Bolaligimda, bir sehrli kechada laylak uchib kelishi, u uchib o‘tayotganda inson nimani ushlasa, o‘sha narsa oltinga aylanib qolishi haqidagi rivoyatni eshitganimdagi hayrat va hayajonni hozir ham tasvirlab bera olmayman. Hatto, bir ayol laylakning uchib o‘tishidan cho‘chib ketib, beshikdagi bolasini ushlab, beshik ustiga yopirilgan. Shunda uning bolasi tillaga aylanib qolgan.
Endi bilsam, g‘amxo‘r onalarimiz balki o‘shanda bizga tushunarli bo‘lishi uchun, bizning tilimizga tushib “Laylatul qadr” so‘zidan laylak haqidagi cho‘pchakni, u kecha “ming oydan yaxshi” bo‘lganidan ushlagan narsasi oltinga aylanishi haqidagi rivoyatni to‘qib, shu bilan bizning bu – Buyuk Qadr kechasiga munosabatimizni shakllantirgan, muhabbatu hayratimizni oshirgan ekanlar.
Mana yillar o‘tib, ulg‘aygan bo‘lsakda, qadr kechasi kirib kelayotganda o‘sha laylak haqidagi buvilarimizning rivoyatlari ongimizda bir chaqnab o‘tadi. Ehtimol, bu noto‘g‘ri yondashuvdir. Biroq bolaning qalbiga bu kechaning qadrini muhrlashning bundan zo‘r yo‘lini topolmaysiz. Bugun qadr kechasining mohiyatini to‘liq anglagan bo‘lsakda, bu kechaning qadri bizning ongimizda buvilarimizning o‘sha rivoyatlari bilan jonlalanadi, jozibalanadi. Qalbimiz o‘sha bolaligimizdagidek beg‘ubor, niyatlarimiz pok bo‘lib kechaga kiramiz. Ehtimol o‘zga millat (mamlakat) musulmonlari ongida qadr kechasi bunday go‘zal gavdalanmas?!
Endi Qadr kechasi mohiyatini yana bir bor eslaylik! Avvolo bu kecha oylarning sultoni – Ramazon ichida keladi. Bu kechada Qur’oni Karim to‘lig‘icha nozil bo‘lgan. Quroni karimda uning ming oydan yaxshi kecha ekanligi haqida yozilgan. Ramazon oyi payg‘ambarimiz s.a.v.ga ilk vahiy kelib, “Alaq” surasining dastlabki 5 oyati nozil bo‘lgani, bashariyatga islom dini yuborilgani bilan muqaddas sanalsa, eng muqaddas oydagi bu kecha inson taqdiriga bog‘liqligi bilan – eng buyuk kecha.
Kechaning Qur’oni Karimda keltirilgan arabcha nomi “Laylatul Qadr” bo‘lib “Layl” so‘zi “tun, kecha” ma’nolarini anglatadi. “Qadr” esa “Qadr-qimmat, boho, taqdir, o‘lchov” ma’nolarini bildiradi. Musulmonchilikda inson taqdiri azaldan, Yaratgan tomnidan belgilab qo‘yilganiga imon keltiriladi. Bu kechada Egamiz olamning keyingi yilgi shu kechagacha bo‘lgan taqdirini – hayotning achchiq-chuchugini, pastu balandini belgilaydi. Bu – taqdir kechasi.
Qadr kechasi qachon bo‘lishi aniq aytilmagan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Qadr kechasini ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidan izlang” deganlar. Ulamolar manbalarni tahlil qilib, bu kecha ramazonning 26-dan 27-ga o‘tar kechasi yuz berishiga ittifoq qilganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan bu kecha aynan qaysi kunda yuz berishini so‘rashganida, u zot “Albatta aytardimu, aytsam odamlar boshqa kechalarda namoz o‘qimay qo‘yadilarda” deb javob berganlar.
Yana, Payg‘ambar (s.a.v.)dan qadr kechasida nima bilan mashg‘ul bo‘lish lozimligi to‘g‘risida so‘rashganda, ul zot “Parvardigorim! Sen kechirimli, saxiy zotsan! Kechirishni sevasan! Biz (bandalaring)ni (O‘zing) kechir!” deyish kerakligini aytganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning o‘zlari ramazon oyida va boshqa vaqtlarda mashhur “Robbana, atina...”, yani, “Robbim! Bu dunyoda yaxshilik nasib qil! Oxiratda yaxshilik nasib qil! Do‘zax azobi(ng)dan asra!” duosini eng ko‘p o‘qiganlar.
Bu kechada namoz o‘qish, jo‘shqin ibodat va duo bilan mashg‘ul bo‘lish tavsiya qilinadi.
Hadisi sharifda “Kim qadr kechasini chin ixlos bilan o‘tkazsa, hayoti davomida qilgan barcha gunohlari kechiriladi” deyilgan.
Qadr kechasi – buyuk kecha! Chin dildan bu kechani topaman desak, albatta, uning xususiyatlari bizga ayon bo‘ladi. Xususan, Qadr kechasi boshlanadigan kunning tongida quyosh nuri kuchli bo‘lmaydi, ammo kechaning o‘zi munavvar bo‘ladi. Kechasi havo mo‘tadil bo‘ladi, mayin shabada esadi. Inson qalbi yumshaydi, taskin topadi. Chin dildan toat-ibodat qilganimizda kechaning fazilati va barokoti inganini his qilamiz. Bu kechada osmondan Jabroil (a.s.) boshchiligida son-sanoqsiz farishtalar yer yuziga tushganini, zamin go‘yo ularga torlik qilayotganini, tongga qadar farishtalar bizga salom aytayotganini his qilamiz. Mana shu – qadr kechasi! Bizga momolarimiz “Laylak” rivoyati bilan tushuntirgan, Yaratganning bebaho ne’matlariga noil bo‘linadigan sehrli kecha!
Qadr kechasida duo qilaylik: Parvardigoro! Sen kechirimli, saxiy Zotsan! Kechirishni sevasan! Bizni, o‘tganlarimizni O‘zing avf et! Dunyo va oxiratda yaxshilik nasib qil! Do‘zax azobi(ng)dan asra! Roziligingdan, jannatingdan, didoringdan umidvormiz! O‘zing qulim de!
Muhammadamin NASRIYEV
Toshkent islom instituti xodimi
Xolis fikr
Bir nuroniy tog‘amiz bor. Qarindoshlar yig‘ilib ziyoratiga bordik. Suhbatlashib o‘tirganimizda davradagilar o‘tganlarimizni surishtira ketdi va: “Falonchi bilan pismadonchi qanday qarindosh, pismadonchi bilan falonchi?..” qabilidagi savollarni yog‘dirdi. Tog‘amiz: “Ular ota bir ona boshqa...” va shunga o‘xshash javoblar beraverdi. Qarasak, butun qishloq bir-biriga qarindosh chiqyapti. “Bovalarimiz rosa ko‘p uylangan ekan-da o‘ziyam”, dedi biri malomat qilgan ohangda. Unga javoban tog‘amiz: “U vaqtlarda beva ayol bo‘lmasdi, qaysiki ayolning eri o‘ldimi, erkaklardan biri uylanardi va bolalarini qaramog‘iga olardi”, dedi.
Bu endi o‘tgan zamonning gapi. Hozirgi vaqtda bevalar va yetim-yesirlar davlatimiz himoyasida, ularga erning nima keragi bor!.. Ammo shunchalik ko‘p taqiqlarga, va’z-nasihatlarga qaramay, kimlarningdir ikkinchi xotinga uylanish niyatida yurgani quloqqa chalinib qoladi. Ana shunday damlarda o‘sha erkakni go‘rdan olib go‘rga solishlar boshlanadi: xotinboz, pulmast, suyuqoyoq va hokazolar...
Ehtimol, bu ayblovlarning hammasi ham noto‘g‘ri emasdir. Ammo masalaning yana bir jihati bor: aksar hollarda erining uylanishiga ayolning o‘zi tashabbuskor bo‘ladi. Masalan, ayol bir, ikki farzandli bo‘lganidan so‘ng eri uchun emas, to‘ylarga, hashamlarga borish uchun bezanadi, kamiga shu ishni erining ko‘z o‘ngida qiladi; eriga esa katta o‘g‘liga o‘dag‘aylayotgandek muomala qiladi.
Eri ish buyursa, bajarmaydi; chorlasa, sarkashlik qiladi. Ana shunday choqda er jahl ustida (niyat qilib emas, albatta): “Ha, bir hurmatimni biladigan xotin olmasam”, deb qo‘yadi. Shunda ayol: “Astag‘firulloh, unday demang-ay, xatolarim bo‘lsa, to‘g‘rilab olaman”, demaydi-da, “Qani, bir uylanib ko‘ring-chi!” deb nafsoniyatiga tegadi. Bu gapni bir marta aytish bilan kifoyalanmaydi. Oqibatda erining po‘pisa uchun aytgan o‘sha gapi niyatga aylanadi. Chunki xotini keyingi mojarolarda: “Sizga kim ham tegardi o‘zi”, “Uylanishni sizga kim qo‘yibdi” qabilidagi gaplarni qaytaraverib, o‘zi bilmagan holda erini uylanishga majburlashda davom etadi. Keyin esa buyog‘i ma’lum: er – bevafo, xotin –jabrlanuvchi!
Professor, doktor Ahmad Lutfiy Qozonchining “Payg‘ambarimiz alayhissalomning zavjalari (zavjati mutahhirot)” asarida ushbu masalada nihoyatda ibratli ta’rif keltirilgan: “Abu Salama roziyallohu anhu ko‘z nuri deb bilgan xotinidan boshqa gul hidini hidlamagan edi. Chunki Ummu Salama roziyallohu anho (onamiz) erkak o‘z xotinidan kutadigan barcha go‘zalliklarni unga nisor etardi, natijada ikkinchi xotinga ehtiyoj qolmagandi va ikkinchi nikohning nomi ham aytilmagandi”.
Mushohada qilib ko‘raylik, azizlar, ayollar Ummu Salama onamizdek bo‘lsa, eri o‘zini qanday holda ko‘rishni istaganda, o‘shandek ko‘rinishga harakat qilsa, kunlarini o‘zining kayfiyatiga qarab emas, eriga parvona bo‘lib o‘tkazsa, erkakka ikkinchi xotin tashvishi nima kerak!
Darhaqiqat, taqiqlar, jarimalar, do‘q-po‘pisalar, ayniqsa, ushbu masalada kutilgandek samara bermaydi. Zotan, taqiqlangan meva shirin tuyiladi, deganlaridek, erkaklarning qiziqishini yanada kuchaytiradi, xolos. Hamma gap ayollarning o‘zida – erlarini tezlayvermasa, shuning o‘zi kifoya.
Damin JUMAQUL