Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Afu va mag‘firat

8.06.2018   6084   2 min.
Afu va mag‘firat

Arab tilida gunohni kechirish ma’nosida qo‘llaniladigan "a’fu" va "mag‘firat" so‘zlari Qur’oni karim va hadisi shariflarda bir qancha o‘rinlarda kelgan. Bu ikki so‘z o‘zbek tilida bir so‘z bilan "kechirish" ma’nosini anglatsada, arab tilining o‘zida ikki hil farqli mazmunni ifoda qiladi.

Mag‘firat so‘zi arab tilida "غَفَرَ" fe’li ma’nosida bo‘lib, "kechirish", "yashirish" va "berkitish" ma’nolarini bildiradi.

"A’fu" esa, "عَفا" fe’li ma’nosida bo‘lib, bu ham "kechirish" hamda "jazoni bekor qilish" ma’nolarini anglatadi. Qo‘llanishida bir-biriga yaqin bo‘lsada, "a’fu" "mag‘firat"dan ko‘ra kuchliroq mazmunni ifoda etadi.

Mag‘firat gunohni kechirish bo‘lsa, afu uni kechirish bilan birga bandaning gunoh  amallari qatoridan ham o‘chirib, yo‘q qilish va boshqalarning esidan ham chiqarishdir.           Yani, Alloh taolo bandaning gunohlarini afu qilishi Qiyomat kunida bandaga bu gunoh eslatilmasligi va amallar ro‘yxatidan ham olib tashlanishini anglatadi. Mag‘firat esa unday emas. Yani, hisob kunida o‘sha gunoh bandaning yodida bo‘ladi, unga eslatiladi, malomat qilinadi, ammo boshqalardan berkitiladi va unga o‘sha ishi uchun jazo berilmaydi.

Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Oisha roziyallohu anhu Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdam qadrni topsam nima aytishim kerak deganlarida Rosululloh sollallohu alayhi va sallam:

"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي"

deb aytgin deganlar. Ya’ni, "Ey Allohim, sen afu va karim (sifatiga ega zot)san, afuni yaxshi ko‘rasan, meni afu etgin".

Ushbu hadosi sharifda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam duolar qabul bo‘ladigan Qadr kechasida afuni so‘rashni tavsiya qilyaptilar. Shundan ham afuning qanchalik biz gunohkor bandalar uchun zarurligini bilishimiz mumkin. Alloh taoloning bandalarini afu etishi bizga  bo‘lgan O‘zining katta ne’matlaridandir.

Ramazon oyida, xususan Qadr kechasi topiladigan ushbu oxirgi o‘n kunlikda Alloh taolo O‘zining Afu sifati bilan barchalarimizning gunohlarimizni afu etishini so‘raymiz.

Sh.Cho‘lponov

TII o‘qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Xotima

31.01.2025   98   5 min.
Xotima

Bismillahir Rohmanir Rohiym

 -67وَإِنِّي الدَّهْرَ أَدْعُو كُنْهَ وُسْعِي لِمَنْ بِالْخَيْرِ يَوْمًا قَدْ دَعَا لِي

Ma’nolar tarjimasi: Men umrim bo‘yi toqatim yetgancha men uchun biror kun ezgu duo qilgan kishining haqqiga duo qilaman.


Nazmiy bayoni:

Men doimo duoda yetgancha kuchim,
Ezgu duo qilganga meni biror kun.

 

Lug‘atlar izohi:

وَإِنِّي – oltita nasb qiluvchi harflardan biri, ta’kidlash ma’nosida keladi. اِنَّ ga yopishib turgan mutakallim ي uning ismi, jumla xabaridir.

الدَّهْرَ – lug‘atda “zamon”, “asr” va “uzun umr” ma’nolarini anglatadi. Bu yerda Nozim o‘zining umri muddatini iroda qilgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi.

أَدْعُو – noqis muzori’ fe’li. Bu fe’lda faqatgina و ning zammasini sukun qilish qoidasi bor xolos.

كُنْهَ – maf’ul. Bu kalima lug‘atda biror narsaning aslini, g‘oyasini va miqdorini anglatish uchun ishlatiladi.

وُسْعِي – mutakallim ي ga izofa qilingan. Bu kalima lug‘atda “toqat” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

لِ – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.

مَنْ – jor majrur اَدْعُو fe’liga mutaalliq. Bu kalima turli ma’nolarda qo‘llaniladi:

1. Ismi shart. Masalan, مَنْ يَعْمَلْ

2. Ismi istifhom. Masalan, مَنْ أَتَى

3. Ismi mavsula. Masalan, (Haj surasi, 18-oyat);

4. Nakrai mavsufa. Bunga ushbu matnda kelgan مَنْ misol bo‘ladi.

بِ – maf’ulun bihga qo‘shilib kelgan zoida jor harfi.

الْخَيْرِ – jor majrur دَعَاfe’liga mutaalliq.

يَوْمًا – zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Bu kalima ikki xil ma’noda ishlatiladi:

1. Tong otgandan quyosh botguncha bo‘lgan vaqt;

2. Mutlaq vaqt.

Bu o‘rinda ikkinchi ma’noda ishlatilgan.

قَدْ – “tahqiqiya” ma’nosida kelgan.

دَعَا – moziy fe’li, foili مَنْ ga qaytadigan yashirin هُوَ dir.

لِي – jor majrur دَعَا fe’liga mutaalliq.

 

Matn sharhi:

O‘shiy rahmatullohi alayh “men umrim davomida, xususan, ushbu ishimning so‘ngida menga biror marta bo‘lsin, ezgu duo qilgan barcha do‘stlarim haqlariga doimo duo qilib yurishni o‘zimning burchim deb bilaman”, – deya o‘quvchilarining haqlariga duo qilib so‘zlarini yakunlagan.

Alloh taolo O‘shiy bobomizga va to‘g‘ri e’tiqodni yetkazish yo‘lida xizmat qilib o‘tgan barcha ulamolarga mo‘l-ko‘l mukofotlar ato qilib, yotgan joylarini jannat bog‘laridan qilgan bo‘lsin. Bizlarni hidoyatda sobitqadam qilib, go‘zal oqibatga erishish baxtiga muvaffaq qilsin!

Mana shu o‘rinda sharhimiz poyoniga yetdi. So‘ngi so‘z o‘rnida kitobni O‘shiy bobomizning uslublariga ergashib nazm bilan yakunlash ma’qul ko‘rildi:

Amal poyoniga yetganda alhol,
Shukr-la duoga o‘tamiz darhol:
“Robbimiz Sengadir hamdu sanolar,
Rahmatlari cheksiz Oliy Zul jalol”.

 

Bo‘lsin salavotu salom barkamol,
Hoshimiy Nabiyga sohibi jamol.
U zotning sunnatin tutgan jamoa,
Havzi kavsaridan bo‘lgaylar xushhol.


E’tiqod musaffo bo‘lsa qay bir hol,
Sunnat, jamoadan ayrilmoq muhol[1].
Musaffo e’tiqod da’vosi bilan,
Ixtilof-la o‘tgan qancha ahli zol[2].

 

Amal e’tiqod-la bo‘lsa ittisol,[3]
Jonlanar, tashnaga yetgandek zilol.
Yoki tun qo‘ynida yulduzlar aro,
Zulmatni yoritgan to‘lin oy misol.

Sharhimiz cho‘zilib ketdi, ehtimol,
Ammo bari zarur, olmangiz malol.
“Muqiyn”[4] lar safida bo‘lolgan banda,
Dunyo oxiratda ko‘rmagay zavol.

Allohdan yolvorib so‘raymiz shu hol:
O‘shiy bobomizni rahmatingga ol,
Qilgan duolarin ijobat etib,
Oxiratda bergin saodat navol![5]

Qodir Zotga duo qilganda alhol,
Uning quliga ham so‘rangiz iqbol.
Sizlarga saodat tilarman mudom,
Toki mavjud ekan bu tanda majol!

Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin!

Keyingi mavzu:
“Bad’ul amoliy” matni va nazmiy bayoni.

 


[1] Muhol “ilojsiz” ma’nosini anglatadi.
[2] Ahli zol “adashganlar” ma’nosini anglatadi.
[3] Ittisol “birlashish” ma’nosini anglatadi.
[4] An’om surasining 75-oyatiga ishora. “Muqiyn” deganda ishongan narsasini dalillari bilan o‘rgangan kishi tushuniladi.
[5] Navol “in’om” ma’nosini anglatadi.

Maqolalar