Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Saxovat – shukr alomatidir

01.06.2018   53803   7 min.
Saxovat – shukr  alomatidir

Saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardandir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yaxshilik qilishda, saxiylikda, infoq-ehson qilishda saxovatlilarning saxovatlisi edilar. U zotdan biron narsa so‘ralsa, aslo yo‘q  demasdilar.

Kimga  mol - dunyo berilgan bo‘lsa, uni ko‘paytirib, bosib yotmasdan  infoq - ehson, sadaqa yo‘llariga sarf qilishi kerak. Saxiylik najot topishning yo‘llaridandir. Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr - savoblar bo‘lishi xabarini bergan: Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. (Ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda). Alloh o‘zi xohlagan bandalariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazli-karami) keng, bilguvchi zotdir" (Baqara surasi, 261-oyat).

Hazrat Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Nabiy (sallallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shohlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxt, tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi”.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam eng saxovatli Zot edilar. U kishining saxovati oldida boshqa saxovatlar ip esha olmas edi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng yaxshisi, odamlarning eng saxiysi va odamlarning eng shijoatlisi edilar”.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan biror narsa so‘ralganda, hech qachon “yo‘q” demaganlar”.

Saxovat – avvalo, Allohga shukronalik qilishning bir belgisi. Axir, karam bilan saxoni ham Allohing o‘zi bandasiga ravo ko‘ribdimi, buning shukronasi bo‘lishi, ya’ni baxillik qilmaslik kerak-da. Bu to‘g‘risida Alisher Navoiy hazratlari shunday deydilar:

Buki sanga Tengri ato ayladi,

Qism karam birla saxo ayladi.

Judu saxovat chog‘i buxl etmagil,

Shukr zamoni dog‘i buxl etmagil.

Saxovat, alloma Badruddin Ayniyning izohlashicha, "Haqdorga tegishli narsani berish, o‘z molidan hech bir evazsiz sarflashdir. Bu eng ulug‘ chiroyli xulqlardan biri. Baxillik esa buning aksidir".

Saxiyning Allohga yaqinligi masofa ma’nosida emas, balki Allohning rahmati va savobiga yaqinlik ma’nosidadir. Zero, Alloh taolo makon va zamondan pok Zotdir.

Odamlarga yaqin bo‘lishi deganda, ularning muhabbati, hurmati va e’zozi kabi ma’naviy yaqinlik ko‘zda tutilgan. Mazkur o‘rinda ham makon jihatidan yaqinlik maqsad qilinmagan.

Jannatga yaqinlikdan murod masofa bo‘lishi mumkin, bu joizdir. Chunki kishi o‘z molidan Alloh taolo roziligi uchun loyiq joylarga mo‘l-ko‘l sarf qilish bilan jannat yo‘lini tutgan hisoblanadi. Hadisi shariflarda jannat atrofi qi­yinchilik va mashaqqat, do‘zax atrofi esa shahvat va ma’siyat pardalari bilan o‘ralgani aytiladi. Kishi amali tufayli do‘zaxdan uzoq bo‘lib, jannatga yaqin bo‘ladi yoki aksincha.

Insonning jannatga yaqinlashuvi jannat bilan o‘zi orasidagi pardalarni ko‘tarishi demakdir. Xayrli amallar, xususan, Alloh taolo rizosi yo‘lida qilingan sarf-xarajatlar ana o‘sha pardalarni ko‘tarishini olimlar bayon etganlar.

Xabarlarda saxiylik va saxiylar haqida shunday deyilgan: “Saxiy kishining taomi shifodir, baxil odamning taomi kasallikdir”, “Saxiy kishining xatolarini kechiringlar, chunki Alloh taolo har bir qoqilganida uni qo‘lidan tutib turadi”, “Xufyona qilingan sadaqa Allohning g‘azabini so‘ndiradi”.  

Alloh taolo aytadi: Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”. (Baqara surasi, 271-oyat).

Shu tufayli salafi solihlar o‘zlarining sadaqalarini odamlar ko‘zidan yashirishda mubolag‘a qilganlar. Toki sadaqa berguvchining kimligi bilinmasin. Ba’zilari ko‘r kambag‘alni, ba’zilari uxlab yotgan faqirni qidirar, ba’zilari esa faqirlar olishi uchun ular o‘tadigan yo‘lga sadaqalarini tashlab qo‘yishar edi.

Abdulloh ibn Mas’udning mana bu fikrlariga e’tibor bering: “Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq-ehson qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshiroqdir. Agar boylik topsang, uni qurtlarga yem bo‘lmasin yoki qaroqchilar qo‘liga tushmasin, desang, sadaqa qil”. 

Yahyo ibn Muoz aytadi: “Har qanday odamning qalbida saxiyga muhabbat, baxilga nafrat bor”. Hasan Basriy: “Torlik, ziqnalik qilmanglar, aks holda sizlarga torlik qilinadi”, deganlar.

Imom G‘azzoliy aytadi: “Baxillik dunyoga bog‘lanishning mevasi, saxiylik esa zuhdning, ya’ni dunyoga qiymat bermaslik samarasidir. Saxiylik haqiqiy tavhid va tavakkulga erishish natijasidir. Ya’ni sadaqa bilan mol kamayib qolmasligiga, Alloh taoloning birga o‘n barobar qilib qaytarish va’dasiga va rizqni Alloh taolo yetkazishiga ishonchdan saxiylik tug‘iladi. Baxillik shubhadan tug‘iladi. Sabablarga yopishib qolish va Alloh taoloning rizq haqidagi va’dasidan shubhalanish natijasidir”.

Salmon Forsiyning aytishicha, “Agar saxiy kishi vafot etsa, yer hamda odamlarning nomai a’mollarini bituvchi farishtalar bunday deydi: “Ey Rabbim, bandangning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf et!”. Agar vafot etgan kimsa baxil bo‘lsa, ular: “Ey Allohim, bu bandani jannatdan to‘sgil, chunki u bandalaringni Sen uning qo‘liga bergan mol-dunyolardan to‘sgan edi”, deyishadi. 

Saxiylik va baxillikning bir necha darajalari bor. Saxiylikning eng oliy darajasi o‘zining mol-dunyoga hojati bo‘lib tursa-da, qo‘lidagi hamma narsani saxiylik bilan boshqalarga tarqatib yuborishdir. Baxillikning eng yuqori pog‘onasi esa kishining molga hojati bo‘laturib, uni o‘ziga sarflashda baxillik qilishidir. Hazrati Ali aytganlariday, “Boylik ehson qilinsa – izzat, berkitilsa xorlik keltiradi”.

Albatta, Ramazon xayru eh­son oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir”,  deganlar. Shun­ga ko‘ra zakot va nafl sada­qalarni ham Ramazon oyida ado etish yanada fazilatlidir.

Rabbimiz o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi.  Donolar aytganidek, “Aqlning qadri odob bilan, boylik qadri saxovat bilan oshadi”. 

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari Qorayev Muhammadi

 

 

Boshqa maqolalar

Namozni qayta o‘qish kerakmi?

04.07.2025   6102   1 min.
Namozni qayta o‘qish kerakmi?

Savol: Bir birodarimning qalbi notinch bo‘lmoqda. Shu birodarim nomidan ushbu savolni yo‘llamoqdaman. Bomdod namozi vaqtida imomlikka u kishidan boshqa tajvidi yaxshi kishi bo‘lmagani sababli, jamoatga namoz o‘qib bergan. Namozdan so‘ng bavosir kasalligi esiga tushib, tahoratxonaga borib qarasa, kiyimida qonni ko‘rib qolibdi. U qon namozdan oldin chiqqanmi yoki keyin, buni aniq bilolmayapti. Endi o‘qilgan namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, jamoatga: “Namozingizni qayta qazo qilib o‘qib qo‘ying”, deb aytaymi-yo‘qmi, bilmay turibman, deb ko‘ngli notinch bo‘lmoqda. Buning hukmi qanday bo‘ladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kishi kiyimida najosat ko‘rib qolib, uning qachon tekkanini bila olmasa, ko‘rgan vaqtidan boshlab tekkan hisoblanadi. Ammo bu hukm tashqaridan tekkan yoki tashqaridan tegishi ehtimoli bor bo‘lgan najosatlarga tegishli. Agar qon yoki yiring o‘zining badanidan chiqqani aniq bo‘lsa, bunda kiyim najosat bo‘lish bilan birga tahorat ham ketgan bo‘ladi. Ko‘rgan paytda qon yoki yiring qotgan holatda bo‘lsa, u avvalroq chiqqan hisoblanadi. Agar ho‘l holatda bo‘lsa, hozir chiqqan hisoblanadi. Demak, birodaringiz qonni ko‘rgan vaqtda, u ho‘l holatda bo‘lsa, namozni qayta o‘qish shart emas. Agar qon qurib qolgan bo‘lsa, birodaringiz namozni qayta o‘qishi lozim. Jamoatga kelsak, qaraladi, agar ularga aytilsa, fitnaga sabab bo‘lsa, ularga bu haqida aytilmaydi. Balki imom o‘zi qaytib o‘qiydi va istig‘for aytadi. Jamoatning namozi durust bo‘lgan hisoblanadi. Lekin jamoatga bu haqida aytsa, fitna va ixtilof chiqmaydigan bo‘lsa, u holda ularga ham bu haqda aytib qo‘yish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi