Bugun, yurtimiz musulmonlari ulkan musibatga, og‘ir judolikka uchradi. Ko‘p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, muhtaram ustoz Anvar qori Tursunov foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar Anvar qori Tursunovning oila a’zolariga, yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Alloh taolo u kishining qilib o‘tgan yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh qilsin. Qoldirgan ilmiy meroslari, mav’izai hasanalaridan xalqimiz ko‘p yillar manfaatdor bo‘lishini muyassar aylasin. Anvar qori Tursunovning oxiratlari obod bo‘lsin.
Ulug‘ olim Anvar qori Tursunovning janozalari Minor jome’ masjidida asr namozidan so‘ng o‘qiladi va Minor qabristoniga dafn qilinadilar.
Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib o‘tgan taqdimot va matbuot anjumani doirasida Markaz hamda Imom Termiziy nomidagi islom instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki ilmiy-ma’rifiy muassasa o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalarni Islom ilmlari va termiziy allomalarning ilmiy merosi asosida ta’lim-tarbiya berish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutadi.
Shuningdek, tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom institutiga markazda nashr etilgan nodir kitob va ilmiy risolalar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati