Mana, ko‘z ochib-yumguncha yana bir Ramazon oyini adog‘iga yetdik. Muborak oydan olayotgan ma’naviy foydalarimiz kelasi yilning shu kunlarigacha yetgulik.
Imom Ahmad “Musnad”larida Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Ramazon oyida Mening ummatim boshqa hech qaysi ummatlarga berilmagan beshta xislat bilan ne’matlandi..” deb boshlananidan hadisni keltirganlar. O‘sha besh xislatdan beshinchisi haqida U zot (alayhissalom) bunday marhamat qiladilar: “Ramazon oyining oxirgi kechasida u(ro‘zador)larning gunohlari kechiriladi. (Sahobalar): “Yo Rasululloh, u Qadr kechasimi?” deb so‘rashganida, u zot (alayhissalom): “Yo‘q, lekin ishchi qilayotgan ishi bitganida unga haqini beriladi”. Ya’ni, u kecha Qadr kechasi emas, ammo xuddi birovga bir ish buyurilganida u o‘sha ishni bitirgach, haqini o‘talgani kabi, Ramazon oyi tugashi bilan Alloh taolo ro‘zador bandalariga haqlarini beradi – ularning gunohlarini kechiradi. Bu shu dunyodagi mukofot. Oxiratda esa, ro‘zadorlar uchun jannatning maxsus Rayyon nomli darvozasi bor, ular o‘sha darvozadan jannatga kirishadi. Jannatda esa ro‘zadorlarni Alloh taoloning “O‘zim beraman” degan mukofotlar kutib turadi. Siz bilan biz – mo‘minlar Alloh taoloning amriga labbay deb o‘ttiz kun ro‘za tutdik, jismu ruhimizni xatolardan, gunohlardan asramoqqa sa’y-harakat qildik. O‘ttiz kun nafsimiz bilan kurashda bo‘ldik. Endi, inshaalloh, yuqoridagi hadisda va’da qilingan xushxabardan nasibador bo‘lishga umidvor bo‘lib turibmiz.
Ertaga – Arafa! Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon va Qurbon hayitlarining kechasini bedor o‘tkazsa, qalblar o‘ladigan (ya’ni, Allohning zikridan g‘ofil bo‘ladigan va qotib qoladigan) kunda uning qalbi o‘lmaydi”, deganlar.
Hayit kunining tongidan g‘usl qilib , xushbo‘y atirlar sepib va eng go‘zal, yangi yoki toza kiyimlarimizni kiyib namozgohga borish, to hayit namozi o‘qilguncha hech narsa yemaslik sunnat amaldir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon hayiti kuni biror narsa yemay namozgohga bormas va Qurbon hayiti kuni toki hayit namozidan qaytgunlaricha hech narsa yemas edilar.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha hayit namozi vojibdir. Ramazon hayiti namoziga kelishdan oldin taom yeyish, misvok va g‘usl qilish, xushbo‘y atir sepish, eng yaxshi kiyimlarni kiyish va namoz vaqtigacha sadaqai fitrni berish sunnat amallardandir. Masjidga kelgandan so‘ng bomdod namozi ado etiladi. Bomdod namozidan keyin masjidga kelganlar esa hayit namozi o‘qilguniga qadar nafl namozi o‘qimaydilar.
Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilganlar: “Hayit namozi o‘qiladigan kuni shayton “dod” deb yuboradi. Shogirdlari: “Ustoz, sizni kim xafa qildi”, deb qayta-qayta so‘rashsa ham to‘xtamay yig‘layveradi. Oxiri yig‘isining boisini aytadi: “Bir yil harakat qilib, Odam bolalarini yo‘ldan urib, ularga turli gunohlarni qildiruvdim, bari kuyib ketdi. Bir oy tutgan ro‘zasi hurmatiga Alloh ularning barcha gunohlarini kechirib yubordi”, deb javob beradi.
Hayit musulmonlarning aziz bayrami bo‘lgani uchun bu ayyom shodu xurramlik, xursandchilik qilinadigan, keksalar, ota-ona, qarindoshlar ziyorat etiladigan, bemorlar holidan xabar olinadigan, zakot va xayr-ehson ulashiladigan kundir.
Jobir ibn Abdullohdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir musulmonning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan birodarining og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning Qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Qaysi bir banda boshqa bir bandaga yordam qilsa, Alloh taolo unga ham yordam ko‘rsatadi”, deganlar (Termiziy rivoyati).
Hayit arafasida ko‘ni-qo‘shnilarga mehr-muruvvat ko‘rsatish bilan birga moddiy yordamga muhtoj kishilar, ya’ni kam ta’minlangan oilalarga xayr-ehson qilinsa, ularning xonadonlariga ham bayram shukuhi kirib kelgan bo‘ladi.
Hayit kunlari duolar qabul qilinadigan kundir. Bu kunda ko‘p joylarda odamlar urf qilib, to‘p-to‘p bo‘lib qabristonga, azador xonadonlarga borishadi, yig‘i-sig‘i qiladigan ayollar ham bor. Bu ish shar’an durust emas, lekin shunday joylarga bormasangiz, azadorlarning ba’zilari hatto “kelmadi” deb xafa ham bo‘ladi. Bunday noshar’iy amallardan qaytaylik, o‘zimizni ortiqcha bid’at amallardan saqlaylik. Buning o‘rniga Allohning tinchlik, xotirjamlik kabi ne’matlariga shukr qilib, erta tongdan masjidga chiqsak, bomdod namozi va hayit namozini jamoat bilan ado etib, ko‘pchilik bilan qo‘llarimizni duoga ochsak, qalbimizdagi istaklarimizni Yaratgandan so‘rasak, inshaalloh, buning savobi o‘zimizga ham, bizdan umidvor bo‘lib yotganlarga ham yetib boradi.
Alloh taolo barchamizga Ramazon hayitini muborak qilsin. Bu kunni bayram qilib, savobli amallarni ko‘paytirishni Yaratganning o‘zi nasib aylasin. Yurtimiz tinchligini bardavom qilib, xotirjamlikda ibodat qilib borishni hammamizga nasib etsin! Omin.
No‘mon ABDULMAJID tayyorladi.
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar