Har bir mavzuni isbot va dalillar mustahkamlaydi. Imkon boricha maqolamizda hayotiy voqeiylikni aks ettiramiz.
“Dastlab ortiqcha kilogrammlar meni unchalik bezovta qilmagan edi. Kunlarning birida bunday qarasam, ko‘ylagim o‘zimga nihoyatda tor kelib qolibdi... Vaznimni o‘lchab ko‘rsam 15 kg ortib ketgan ekanman. Shundan keyin ... nimalar qilmadim deysiz! Yugurib ham ko‘rdim, parhez saqladim, lekin baribir vaznim tobora ortib ketaverdi. Oradan bir yil o‘tdi. Tashqi ko‘rinishim atrofimdagilarga nisbatan kulgu, goho achinish hissini uyg‘otardi. Vaznimning o‘zgarishi fe’limning o‘zgarishiga ham sabab bo‘ldi. O‘zimning “tasqaraligimni”ni his qila boshladim, bu esa mening jahlimni chiqarar va odamlardan o‘zimni olib qochadigan bo‘lib qoldim. Endilikda vaznim 40 kg ortiq bo‘lib, zinalardan chiqishim ham qiyinlashdi. Yurak ham notekis ura boshladi. Og‘irligim 120 kg, haddan tashqari semirib, yog‘ bosib ketganman, o‘zimni bemor va mutlaqo bebaxt odamdek his qilardim. Shunda so‘ng oyning 13-14-15 va haftaning dushanba, payshanba kunlari ro‘za tutishga odatlandim. Oradan biroz vaqt o‘tib vaznim 80 kg ga tushdi. Ro‘za tutish nafaqat ruhiyatimni, hatto tashqi ko‘rinishimni ham ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ldi” deya ro‘za tutish orqali ko‘rgan foydalarini o‘zgalarga ham tavsiya qildi, singlimiz Nargiza.
So‘nggi yillarda dunyodagi ko‘pgina mamlakatlarda kasalliklarning oldini olish va davolash uchun o‘zini ovqatdan sirish usulidan tobora kengroq foydalanilmoqda. Bu usul o‘ziga xos jihatlarga ega. Eng muhimi, vaqti-vaqti bilan har oyning 13-14-15 kuni yoki haftaning dushanba va payshanba kunlarida ro‘za tutishga odatlanish bir tomondan sunnat amal hisoblansa, ikkinchi tomondan tanamizni sog‘lomlashtirishda asosiy omildir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Milhon ibn Qaysga: “Qachon bir oydan uch kun ro‘za tutadigan bo‘lsang, o‘n uch, o‘n to‘rt, o‘n beshni tut”, dedilar.
Va yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan dushanba va payshanba kunlari ro‘zasi haqida so‘raldi. U zot: “O‘sha kunda tug‘ildim va o‘sha kunda menga Qur’on nozil qilindi”, dedilar.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, sariq kasalligiga chalingan odamlar jigarining tuzilishida ancha salbiy o‘zgarish (kattalashgan yo kichraygan) bo‘lar ekan. Yaqinda ko‘rikdan o‘tganimda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, sariq kasali bilan og‘rigan bo‘lsam-da jigarimning hech bir asoratsiz, yoshimga nisbatan ancha baquvvat va sog‘lomligidan shifokor ham hayratlandi. Bunga guvoh bo‘lgan turmush o‘rtog‘im esa sog‘ligini tiklash maqsadida haftada ikki bor ro‘za tutishni odat qildilar.
Aslida ko‘plab kasalliklar me’yorni bilmaslik orqali paydo bo‘ladi. Ro‘za tutish orqali biz ikki tomonlama foydalarni ya’ni – oxirat savoblari va tanamizdagi ortiqcha bemorliklardan xalos bo‘lamiz, inshoalloh!
Nilufar BOZORBOY QIZI
tayyorladi
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.