Avval xabar berganimizdek, yurtimiz qorilari Ramazon oyida bir nechta xorijiy davlatlarda diniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etib, taroveh namozlarini ado etib bermoqdalar. Xususan, hozirgi kunda AQSHda bo‘lib turgan Murodjon qori Kabirov kuni kecha O‘zbekistonning Vashington shahrida joylashgan elchixonasida tashkil etilgan iftorlik tadbirida ishtirok etdi. Murodjon qoriga tadbirda Turikiston – Amerika jamiyati rahbari hamrohlik qildi. Iftorlik dasturxoniga AQSHdagi boshqa elchixona vakillari ham mehmon bo‘ldilar.
Shuningdek, Ukraina davlatida bo‘lib turgan Xudoyberdi qori ham bir qator tadbirlarda ishtirok etmoqda. Jumladan, Ukraina musulmonlari idorasi huzuridagi “al-Mohir” Qur’on yodlash bo‘limi talabalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan Qur’on tilovati musobaqalarida hakam sifatida, qorilarning chiqishlarini baholab bormoqda.
Qorilarimizning xorijdagi safarlari ana shunday samarali davom etmoqda.
Maqsud KARIMOV
O‘MI Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Bugun, 30 iyul kuni poytaxtimizdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida Toshkent Islom institutining modul ta’lim tizimiga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi.
Mazkur ta’lim yo‘nalishiga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek, 4 yil va undan ortiq muddat davomida diniy sohada faoliyat yuritgan imom-xatib va imom noiblari hujjat topshirgan.
Imtihon oldi mutasaddilar tomonidan test imtihonini o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Asosiy e’tibor adolat va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, imtihon jarayoniga soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilotlar vakillari ham jalb etilgan.
Modul ta’lim tizimiga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar quyidagi ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi:
* Ixtisoslik fanlar majmuasi: Qur’oni karim va tajvid, hadis, fiqh, aqoid kabi muhim fanlar;
* Ijtimoiy-gumanitar fanlar majmuasi: O‘zbekiston tarixi, Ma’naviyat asoslari, Milliy g‘oya kabi fanlar bo‘yicha.
Ma’lumot o‘rnida mandat natijalari barcha oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari o‘tkazilgandan so‘ng 3 ish kunida e’lon qilinadi.
Imtihon jarayoniga oid tezkor yangiliklar @qabulmuslimuz telegram kanalida yoritib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati