Arab tilida gunohni kechirish ma’nosida qo‘llaniladigan "a’fu" va "mag‘firat" so‘zlari Qur’oni karim va hadisi shariflarda bir qancha o‘rinlarda kelgan. Bu ikki so‘z o‘zbek tilida bir so‘z bilan "kechirish" ma’nosini anglatsada, arab tilining o‘zida ikki hil farqli mazmunni ifoda qiladi.
Mag‘firat so‘zi arab tilida "غَفَرَ" fe’li ma’nosida bo‘lib, "kechirish", "yashirish" va "berkitish" ma’nolarini bildiradi.
"A’fu" esa, "عَفا" fe’li ma’nosida bo‘lib, bu ham "kechirish" hamda "jazoni bekor qilish" ma’nolarini anglatadi. Qo‘llanishida bir-biriga yaqin bo‘lsada, "a’fu" "mag‘firat"dan ko‘ra kuchliroq mazmunni ifoda etadi.
Mag‘firat gunohni kechirish bo‘lsa, afu uni kechirish bilan birga bandaning gunoh amallari qatoridan ham o‘chirib, yo‘q qilish va boshqalarning esidan ham chiqarishdir. Yani, Alloh taolo bandaning gunohlarini afu qilishi Qiyomat kunida bandaga bu gunoh eslatilmasligi va amallar ro‘yxatidan ham olib tashlanishini anglatadi. Mag‘firat esa unday emas. Yani, hisob kunida o‘sha gunoh bandaning yodida bo‘ladi, unga eslatiladi, malomat qilinadi, ammo boshqalardan berkitiladi va unga o‘sha ishi uchun jazo berilmaydi.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Oisha roziyallohu anhu Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdam qadrni topsam nima aytishim kerak deganlarida Rosululloh sollallohu alayhi va sallam:
"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي"
deb aytgin deganlar. Ya’ni, "Ey Allohim, sen afu va karim (sifatiga ega zot)san, afuni yaxshi ko‘rasan, meni afu etgin".
Ushbu hadosi sharifda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam duolar qabul bo‘ladigan Qadr kechasida afuni so‘rashni tavsiya qilyaptilar. Shundan ham afuning qanchalik biz gunohkor bandalar uchun zarurligini bilishimiz mumkin. Alloh taoloning bandalarini afu etishi bizga bo‘lgan O‘zining katta ne’matlaridandir.
Ramazon oyida, xususan Qadr kechasi topiladigan ushbu oxirgi o‘n kunlikda Alloh taolo O‘zining Afu sifati bilan barchalarimizning gunohlarimizni afu etishini so‘raymiz.
Sh.Cho‘lponov
TII o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.
Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.
Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.