(O'zbekistonda diniy ta'lim olishning ahamiyati yohud xorijiy davlatlarda noqonuniy diniy ta'lim olishning xatarlari)
Abdurasul domla Abdullayev
Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti
"Tahfizul Qur'on" kafedrasi katta o'qituvchisi
Inson dunyoga hech narsasiz keladi, so‘ngra hamma narsaga erishish uchun harakat qiladi... Keyin esa hamma narsani qoldirib, hech narsasiz dunyodan ketadi... So‘ngra u hamma narsa uchun hisob-kitob qilinadi.
Alloh taoloning bunday degan so‘zi bor: “Insonga faqat o‘z qilgan harakatlarigina mansubdir. Uning harakatlari yaqqol ko‘rsatiladi. Keyin unga to‘liq mukofot beriladi” (Najm surasi, 39-41 oyatlar).
Aksariyat insonlar, ularga yuklatilgan vazifalarni tark etib, Alloh ular uchun kafolat bergan narsalar bilan mashg‘ul bo‘lib qolishadi.
Hayotingizni ko‘rib chiqing, dunyoviy, foniy ishlar uchun qancha vaqt sarflayapsiz? Oxiratingizga zarur bo‘lgan ishlar uchun qancha vaqt ajratmoqdasiz?
Alloh taolo aytdi: “Kim dunyo mukofotini xohlasa, unga shundan beramiz. Kim oxirat mukofotini istasa, unga shundan beramiz. Va biz shukr qiluvchilarni albatta mukofotlaymiz” (Oli Imron surasi, 145-oyat).
Alloh taolo dunyo ne’matlarini oxirat ne’matlaridan afzal ko‘rganlarni qoralab bunday degan: “Kim dunyo mukofotini istasa, unga beramiz”.
Ya’ni, kimki amallarini faqat dunyoviy manfaatlar uchun qilsa, unga dunyoning bir qismini beramiz, ammo oxiratda unga hech qanday ulush berilmaydi.
Shu bilan birga, Alloh taolo amallarini oxirat mukofoti uchun qilganlarni maqtab aytadi:
“Kim oxirat mukofotini istasa, unga shundan beramiz”.
Ya’ni, kim oxiratdagi buyuk mukofotni istasa, unga shundan beramiz.
Davomida: “Biz shukr qiluvchilarni mukofotlaymiz”, deydi.
Bu oyat shukr qiluvchilarga Allohning mukofotlari haqida va’da.
“Kim shukr qilsa, uni dunyoda ham, oxiratda ham Alloh rozi qiladi va uni ne’matlar bilan siylaydi”
Bu oyat insonlarni dunyo ne’matlariga aldanmaslikka, balki oxirat ne’matlariga ko‘proq intilishga chaqirgan.
Alloh yana bunday degan: “Kim oxirat hosilini istasa, uning hosilini ziyoda qilamiz. Kim dunyo hosilini istasa, unga bir qismini beramiz, lekin oxiratda uning hech qanday ulushi bo‘lmaydi” (Shuro surasi, 20-oyat).
Bu oyatda shukr qilganlarga Allohning rahmati va ularni oxiratda buyuk mukofotlar bilan siylashi haqida aytiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Qiyomat kunida inson to‘rt narsa haqida so‘ralmaguncha ikki qadami siljimaydi:
1. Umrini qanday o‘tkazganligi haqida.
2. Tanasini nimalarga ishlatganligi haqida.
3. Ilmi bilan nimalar qilganligi haqida.
4. Molini qayerdan topganligi va qayerga sarflaganligi haqida”.
Bu hadis insonning hayotidagi har bir amal hisob-kitob qilinishi haqidagi ogohlantirishdir.
1. Umr – insondan, Allohning buyruqlarini qay darajada bajargani va taqiqlaridan saqlangani so‘raladi.
2. Tanasi – agar u Allohning itoati yo‘lida ishlatilgan bo‘lsa, najot topadi, aks holda, halokatga uchraydi.
3. Ilm – inson o‘z bilganiga amal qilib najot topadi, lekin ilmiga amal qilmagan yoki uni tark etgan odam halok bo‘ladi.
4. Mol – inson uni halol yo‘lda topganmi va halol yo‘lda sarflaganmi, deb so‘raladi. Agar molini halol yo‘lda topib, halol ishlarga sarflagan bo‘lsa, najot topadi. Ammo uni harom yo‘llarda topib yoki sarflagan bo‘lsa, halokatga uchraydi.
Bu hadis har bir insonni hayoti va ne’matlari uchun mas’uliyatli bo‘lishga chaqirib, oxiratga tayyorgarlik ko‘rishning zarurligini uqtiradi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV