iborat bo‘ladi. Bu quyidagi oyat bilan joriy bo‘lgan: "Rizqi keng kengligidan nafaqa bersin" ("Taloq" surasi 7-oyat), "Ularni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir" ("Baqara" surasi 233-oyat).
Hajjatul vado‘da Rasululloh sollalohu alayhi va sallam ham quyidagi hadislarini aytganlar: "Ularning (ayollarning) oziq-ovqatlari va kiym-kechaklari yaxshilik ila sizlarning (erkaklar) zimmalaringizdadir" [7].
Bugungi kunda qonunlarimizda ham bolalarga otasi tomonidan beriladigan "aliment" to‘lovlariga katta e’tibor berilgan. To‘lovdan bo‘yin tovlagan otaga hatto qamoq jazosi ham belgilangan.
Ota-onalar hamda bolalarning aliment borasidagi huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-qoidalar asosida amalga oshiriladi.
Ularga binoan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Mazkur majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota-onadan sudning hal qiluv qaroriga asosan aliment undiriladi.
Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-onalar o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadning 1 bola uchun – 1/4 qismi; 2 bola uchun – 1/3; 3 va undan ortiq bola uchun yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining 1/3 qismidan kam bo‘lmasligi kerak [8].
E’tibor bersak, yuqoridagi oyatda ham hadisda ham "yaxshilik ila" deyilmoqda. Bundan jerkimasdan, nafratlanmasdan va malollanmasdan berish kerakligi tushuniladi. Ming afsuski, "aliment" pulidan ham qochib yurgan yoki sud uni ko‘p moiqdorda chiqarmasligi uchun turli hil hiylalar bilan kamaytirishga urinayotganlar ham borligining guvohi bo‘lyapmiz. Holbuki, bu nafaqalarni ular kim uchun, faqat o‘z nasllarini davomchilari bo‘lgan farzandlari uchun beryapdilarku!
Eri g‘oyib bo‘lgan ayolning nafaqasi
Yurtimizda bir qancha musulmon erkaklar tirikchilik maqsadida turli hil yurtlarga safar qiladilar. Lekin, achinarlisi shundaki, ba’zi erkaklar uyidagi ahli ayolini ota-onasini esdan chiqarib, asli nima maqsadda ketganini unutib qo‘ymoqda. Yoki nafsiga qul kimsalarning aldoviga ishonib sotilib ketgan yoki oilasi bilan xabarlasholmay, bedarak bo‘lib ketganlari ham bor.
Lekin bularning ham uyida uning nafaqasiga ko‘z tikib turganlar, erini tirik yoki o‘lik ekanini bilolmay, arosatda yurgan ayollar talaygina.
Xo‘sh, shari’atimiz bularga qanday chora ko‘radi? Bu haqida bir qancha masalalar bor. Shulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz.
Shari’ati islomiyada bunday kishiga "g‘oib" deb ishlatiladi. Agar bir kishi g‘oyib bo‘lib qolsa-yu uning birovga berib ketgan omonot moli bo‘lsa, va omonatdor ham omonat molini va ayolni g‘oyibning xotini ekanligini tan olsa, qozi bugungi kunda sud, ana shu moldan g‘oyibning ayoli va bolalariga nafaqa ajratishga buyuradi va bunga bir vakil tayin qiladi. Hatto boshqa manbalarda g‘oibning moli bo‘lmasa, qozi (sud) uning nomiga qarz olishga ham buyuradi [9].
Ha azizlar! bu masalada ham ozgina befarqlik sababli bolalar va ayollarning haqlari poymol bo‘lishi mumkin. Arosatda turgan ayollarning masalasi esa, hali hanuzgacha og‘riqli bo‘lib qolmoqda. Chunki shari’atimiz uning eri o‘lik yoki tirikligi isbotlanmaguncha boshqaga nikohlanishiga ruxsat bermaydi. Shuning uchun ham erkaklar ayollarning ayollik huquqlarini saqlashlari lozim bo‘ladi.
Ushbu muammolarni bartaraf qilish uchun quyidagi ishlarni qo‘llash mumkin:
Huquqiy himoya kuchaytirilishi
Ijtimoiy dasturlarni kengaytirish (yashash joylari, tibbiy xizmat, ta’lim olish imkoniyatlari va hokazo)
Moliyaviy yordam va qo‘llab-quvvatlash (ularni mustaqil hayot kechirishlari uchun kasb-hunar o‘rgatish)
Huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik (zo‘ravonlik kabi ishlarga nisbatan qat’iy javob berish)
Xulosa qilib aytish mumkinki, yetim bolalar va beva ayollarni huquqlarini poymol bo‘lishidan himoya qilish uchun huquqiy himoya, ijtimoiy yordam, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim imkoniyatlari va jamiyat xabardorligini oshirish kabi choralar amalga oshirilishi lozim. Bunda davlat, jamoat tashkilotlari va jamiyatning barcha qatlamlari birgalikda harakat qilishi muhimdir. Bu chora-tadbirlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib hayot sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
Zoirjon JURABOEV,
Toshkent islom instituti talabasi.
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Tafsiri hilol" 2-juz.
[2] Imom Buxoriy, "Adab al-mufrad" 6007-hadis. Imom Muslimning "Sahih Muslim" to‘plamida 2982-hadis.
[3] Ahmad ibn Ali Abubakr Arroziy Al-JAssos Alhanafiy, "Ahkamul Qur’on", Dorul kutubl ilmiyya, Bayrut-1994, 3-juz, 508-bet.
[4] Abdulhamid Mahmud Tohmaz, "Alfiqhul Hanafiy", "Darul qolam", Damashq-2018, 3-juz, 268-b.
[5] Muhammad Amin ibn Abdulloh Alromiy, "tafsir hadaiqul ruh var royhan fi rovabi ulumil Qur’on" "Dar tovqin najah" Bayrut-2001, 33-juz, 34-b.
[6] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Tasfsiri hilol" 1-juz.
[7] [7] Ali Ibn Abubakr Ibn Abdujalil al Farg‘oniy al Marg‘inoniy, "Alhidaya fi sharhil bidayatil muntahiy", "Dar ihyau turos alarobiy", 4-juz, 285-b.
[8] https://uz.wikipedia.org/wiki/Aliment
[9] Abul Hasan Ahmad Ibn Muhammad ibn Ahmad ibn JA’far Alquduriy Alhanfiy, "Muxtasarul quduriy fi fiqhil hanafiy", "Darul kitabul ilmiyya", 1998, 173-b.